Iqlim o‘zgarishiga moslashish va O‘zbekistonning ko‘p energiya sarflovchi iqtisodiyotini karbonsizlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar mamlakatga taraqqiyot maqsadlariga erishish va fuqarolar farovonligini oshirishga yordam beradi, deyiladi Jahon banki guruhi tomonidan e’lon qilingan “Mamlakatdagi iqlim o‘zgarishi va taraqqiyot bo‘yicha hisobot"da (CCDR).

Hisobotda qayd etilishicha, o‘z vaqtida dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l bo‘lgan Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojia O‘zbekistonning aksariyat hududlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun turli qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, ekstremal jazirama, tartibsiz yog‘ingarchilik, chang bo‘ronlari va iqlim o‘zgarishining boshqa oqibatlari odamlar va iqtisodiyotga tobora ko‘proq zarar keltirmoqda, bu esa tabiiy resurslarning tanazzulga uchrashi bilan bog‘liq shundoq ham yuqori bo‘lgan xatarlarni yanada kuchaytirmoqda.

Iqlim o‘zgarishi oqibatlari O‘zbekiston aholisi farovonligiga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. 2030-yilga kelib, mamlakat bo‘ylab shahar va qishloqlarda kamida 8 million kishi iqlim o‘zgarishi xavfi juda yuqori bo‘lgan hududlarda istiqomat qilishi kutilmoqda. CCDR hisob-kitoblariga ko‘ra, agar iqlim o‘zgarishiga moslashish choralari ko‘rilmasa, 2050-yilga borib milliy iqtisodiyot hajmi iqlim o‘zgarishidan zarar ko‘rmagan holatdagi ko‘rsatkichdan 10 foizga kichikroq bo‘ladi. Bu aholi bandligi va uy xo‘jaliklari daromadining sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi.

2060-yilga borib iqtisodiyotni karbonsizlantirish (karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish) rejalari O‘zbekistonda issiqxona gazlari chiqindilarining qariyb 75 foizini tashkil etuvchi energetika sohasiga alohida e’tibor qaratishni talab qiladi. Energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga kamayib borayotgan tabiiy gaz zaxiralariga bog‘liqlikni kamaytirish mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Qazib olinadigan yoqilg‘i turlariga qaramlik ham mamlakatda erta o‘lim va kasalliklarga hissa qo‘shadigan 10 ta asosiy omillar ro‘yxatiga kiruvchi havo ifloslanishiga hissa qo‘shadi.

“Iqlim o‘zgarishi oqibatlariga javoban zarur choralar ko‘rilmasa, O‘zbekiston o‘zining ulkan taraqqiyot maqsadlariga erisha olmaydi hamda iqtisodiyot va xalq farovonligi uchun jiddiy salbiy oqibatlarga duch keladi. Iqlim o‘zgarishi va taraqqiyot bo‘yicha hisobot” iqlim o‘zgarishiga moslashish va karbonsizlashtirish bo‘yicha bir qator shoshilinch choralarni taklif qiladi. Ularning amalga oshirilishi O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonini tezlashtiradi va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi", — deya ta’kidlaydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.

CCDR hisobotida qayd etilishicha, iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar O‘zbekistonga uch tomonlama foyda olib kelishi mumkin. Birinchidan, ular iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan yer degradatsiyasi kabi salbiy oqibatlarning oldini olishga yordam beradi. Ikkinchidan, amalga oshiriladigan chora-tadbirlar natijasida oziq-ovqat xavfsizligi oshirilishi va tabiiy landshaftlar holatining yaxshilanishi kabi iqtisodiy samaralar beradi. Uchinchidan, ularni amalga oshirish issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish kabi ijobiy ekologik oqibatlarga olib keladi.

Hisobotning asosiy tavsiyalari quyidagilardan iborat:

