O‘zbekistonda yer qa’ridan foydalanganlik uchun sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktosh bo‘yicha soliq stavkasi qariyb 4 baravar pasaytirildi. Bu soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinishi munosabati bilan qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan.

Dastlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi (IMV) parlamentga yuborgan budjetnomada stavkani ikki baravarga — bir tonna uchun 22,5 ming so‘mdan 11,25 ming so‘mgacha tushirish rejalashtirilayotgani haqida yozilgandi, ammo oxir-oqibat stavka 6 ming so‘mgacha pasaytirildi.

Bundan tashqari, faqat ko‘mirda ishlaydigan sement zavodlari uchun belgilangan pasaytirilgan soliq stavkalari bekor qilindi.

Bozordagi vaziyat

IMVning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda sement ishlab chiqarish quvvati 1,8 baravar — 2019-yildagi 15,1 mln tonnadan 2023-yilda 26,7 mln tonnagacha oshgan. Bu davrda ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga — 10,9 mln tonnadan 15,2 mln tonnagacha oshdi.

O‘zbekistonda bu yillar davomida sementga bo‘lgan talab 1,2 baravar — yiliga 13,8 mln tonnadan 16,5 mln tonnagacha oshgan.

Sement importi deyarli ikki baravar kamaygan — 3,3 mln tonnadan 1,7 mln tonnagacha. 2022-yilda asosan Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan mazkur qurilishi materiali import qilingan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 35 ta sement zavodi (“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 37 ta) faoliyat yuritadi va ularning ishlab chiqarish quvvati 26,7 mln tonnani tashkil etadi (32,7 million). Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat korxonalari sementga bo‘lgan ichki talabning 92 foizini qoplaydi (2019-yilda bu ko‘rsatkich 79 foiz edi).

IMV ma’lumotlariga ko‘ra, 2020−2023-yillarda birjada sementning o‘rtacha narxi yetarli hajm tufayli atigi 4,6 foizga — bir tonna uchun 626 ming so‘mdan 655 ming so‘mgacha oshgan.

2024-yilda zavodlar quvvati 30 foizga yoki 7,9 mln tonnaga — 34,6 mln tonnagacha, ishlab chiqarish hajmi esa 16,7 mln tonnaga (+10 foiz yoki 1,6 mln tonna) oshishi kutilmoqda. Import esa 1 mln tonnagacha qisqarishi kutilmoqda (-57 foiz yoki 800 ming tonna).

Vazirlik mahalliy korxonalar ichki bozordagi talabning 98 foizini qoplay olishini kutmoqda.

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni 4 barobarga kamaytirish to‘g‘risidagi qaror “sement mahsulotlari narxining (mamlakatda qurilish bilan bog‘liq talabning ortishi oqibatida — tahr.) keskin oshishi hamda narxlarning ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik”, shuningdek, “mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijiy sement yetkazib beruvchilar oldida raqobatbardoshligini oshirish” maqsadida qabul qilindi, deya qayd etdi IMV. Misol uchun, Qozog‘istonda sement narxi bir tonna uchun 46 dollar atrofida qayd etilgan, bu esa O‘zbekistondagi narxdan past.

Yirik sement zavodlari

Foto: “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi.Foto: “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi.

“Gazeta.uz” O‘zbekistondagi ayrim korxonalarning bozordagi ulushini bilish uchun ular tomonidan qancha sement ishlab chiqarilayotgani haqida ma’lumot ololmadi.

“O‘zsanoatqurilishmateriali” uyushmasi tahririyatining xabar berishicha, sement zavodlarining loyiha quvvati 32,7 mln tonnani tashkil etadi. Ushbu hajmning chorak qismi (25 foiz) “Qizilqumsement” (5,7 mln tonna), “Bekobodsement” (1,6 mln tonna) va “Quvasoysement” (1,08 mln tonna) ulushiga to‘g‘ri keladi. Eslatib o‘tamiz, ushbu zavodlar Kiprning United Cement Group kompaniyasiga tegishli.

Loyiha quvvatlarining 2,4 mln tonnasi G‘arb sanksiyalari ostida bo‘lgan “Ohangaronsement”ga (egasi — Alisher Usmonovning USM xoldingi kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA hisoblanadi) to‘g‘ri keladi.

Avgust oyida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida xitoylik investorlar tomonidan tashkil etilgan, quvvati 2,5 mln tonna bo‘lgan Toshkent Conch Cement sement zavodi ishga tushirildi. Xitoyning Conch korporatsiyasiga karerlarni qazish uchun 183,3 gektar, korxona qurilishi uchun 34,2 gektar yer berilgan.

