3-oktabr kuni Yevropa parlamenti a’zolari Yevroparlamentning Tashqi ishlar qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston bo‘yicha yirik hisobotni muhokama qildi.

2022-yil iyul oyida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni yakunlagan edi. U 1996-yildagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi amaldagi kelishuv o‘rnini bosadi va tomonlar uning hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini kutmoqda. Hujjat kuchga kirishi uchun u Yevroparlament tomonidan tasdiqlanishi talab etiladi.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston hukumati iqtisodiy o‘sishni atrof-muhitni muhofaza qilish bilan muvozanatlash tarafdori. Yer degradatsiyasi, tuproqning sho‘rlanishi, suv sifatining pasayishi va suv eroziyasi kabi ekologik muammolar dolzarbligicha qolmoqda.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga mo‘ljallangan ko‘p yillik dasturining (2021−2027) dastlabki to‘rt yili (2021−2024) uchun 76 mln yevro, shuningdek, inson huquqlari tashkilotlari va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 7 mln yevro ajratdi.

Hisobotda aytilishicha, Markaziy Osiyo dunyodagi eng jiddiy suv tanqisligidan biriga duch kelmoqda va bu mintaqadagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston aholisining yarmidan sal ko‘pigina toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan, qishloqlarda suv ta’minoti shaharlardagidan ancha past. O‘zbekistonda suv resurslarining 90 foizi qishloq xo‘jaligi, xususan, intensiv paxta yetishtirish hisobiga iste’mol qilinadi. O‘zbekistonni suv bilan ta’minlovchi asosiy ikki manba — Sirdaryo va Amudaryodagi suv oqimi 2050-yilga borib 15 foizga qisqarishi kutilmoqda.

Hisobotda 2022-yil iyul oyida Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan, kamida 21 kishi ning o‘limi, 270 dan ortiq kishining yaralanishiga olib kelgan voqealar esga olinib, “qamoqqa olinganlarning qiynoqlar va shafqatsiz muomalalar haqidagi xabarlari, shuningdek, sovuq qurollardan asossiz foydalanilgani va tinch namoyishchilarni tarqatishda haddan tashqari qattiq choralar” ko‘rilgani qayd etilgan. Asosiy figurant — advokat Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga, boshqa bir qator ayblanuvchilar ham uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston hukumati mamlakatda 10 mingdan ortiq fuqarolik jamiyati tashkiloti faoliyat yuritayotganini aytadi. Biroq fuqarolik huquqlarini himoya qilish guruhlari ushbu tashkilotlarning aksariyati aslida hukumat tomonidan yaratilgan nodavlat tashkilotlar ekanligini ta’kidlamoqda, deya qayd etdi qo‘mita.

Xabarda aytilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilgan iqtisodiy va siyosiy islohotlar mamlakatdagi vaziyatni bosqichma-bosqich yaxshilashga erishdi, biroq “qo‘shimcha harakatlar zarur”, xususan, Jinoyat kodeksini qayta ko‘rib chiqish va qonun hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi yangi kodeks loyihasi (2019-yildan beri ishlab chiqilmoqda).

O‘zbekiston Freedom House tashkilotining 2023-yilgi erkinlik reytingida va 2022-yilgi Internet erkinligi indeksida “erkin bo‘lmagan” davlatlar qatoriga kiritilgan. Mamlakat “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining 2023-yilgi jahon matbuot erkinligi reytingida 180 mamlakat ichida 137-o‘rinni egalladi. Shuningdek, O‘zbekiston Transparency International tashkilotining 2022-yilgi korrupsiyani qabul qilish indeksida 180 mamlakat ichida 126-o‘rinni egalladi.

o‘zbekiston bo‘yicha rezolyutsiya, yevropa ittifoqi, yevropa parlamenti

Yevroparlament qo‘mitasi, shuningdek, 2023-yilgi prezidentlik saylovlari va konstitutsiyaviy referendumni qayd etib, ularda haqiqiy siyosiy plyuralizm va raqobat bo‘lmaganini aytdi.

Hisobotda aytilishicha, “inson huquqlari bilan bog‘liq jiddiy vaziyat, jumladan qiynoqlar yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi jazolar, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish yoki qamash, siyosiy mahbuslarni hibsga olish va qamash holatlari haqida xabarlar” bor.

Sud hokimiyati mustaqilligi, korrupsiya va yig‘ilishlar erkinligining cheklanishi, ommaviy axborot vositalari, jumladan, internet erkinligi, shuningdek, jurnalist va blogerlarning qamoq jazosi ko‘payishi bilan bog‘liq muammolar sanab o‘tilgan.