  • Butun iqtisodiyot miqyosidagi islohotlar: Qulay biznes va investitsiya muhiti, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishda asosiy rol o‘ynaydigan xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida joriy islohotlar dasturini jadallashtirish kerak. Iqlim va “yashil” loyihalarni amalga oshirishga yordam beradigan monitoring, hisobot olib borish va ta’sirni baholash mexanizmlarini yaratish tavsiya etiladi. Moliyaviy va investitsiya sohalaridagi tartibga solishning rivojlanishi ekologik loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish va iqlim xavflarini boshqarish uchun ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, uglerod solig‘ini o‘z ichiga olgan atmosferaga chiqindilarni kamaytirish uchun bozorga asoslangan imtiyozlarni joriy qilish tavsiya etiladi.
  • Energetika sektori: O‘zbekistonda “yashil” o‘sish modeliga o‘tish va energiya xavfsizligini mustahkamlash energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etishni, gaz, elektr va issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalarni olib tashlashni hamda gazdan asosan energiya ishlab chiqarish va sanoat sektori uchun foydalanishni talab qiladi. Qayta tiklanadigan energiya manbalarining raqobatbardosh sektorini rivojlantirishni davom ettirish va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga sarmoya kiritish zarur.
  • Suv resurslari va irrigatsiya tizimlarini boshqarish: Iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish uchun O‘zbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish choralarini ko‘rish; iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarni rag‘batlantiradigan qishloq xo‘jaligi siyosatini amalga oshirish (masalan, suv resurslaridan samarali foydalanish); irrigatsiya tizimlarini boshqarishni xususiy sektorga o‘tkazish; suv taqsimotining moslashuvchan mexanizmlarini joriy etish; irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini, shuningdek, suv sarfini hisoblash tizimlarini modernizatsiya qilishni davom ettirish tavsiya etiladi.
  • Qishloq xo‘jaligi va yer boshqaruvi: iqlimga mos qishloq xo‘jaligiga investitsiyalarni jalb qilish uchun yer ijarachilari, jumladan, mahalliy fermerlar huquqlarini kafolatlovchi mexanizmlarni kuchaytirish; tuproqni saqlash amaliyotini takomillashtirish; iqlimga mos qishloq xo‘jaligi miqyosini kengaytirish; hamda yuqoridagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun investitsiya rejasi bilan tasdiqlangan aniq “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish muhim.
  • Havo sifatini yaxshilash, shaharlar rivojlanishi va jamoat transporti: O‘zbekiston havo sifatini yaxshilash bo‘yicha kompleks dastur, “yashil” shahar bosh rejalari va shahar harakatlanish rejalarini ishlab chiqish hamda jamoat transporti xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini oshirishdan sezilarli foyda ko‘radi. Ushbu chora-tadbirlar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi va shaharlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashishiga yordam beradi.
  • Inson kapitalini rivojlantirish: O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarga duch keluvchi eng zaif aholi qatlamlarining manfaatlarini himoya qilish uchun milliy ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishni davom ettirishi kerak. Ta’lim va qayta tayyorlash tizimlari orqali fuqarolarning boshlang‘ich va texnik ko‘nikmalarini oshirish ularni “yashil” iqtisodiyot sharoitida yaratiladigan yangi mehnat yo‘nalishlarida ishlashga tayyorlaydi.

Iqtisodiyotni karbonsizlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun katta investitsiyalar zarur. CCDR hisob-kitoblariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishining O‘zbekistondagi mehnat unumdorligi, yo‘llar va ko‘priklar, chorvachilik va irrigatsiya sektoriga ta’sirini yumshatish uchun taxminan 60 milliard dollar kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, 2060-yilga kelib eskirgan energetika infratuzilmasini almashtirish va energetika sektorini karbonsizlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun taxminan 340 milliard dollar sarmoya kiritish kerak bo‘ladi. Ushbu investitsiyalarning katta qismi xususiy sektor tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

“O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi sohasi va karbonsizlashtirish bo‘yicha maqsadlariga erishish va majburiyatlarini bajarish uchun „yashil“ texnologiyalarga yirik xususiy sarmoyalar yo‘naltirilishi kerak. Bu atmosferaga uglerod chiqindilarini kamaytiradi va iqlim o‘zgarishi oqibatlari sharoitida iqtisodiy barqarorlikni oshiradi”, — deydi Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Vibke Shlyomer. “Buning uchun iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish zarur. Ular mahalliy va xorijiy firma va kompaniyalarga yashil iqtisodiyotga o‘tish yo‘l ochib beradigan imkoniyatlardan foydalanish imkonini beradi”.

Iqlim o‘zgarishiga moslashish va karbonsizlashtirish sohalariga davlat va xususiy investitsiyalarning yo‘naltirilishi mamlakatga ko‘p foyda va yuqori daromad keltirishi kutilmoqda. Masalan, landshaftni boshqarishga kompleks yondashuv va qishloq xo‘jaligida iqlimga mos texnologiyalarning joriy etilishi 10 yil ichida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ishlab chiqarishni 4,6 milliard dollarga oshirish, shuningdek, har yili 1,8 milliard m3 dan ortiq suvni tejash imkonini beradi.

Iqtisodiyotni karbonsizlantirish ham katta foyda keltiradi. CCDR hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023−2060-yillar mobaynida faqat infratuzilma tarmoqlarida bundan ko‘riladigan foyda qiymati 178 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi, jumladan, atrof-muhit ifloslanishi, uy-joy sektori, elektr energiyasi, sanoat va transport sohalaridagi avariyalarsiz 122 milliard dollarlik zararlarning oldi olinsa, qazib olinadigan yoqilg‘i importidan 66 mlrd dollar tejab qolinadi.

Bundan tashqari, karbonsizlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar havo ifloslanishidan kelib chiqadigan kasalliklar tufayli sodir bo‘ladigan o‘lim holatlarini deyarli 90 foizga kamaytirishi, shuningdek, energetika va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida sezilarli miqdorda ish o‘rinlarini yaratishi mumkin.