Xuddi shu korporatsiya Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Qarshi Conch Cement korxonasida yiliga 1,2 mln tonna quvvatga ega sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

sentabr oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Yangi hayot” massivida Hengyuan Cement xorijiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan yiliga 3 mln tonna quvvatga ega yirik sement zavodi ishga tushirildi. Investor Xitoyning Energy China energetika muhandislik guruhi bo‘ldi.

Xitoylik tadbirkorlar sement ishlab chiqarish bilan bog‘liq boshqa loyihalarni ham O‘zbekistonda, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida amalga oshirmoqda yoki bunday loyihalarda ishtirok etmoqda.

Avvalroq OAV Xitoy so‘nggi yillarda jiddiy ekologik muammolar va shaharlardagi tutun tufayli “ifloslantiruvchi” korxonalarni, jumladan sement va kimyo zavodlarini o‘z hududidan tashqariga faol tarzda olib chiqayotgani haqida yozgandi.

Shu tariqa, O‘zbekistondagi sement zavodlari soliqlarni 4 baravar kamaytirish shaklidagi sezilarli yengillikka ega bo‘ladi, biroq buning natijasida davlat budjeti bir necha 100 mlrd so‘mlik daromaddan mahrum bo‘ladi.

Sement zavodlarining iqtisodiyot va xalq hayotiga ta’siri

Jizzax viloyatidagi sement zavodi yonida yashovchi aholi, 2018-yil sentabr. Foto: Baxtiyor Akromov / “Xalq so‘zi”.Jizzax viloyatidagi sement zavodi yonida yashovchi aholi, 2018-yil sentabr. Foto: Baxtiyor Akromov / “Xalq so‘zi”.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi sement ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar berilishini asoslab, sement zavodlarida minglab odamlar mehnat qilayotgani, soliqlarning kamayishi qurilish ishlari (uylar, ijtimoiy muassasalar, yo‘llar va boshqa obyektlar) tannarxini kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish hisobiga ish o‘rinlari soni va boshqa soliqlar (QQS, daromad solig‘i, ijtimoiy soliq)dan tushadigan tushumlar ko‘payadi, bu esa yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq yo‘qotishlarini qoplash imkonini beradi.

Shu bilan birga, sement ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga ko‘p miqdorda karbonat angidrid, og‘ir metallar ionlari hamda boshqa gazlar hamda changlar chiqariladi. Ushbu chiqindilarning massasi ko‘p hollarda ishlab chiqarilgan sement og‘irligiga deyarli teng hisoblanadi va ekologlar uzoq vaqt davomida bunday ifloslanish atrof-muhitga qanday ta’sir qilishini baholashga harakat qilmoqda. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasining O‘simliklar fiziologiyasi instituti ekologlari sement zavodining daraxtlarga va urug‘larning yashovchanligiga salbiy ta’sirini aniqlagan.

2002-yilda butun dunyo bo‘ylab sement ishlab chiqarish oqibatidagi karbonat angidrid chiqindilari taxminan 1,4 mlrd tonnani tashkil etdi. 2021-yilda bu ko‘rsatkich 2,9 mlrd tonnaga yetdi. Ularning hissasiga global uglerod chiqindilarining 7 foizdan ortig‘i to‘g‘ri keladi, bu dunyodagi barcha yuk mashinalari atmosferaga chiqaradigan chiqindilaridan ko‘proq hisoblanadi.

Stenford universiteti (AQSh) iqlimshunosi Rob Jeksonning qayd etishicha, sement chiqindilari hatto COVID-19 pandemiyasi davrida ham kamaymagan. Sement ishlab chiqarishda nafaqat chiqindilarga olib keladigan juda ko‘p issiqlik talab qiladi, balki kimyoviy jarayonning o‘zi juda ko‘p karbonat angidrid hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ishlab chiqarish jarayonida ohaktosh kalsiy oksidiga aylantirish uchun 1480−1540 darajagacha isitiladi. Bu vaqtda esa ohaktoshdan karbonat angidrid ajralib chiqadi va havoga tarqaladi.

yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i, sement, sement zavodlari, ekologiya

Sement betonning asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, u binolar, yo‘llar va ko‘priklar qurish uchun ishlatiladi. Associated Press keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, sement iste’moli hajmi sayyoradagi har bir kishi uchun kuniga 1 kg dan ortiqni tashkil qiladi. Qurilish materiallarini ishlab chiqarishning yanada ekologik toza usullari uzoq vaqtdan beri mavjud, ammo biznesni qayta qurish keng ko‘lamli o‘zgarishlarni talab qiladi, deyiladi 2022-yilda e’lon qilingan maqolada. Shuning uchun Xalqaro energetika agentligi sement sanoati 2050-yilgacha uglerod emissiyasini nolga yetkaza olmasligini prognoz qilmoqda.