Hisobotda O‘zbekistonga oid boshqa faktlar ham keltirilgan.

Tavsiyalar

Yevroparlament qo‘mitasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, sifatli davlat boshqaruvi, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash hamda inson huquqlari va asosiy erkinliklarga hurmat nuqtai nazaridan mamlakatda real yutuqlarga erishishni maqsad qilgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida rejalashtirilgan ulkan islohotlarni e’tirof etdi.

Hisobotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar olqishlanadi va rasmiy organlarni Toshkentda bo‘lib o‘tgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ikkinchi xalqaro forum xulosalarini inobatga olgan holda bu boradagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga chaqiradi.

Qo‘mita islohotlar dasturiga diniy e’tiqod erkinligi va matbuot erkinligi kafolatlarini, jumladan, erkin va ochiq ommaviy axborot vositalari hamda internetdan foydalanishni ta’minlashni tavsiya qiladi; konstitutsiyaviy islohotlar qonun ustuvorligini mustahkamlash, islohotlarni mustahkam huquqiy asos bilan ta’minlash imkoniyati ekanini ta’kidladi.

Qo‘mita 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan va yangi Konstitutsiyani tasdiqlagan konstitutsiyaviy referendum natijalarini e’tiborga oldi.

U hukumatni demokratiya va qonun ustuvorligi tamoyillariga amal qilishga chaqirdi va “O‘zbekistonni demokratlashtirish jarayonini tezlashtirish kerakligini” ta’kidladi.

Hukumatga YeXHT/DIIHB saylovlarni kuzatish missiyalarining kuzatuvlari va xulosalarini hisobga olish tavsiya etiladi. Gap siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olishni tartibga soluvchi qonunchilik va ma’muriy talablarni qayta ko‘rib chiqish, davlat va partiyalar o‘rtasida aniq ajratish, shuningdek, ma’muriy resurslarni suiiste’mol qilganlik uchun samarali jazo choralarini joriy etish haqida bormoqda.

Qo‘mita O‘zbekistonni “bo‘lajak saylovlarda barcha demokratik nomzodlarning ishtirokini ta’minlash va chinakam plyuralistik siyosiy muhit yaratish uchun” saylov qonunchiligini isloh qilishni davom ettirishga chaqirdi.

Xalqaro savdo qo‘mitasi Xalqaro ishlar qo‘mitasini rezolyutsiyaga quyidagi takliflarni kiritishga chaqirdi:

  • hukumatni bolalar mehnati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni barcha manfaatdor tomonlar uchun shaffofroq qilishga hamda majburiy mehnat, bolalar mehnati va ekspluatatsiyasi masalalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berishga chaqirish;
  • shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, shuningdek, paxta sektoridagi barcha tarmoqlarga taraqqiyot yutuqlarini olib kirish uchun fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytiruvchi hamda salmoqli institutlarni yaratuvchi kengroq islohotlarni amalga oshirishga chaqirish;
  • O‘zbekiston hozirgi geosiyosiy vaziyatda hukumatning Rossiyaga iqtisodiy va savdo qaramligini bartaraf etishga urinishi va yevropalik hamkorlari bilan hamkorlikni kengaytirishga intilayotgani bilan bog‘liq qiyinchiliklarni qayd etadi;
  • O‘zbekiston Rossiyaga Yevropa Ittifoqining savdo sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam berishi mumkinligi xavfiga e’tibor qaratadi, vaziyatni diqqat bilan kuzatishga chaqiradi;
  • O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradigan va juda ijobiy natijalar beradigan GSP+ umumiy imtiyozlar tizimiga a’zoligi muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi;
  • va boshqa takliflar.

Debatlar

Ilxan KyuchukIlxan Kyuchuk

Qo‘mita hisobotidan so‘ng bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Hisobotni tayyorlagan Bolgariyaning Yevropa Parlamenti a’zosi (DPS partiyasi) Ilxan Kyuchuk ushbu hujjatning Yevropa Ittifoqi uchun ahamiyatini tushuntirdi.

