Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasida birlashgan mintaqaviy havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimini yaratish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, qo‘shma havo mudofaa tizimini yaratish “ikki davlat havo hududini yanada ishonchli himoya qilishni ta’minlaydi”.

“Ushbu shartnomaning ratifikatsiya qilinishi Qirg‘izistonning Rossiya bilan strategik munosabatlarni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqlaydi hamda ikki davlat o‘rtasidagi mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi Japarov matbuot xizmati.

Bir kun avval kelishuv Qirg‘iziston parlamenti tomonidan ham ratifikatsiya qilingan edi. Hujjatga ko‘ra, birlashgan HHM tizimi Rossiyaning Kantdagi aviabazasi yonida joylashtiriladi. Buning uchun 5 gektar yer uchastkasi vaqtincha ajratilgan. Hujjat besh yilga tuzilgan.

“Bu birlashgan HHM tizimi <...> Bu Rossiya uchun ham, Qirg‘iziston uchun ham katta yutuq. Rossiya va Qirg‘iziston ittifoqchilik munosabatlaridan tashqari, biz ham ko‘plab umumiy integratsion birlashmalarning bir qismi ekanligimizni hisobga olsak, bu juda muhim. Albatta, bunday qo‘shma xavfsizlik elementlari juda muhim”, — deya qayd etdi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

12-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qirg‘izistonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Bu Putinning Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudi uni ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ayblab, mart oyida hibsga olishga order berganidan keyin birinchi xalqaro tashrifidir. 13-oktabr kuni u MDH davlatlari rahbarlarining sammitida ham ishtirok etadi.