O‘zbekiston Davlat ekologiya qo‘mitasi 2019-yil iyul oyida atmosfera havosi, tuproq va suvga chiqarilayotgan chiqindilari miqdori belgilangan me’yorlardan 40 baravargacha yuqori bo‘lgan korxonalar nomini ma’lum qilgandi. Ular orasida sement zavodlari ham bor edi. O‘shandan beri ekologiyaga mas’ul idora ifloslantiruvchi korxonalar haqida hech qanday xabar bermadi.

2018-yil sentabr oyida Jizzax viloyati aholisi sement zavodi bir necha oydan beri tozalash filtri nosoz holda ishlayotganidan shikoyat qilgandi. Zavod OAVda e’lon qilingan maqolalardan keyingina uskunasini ta’mirlagan.

Andijon viloyatida ham ekologik talablarga javob bermagani uchun sement zavodi ishi to‘xtatilgandi.

Sement zavodlari bo‘yicha turli hududlardagi mahalliy aholidan shikoyatlar kelib tushishi shu kungacha davom etmoqda.

Jamiyat xavf darajasini bilish huquqiga ega

2019-yil sentabrda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi, hujjat bilan 2021-yil 1-yanvardan yangi ishga tushirilayotgan, atrof-muhitga ta’sir qilish xavfi yuqori bo‘lgan korxonalarning havoni ifloslantiruvchi manbalaridan namunalar olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiyalar, ularga qo‘shni hududlarda esa statsionar kuzatuv punktlari (postlari) o‘rnatilishi shart ekani belgilandi. Ularni o‘rnatish korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi kerak edi.

Doimiy avtomatlashtirilgan ma’lumotlar oqimi paydo bo‘lishi bilan sobiq Davlat ekologiya qo‘mitasi O‘zbekistonning ekologik xaritasini ishlab chiqishni rejalashtirgandi, biroq u haligacha ommaga taqdim etilmadi.

Shuningdek, qo‘mita tomonidan sement ishlab chiqarish korxonalari ustidan ekologik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgandi. Hujjat bilan sement ishlab chiqaruvchilarga 2022-yil 1-yanvargacha havo ifloslanishini tahlil qilish uchun avtomatik namuna olish stansiyalari, shuningdek, ularga tutash hududda o‘z mablag‘lari hisobidan statsionar postlar o‘rnatish majburiyati belgilangandi. Ushbu hujjat loyihasining keyingi taqdiri noma’lum.

Ijtimoiy tarmoqlarda soliq bo‘yicha o‘zgarishlar, jumladan, ularning sement ishlab chiqaruvchilar uchun aksiz solig‘ini kamaytirish bo‘yicha qismi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganmi, degan savol ko‘tarildi.

“Gazeta.uz” bu bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga so‘rov yubordi. Tahririyat, shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligidan sement ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyoz yuzasidan izoh so‘radi.

Oktabr oyida Ekologiya vazirligi Ўзбекистон atmosferasini ifloslantiruvchi asosiy sanoat tarmoqlari issiqlik elektr stansiyalari va sement ishlab chiqaruvchi korxonalar ekanligini qayd etgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda keyingi yillarda gazni tejash maqsadida ayrim issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazila boshlandi. 2023-yilda 5407 ta ijtimoiy obyekt, 1147 ta issiqxona va 250 ta zavod ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilishi kutilgandi.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov yaqinda bergan intervyusida bu choralar O‘zbekistonning iqlim yuzasidan Parij kelishuvi bo‘yicha majburiyatlariga zid ekanligini aytdi. “Ekologlar bu fikrga qarshi bo‘lishlari kerak edi. Mayli, gaz yo‘q, boshqa chora yo‘q, lekin avval narxidan qat’i nazar, filtrlar o‘rnatish, ularni tekshirish, keyin ko‘mirga o‘tish kerak edi”, — dedi mutaxassis.