Samarqand viloyatida ikki nafar soliq inspeksiyasi xodimi pora olishda ayblanib, sudlandi. Bu haqda Sevimli telekanalining “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Samarqand tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimi Bulung‘ur tumanidagi tadbirkorga korxonasining soliq bazasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad va ijtimoiy soliqlardan asossiz hisoblangan qarzdorlikni kamaytirishda yordam berishini aytgan.

Soliqchi buning uchun 1000 dollar talab qilgan. Shundan so‘ng u tadbirkorning 300 million so‘mga yaqin soliq va penya qarzdorligini kamaytirishda Bulung‘ur tumani soliq inspeksiyasi kameral soliq tekshiruvlari shu’basi boshlig‘i lavozimida ishlovchi tanishini sherik qilgan.

Shu’ba boshlig‘i esa korxonaning soliq bazasidagi 281 mln so‘m soliq qarzdorligini taxminan 277 mln so‘mga kamaytirgan va 15 mln so‘m penya hisoblangani haqidagi ma’lumotni hamkasbiga jo‘natgan.

Soliqchi Samarqand shahridagi kafelardan birida tadbirkordan 500 dollar olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida o‘tkazilgan sud majlisida soliq xodimlariga hukm o‘qilgan. Ularning ikkalasi ham Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.