Rossiyaning Penza viloyatida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan mikroavtobus yo‘l-transport hodisasiga uchrashi oqibatida 8 nafar o‘zbekistonlik vafot etgani xabar qilingandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, ularning jasadi 13-yanvar kuni soat 06:50 larda Xorazm viloyatidagi “Urganch” xalqaro aeroportiga olib kelindi.

Avvalroq 7 nafar o‘zbekistonlik vafot etganini tasdiqlagan vazirlik, yana bir jarohatlangan fuqaro vafot etganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 8 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzillariga yuborilgan. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan dafn marosimlarini o‘tkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Jarohatlangan yana 1 nafar fuqaro Penza shahridagi kasalxonada, davolanish ishlari yakuniga yetgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilishi ma’lum qilingan. Hozirgi vaqtda kasalxonaga joylashtirilgan fuqaro shifokorlarning qat’iy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, YTH 11-yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Penza viloyatining Nijnelomovskiy tumanida sodir bo‘lgan.

hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 238-moddasi 3-bandi (iste’molchilar xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlash talabiga javob bermaydigan ravishda xizmat ko‘rsatish va ehtiyotsizlik oqibatida ikki va undan ko‘p odamlarning o‘limiga sababchi bo‘lish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.