“Men sizga javob beraman: bu Ukrainadagi urushdan keyin Markaziy Osiyo bilan munosabatlarimiz keskin o‘zgargani va ushbu munosabatlar YeI tashqi siyosatidagi muhim strategik bosqich bo‘lgani uchun. Mintaqaga tashriflar soni misli ko‘rilmagan darajada va shuning o‘zi ko‘p narsadan darak beradi… Ukrainadagi urush bizga o‘z qadriyatlarimiz va manfaatlarimizni himoya qila olishimiz hamda mintaqaviy integratsiya suv xavfsizligi, raqamli xavfsizlik, ta’minot zanjirlari, kommunikatsiyalar, muhim xom ashyo va atrof-muhit uchun — bularning barchasi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo kontekstida muhim ahamiyatga ega — hamfikr, yangi va mustaqil sheriklik izlashimiz kerakligini ko‘rsatdi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish uchun zarur bo‘lgan foydali qazilmalarga boy. “Mavjud ta’minot zanjiri infratuzilmasi va boshqa hududlarga nisbatan pastroq darajadagi mojaroga ega bo‘lgan, yuqori malakali va o‘qimishli mintaqadir. Ular, shuningdek, Rossiyadan ajralib, YeI va ularning mintaqaviy qo‘shnilari bilan yangi va teng huquqli munosabatlar o‘rnatishga intilayotgan postsovet davlatlari guruhining bir qismidir”, — dedi Yevroparlament deputati.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston jiddiy inson huquqlari buzilishlariga duchor bo‘lishda davom etmoqda, Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari xulosalari, shuningdek, xalqaro va mahalliy fuqarolik jamiyatining baholashlari va hisobotlari inobatga olinsa, bu yaqqol namoyon bo‘ladi.

“Tilga olish lozim bo‘lgan eng dolzarb masala shundan iboratki, fuqarolik jamiyatini ro‘yxatga olish oldindan rad etuvchi va qiyinligicha qolmoqda, ayni paytda O‘zbekiston hukumati fuqarolik jamiyatini huquqiy himoya qilish va ro‘yxatga olishni yaxshilash bo‘yicha astoydil harakat qilishi hamda [bu holatni] yaqindan kuzatib borishi kerak. Bu nafaqat YeI bilan munosabatlarning asosiy tarkibiy qismi, balki mehnat, atrof-muhit va inson huquqlari YeIning xususiy sektorga bl-usi investitsiyalari hamda YeIning tegishli qonunchiligi doirasida butun mintaqa bo‘yicha ta’minot zanjiri uchun zarur shartdir”, — dedi Ilxan Kyuchuk.

Deputat ushbu muammolarga qaramay, O‘zbekiston xuddi shu vaqt ichida ko‘pchilik mamlakatlarga qaraganda ancha ilgarilab ketganini ta’kidladi.

Margaritis Sxinas.Margaritis Sxinas.

Yevropa komissiya prezidentining gretsiyalik o‘rinbosari Margaritis Sxinas Yevropa Ittifoqi 2021-yilda duch kelgan"Belarus rejimi migratsiyadan vosita sifatida foydalangan" inqiroz davrida O‘zbekistonning pozitsiyasini shaxsan baholash imkoniyatiga ega ekanligini ta’kidladi.

“Va men O‘zbekiston prezidenti hamda hukumatining Yevropaga zarur paytda yordam berishga sodiqligini qadrlash imkoniga ega bo‘ldim”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish arizasini qo‘llab-quvvatlaydi. “Biz, shuningdek, mamlakatning Rossiya bilan an’anaviy aloqalarini hisobga olgan holda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga nisbatan “muvozanatli, neytral pozitsiya"sini ham qayd etamiz”, — dedi deputat.

Margaritis Sxinas Yevropa Komissiyasi Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish bo‘yicha “biz uchun nozik va o‘ta muhim masala"ni hal etishda O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi. “Mamlakat bu borada o‘z xalqaro majburiyatlarini ado etishi hamda o‘z prezidentining so‘zini bajarishi, aniqroq aytganda esa iyosiy islohotlarni amalga oshirish, so‘z va yig‘ilishlar erkinligini kafolatlash uchun hali qandaydir yo‘lni bosib o‘tishi kerak”, — dedi u.

Yevroparlament deputatining qayd etishicha, Yevroittifoq vakillari bu masalalarni O‘zbekiston oldiga har bir imkoniyat bo‘lishi bilan va barcha darajalarda ko‘tarmoqda.

“Inson huquqlari va demokratiya yangi kelishuvimizning asosiy elementlari va, albatta, GSP+ asosidir. O‘zbekistonga yaqinlashar ekanmiz, hamkorlarimiz o‘z va’dalarini bajarishi va islohotlarning keng yo‘lini davom ettirishi uchun muloqotimizni kuchaytirib boraveramiz”, — dedi Sxinas.

Viola fon Kramon-Taubadel.Viola fon Kramon-Taubadel.

