O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi 9-oktabr kuni Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasi hamda saylov va referendum o‘tkazish tartibiga oid yettita qonunni muhokama qildi. Bu haqda parlamentning quyi palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Saylov kodeksiga Qonunchilik palatasi saylovini aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkazish tartibini kiritish taklif etilmoqda. Shunda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimini tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari sonini kamida o‘n besh nafardan to‘qqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston vakili bo‘lishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.

Siyosiy partiyalarning rolini oshirish uchun aralash saylov tizimiga o‘tish taklifi mart oyida O‘zbekiston prezidenti tomonidan deputatlar bilan uchrashuvda ilgari surilgan edi. Konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha referendumdan so‘ng Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni majoritar-proporsional saylov tizimini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Bungacha O‘zbekistonda parlament saylovlari majoritar tizim bo‘yicha o‘tkazilib, unda o‘z saylov okrugida ko‘pchilik ovoz olgan nomzodlar saylangan deb hisoblanardi.

Siyosatshunos Farxod Tolipov avvalroq yangi tizim qanday ishlashini tushuntirgan edi. Shuningdek, u siyosiy turg‘unlik sharoitida yangi saylov tizimiga o‘tish kutilgan natijani bermasligini ta’kidladi.