10-oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-329] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, темир yo‘lda yuklarni mahalliy, eksport va import yo‘nalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar 2024-yil 1-yanvardan bekor qilinadi hamda ularni faqat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etiladi (bundan ikki yoki undan ko‘p xorijiy mamlakatlarning temir yo‘l ma’muriyatlari bilan kelishuvlarga asosan taqdim etilgan chegirmalar mustasno).

2023-yil 1-dekabrgacha temir yo‘llarda yuklarni tashish tariflariga taqdim etiladigan chegirmalar ro‘yxati tasdiqlanadi. 2024-yil 1-yanvardan yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tiladi.

2025-yil 1-yanvardan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish bundan mustasno) ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan temir yo‘l transportida yuk tashish xizmatlariga berilgan chegirmalar Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi.

2027-yil 1-yanvargacha temir yo‘l transporti xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan olib kiriladigan ortish-tushirish ishlari uchun mo‘ljallangan mexanizm va uskunalarga bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

2026-yil 1-yanvargacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarga o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tovarlarni sotish, ijaraga berish, xarid qilish, yetkazish, ish (xizmat)larini bajarishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 20-oktabrdan mahalliy poyezdlar chipta narxlari ko‘tariladi. Xususan, yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50 foizga, “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari esa 100 foizga oshiriladi.