Yevroparlamentning germaniyalik deputati Viola fon Kramon-Taubadelning ta’kidlashicha, yosh, mehnatkash aholisi, tabiiy resurslari va boy tarixi bilan O‘zbekiston “Markaziy Osiyodagi muvaffaqiyatlar tarixiga aylanish uchun zarur bo‘lgan barcha narsaga ega”.

“Ammo uning aholisi qiyinchiliklarga duch kelmoqda, resurslari va yerlari kamayib bormoqda, Xitoy va Rossiya — uning avtokratik qo‘shnilari — [O‘zbekistonni] o‘zlarining shaxsiy o‘yin maydonchalariga aylantirdi. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi inson huquqlari buzilishiga ko‘z yumib, savdoni kengaytirishga qaror qila olmaydi”, — dedi u.

Paxta dalalarida mehnat sharoitlari yaxshilanmoqda va bolalar mehnati asosan taqiqlangan, dedi u, ammo “hali oldinda uzoq yo‘l bor”.

“Suv resurslaridan samarasiz foydalanilmoqda, shaharlar zaharli changga botgan, mamlakat qisman cho‘lga aylanmoqda. Bu jarayonlar ortga qaytarilmasa, O‘zbekistonning 35 milliondan ortiq aholisini ekologik halokat kutmoqda”, — deya ogohlantirdi u.

Viola fon Kramon-Taubadelning fikricha, Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni kengaytirish O‘zbekistonni YeIga sezilarli darajada yaqinlashtiradi. “Uning xalqi Xitoy va Rossiyaning demokratik muqobilliga loyiqdir. Yevropa Ittifoqi odamlar hayotini yaxshilash va uning noyob ekotizimini himoya qilish uchun ko‘proq ish qilish maqsadida Markaziy Osiyoda ko‘proq ishtirok etishi kerak”, — dedi Yevroparlament deputati.

Terri Mariani.Terri Mariani.

Fransiyalik Yevroparlament deputati Terri Marianining fikricha, O‘zbekiston haqiqatan ham Yevropa uchun muhim davlat, chunki uning iqtisodiyoti rivojlanishi, radikalizmga qarshi qat’iy kurash va Afg‘oniston bilan konstruktiv aloqalar “uni mintaqadagi hal qiluvchi davlatga aylantirmoqda”.

“Hisobotda ta’kidlanganidek, Toshkent bilan munosabatlarimizni chuqurlashtirish va faollashtirishni davom ettirish zarurati mavjud. Biroq aqlli o‘yinchidek harakat qilish ham muhim. Xitoy yoki Rossiyaga qarshi chiqish uchun mintaqaga sarmoya kiritishni targ‘ib qilayotganlar takabburlik va ko‘r-ko‘rona harakat qilmoqda. Markaziy Osiyo ko‘p qutbli dunyoning paydo bo‘lishi uchun namunaviy zona bo‘lib, o‘zbek institutlarining suvereniteti va yaxlitligiga to‘liq hurmat bilan munosabatda bo‘lish maqsadga muvofiqdir. Shu munosabat bilan yana bir bor afsuslanamanki, rezolyutsiya moddalarining uchdan bir qismi 1991-yilda mustaqillikka erishgan davlatga demokratiya saboqlaridan iborat”, — dedi u.

Uning fikricha, O‘zbekistonning taraqqiyoti mintaqadagi barcha jiddiy kuzatuvchilar tomonidan e’tirof etilmoqda va yanada rag‘batlantirishga loyiq.

Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas munozarani yakunlar ekan, “Makedoniyalik yunon sifatida o‘zimni O‘zbekistonga nisbatan alohida ta’sirchan his qilaman, chunki vatandoshim Aleksandr Makedonskiy ko‘p asrlar muqaddam mazkur mamlakatga yetib borgan va u yerda ishlab chiqarish va madaniyatga ko‘plab sarmoyalar kiritgan”.

“O‘zbekiston xalqi haligacha [Iskandar Makedonskiy]ni ezgulik kuchi sifatida hurmat qiladi va undan hayratlanadi. Ular hali ham „Iskandar“, bu — ezgulik kuchi deb hisoblaydilar. Yevropa Ittifoqi bugungi kunimizda ham O‘zbekiston uchun ezgulik kuchi sifatida qoladi va mamlakatning ham mintaqaviy, ham xalqaro hamkor o‘laroq ahamiyati ortib borayotganini tan oladi. Shu bilan birga, O‘zbekistondan yuqori standartlarni talab qilish hamda do‘stlar singari mavjud kamchiliklar haqida ochiq gapirishdan tortinmaymiz”, — dedi u.

4-oktabr kuni Yevroparlament O‘zbekiston bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi.