Tadbirkor Diyora Usmonova Instagram’da marhum Bobur Usmonov bilan birinchi turmushida bo‘lgan oiladagi zo‘ravonlik haqida gapirdi.

Usmonovaning ta’kidlashicha, hikoyasi unga zararli bo‘lishi mumkin, ammo u foyda “xavfdan yuz baravar ko‘p bo‘ladi” va “oiladagi zo‘ravonlik chidab kelgan ayollarning tushunchasini o‘zgartiradi yoki qandaydir tarzda ta’sir qiladi”, deb hisoblaydi.

“[Bu] 21 yoshimdan 25 yoshgacha boshdan kechirgan hayotim haqida. Hatto 19 yoshdan, agar boshidan boshlasak. Men birinchi erim bilan juda ko‘p sevgi va ehtirosga ega bo‘lgan murakkab munosabatlarda edim. Biz bir-birimizni sevardik va nikohimiz uchun juda qattiq kurashdik. Keyinchalik, u menga qo‘lini ko‘tara boshlaganida va bu kaltaklar boshlanganda va kaltaklar to‘rt yil davom etganda, miya chayqalishi, ko‘plab qonlar va ko‘karishlar paydo bo‘lgan, butun tanam ko‘kargan va ko‘plab mebel, eshiklar, hamma narsa singan”, — dedi u.

Uning fikricha, “bularning barchasi izsiz o‘tmasligi kerak”.

“Bularning barchasi 100 foiz aybdor erkak bo‘lgani uchun yuz bermadi. Bu yerda 50 foiz ayb biz tomonda, bizning muammomiz — o‘zimizni yetarlicha qadrlamaymiz, yetarlicha jasoratli emasmiz, oyoqlarimizda yetarlicha kuchli turmaymiz, teskari ta’sir qilishdan qo‘rqamiz, ota-onalarimizga aytishdan qo‘rqamiz, ota-onamizga qaytishdan qo‘rqamiz, hammasini qaytadan boshlashdan qo‘rqamiz. Chunki o‘zgaradi, kelajakda qandaydir yaxshi natijalari bo‘ladi, o‘xshab ketadi, degan umidda bo‘lamiz — mana shu hammasi bizning muammomiz”, — deydi Diyora Usmonova.

“Birinchi marta u menga qo‘lini ko‘targanida, meni yalangoyoq holatimda beshinchi qavatdan birinchi qavatga sudrab tushirgandi — cho‘loqlanib qolgandim. U oyog‘imni o‘pib, kechirim so‘raganini eslayman. Men unga egilib, boshini quchoqlab olgandim, oxiri rahmim kelgan, tinchlantirgandim, hammasi yaxshi, hech qanday yomon narsa bo‘lmadi, xavotirlanishga hojat yo‘q, deb dalda bergandim. Ya’ni vaziyat shunday o‘zgarib ketgan. Va bu hammasi, 10 yildan keyin tushunyapman, mening katta muammom, bizning katta muammomiz, biz sodir bo‘layotgan voqealarning fojiasini ko‘rmaymiz va tushunmaymiz”, — dedi u.

Uning fikricha, ayollar bunday munosabatlarni to‘xtatib, ketish uchun kuch topishlari kerak.

“Men o‘zimda bu kuchli tomonlarni topa olmadim… Ammo, shuni aytmoqchimanki, u bizning zamonamizda hech kimda uchramaydigan hayratlanarli darajada mehribon qalbga ega ajoyib inson edi. Go‘yo uning mehribon qalbi va bu haqiqatlar bir-biri bilan bog‘lana olmaganday tuyuldi. Shu bois bu inson, men sevgan va shunday mehribon, olijanob inson bu qiynoqlarni qanday qilib qo‘yganiga tushunolmadim”, — dedi Diyora Usmonova.

“Shunga qaramay, bu qandaydir psixologik, davolash kerak bo‘lgan ruhiy og‘ish va biz farzandlarimizni undan himoya qilishimiz kerak. Bunday munosabatlarni tark etishingiz kerak. Chunki siz bir marta kechirasiz, ikkinchi marta kechirasiz, keyin bu odatga aylanib qolsa, erkak bu ishi kechirilaverishini tushunib qoladi. Bu juda yomon tugashi mumkin yoki butun hayotingizni zaharlab o‘tkazasiz. O‘shanda o‘zimda kuch topa olmaganman va hozir 10 yil o‘tib, ortimga qarayman va men tomondan qancha xatolarga yo‘l qo‘yilgani va bunda mening aybim qanchalik katta ekanini tushunaman. Xuddi u kabi”, — dedi u.

Diyora Usmonova ayollar o‘z ustida ishlashi, o‘zini hurmat qilishni o‘rganishi kerak, deb hisoblaydi.

Izohlarda u ushbu hikoya e’lon etilgandan keyin sobiq erining oilasi bilan munosabatlari yomonlashganini ta’kidladi.

Diyora Usmonova O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyevaning jiyani hisoblanadi. U 20 yoshida asli O‘zbekistondan bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonovga turmushga chiqqan.

2013-yil 8-may kuni Toshkent shahrida Bobur Usmonov o‘z mashinasida halokatli YTHga uchragan.

2016-yilda Diyora Usmonova ikkinchi bor turmushga chiqqan — “Paxtakor” futbol klubi va “O‘zbekiston” mehmonxonasining sobiq egasi bo‘lgan tadbirkor Botir Раҳимовга. U 2001-yilda “Kapitalbank” xususiy bankini ochgan.

Ayni paytda Diyora Usmonova bir qancha kompaniyalar asoschisi hisoblanadi.