Toshkent shahar IIBB va hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan tezkor-profilaktik tadbirlarning “Dolzarb qirq kunligi” doirasida bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib 6 nafar shaxs ushlandi.

Ushbu shaxslar Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov qilinayotgan jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tarzida jalb etilgan:

  • 1988-yilda tug‘ilgan Islamov Otabek Shuxratovich (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 165-moddasi tovlamachilik; 168-moddasi firibgarlik);
  • 1988-yilda tug‘ilgan Salimbekov Azamat Avazjonovich (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 165-modda 3-qismi, juda ko‘p miqdorda tovlamachilik);
  • 1988-yilda tug‘ilgan Minovarov Shuxrat Akbarovich (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 165-modda 2-qismi, bir guruh shaxslar tomonidan tovlamachilik, 168-modda firibgarlik);
  • 1992-yilda tug‘ilgan Minovarov Shovkat Akbarovich (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 165-modda 2-qismi, bir guruh shaxslar tomonidan tovlamachilik);
  • 1977-yilda tug‘ilgan Urazov Marat Pulatovich (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismi, ko‘p miqdorda firibgarlik);
  • 1992-yilda tug‘ilgan Isaxunov Abduqodir Toxir o‘g‘li (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismi, bezorilik, 168-moddasi firibgarlik).

Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.

“Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxslardan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71−206−45−69, 71−206−49−46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99−370−73−94 telegram raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, — deyiladi xabarda

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bo‘ylab huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.

O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va u bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan Doston Xalilov ushlandi.

Shuningdek, “Salimboy” va “Salimboyvachcha” nomlari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini tanlangan. Jinoyat ishining ayblovi o‘zgartirilib, yanada og‘irroq jazo nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkentda avval ham “kriminal avtoritet” sifatida qamalgan Abbosxon Xodjayev qo‘lga olingan.