Xitoy raisi Si Szinpin 5-may kuni Yevropa bo‘ylab uch davlatga safarini boshladi, bu mazkur qit’aga so‘nggi besh yilda qilingan ilk davlat tashrifidir. Turne Xitoy va YeI o‘rtasidagi savdo kelishmovchiliklari va Rossiyaning Ukraina bilan urushi tufayli keskinlashgan munosabatlar fonida o‘tmoqda, deb yozdi Guardian.

Si Szinpin qaysi davlatlarga tashrif buyuradi va kimlar bilan uchrashadi?

Xitoy raisining olti kunlik tashrifi 6-may kuni Parijda boshlandi va u yerda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi. Shuningdek, shu kuni ikki davlat rahbarlari Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashdi.

7-may kuni Makron va Si Szinpin uncha rasmiy bo‘lmagan muzokaralar uchun Yuqori Pireney tog‘laridagi Turmale dovoniga boradi.

8-may kuni XXR raisi Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Belgradga, 9-may kuni esa Budapeshtga boradi va u yerda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashadi. Har ikki davlat Xitoy sarmoyasining asosiy oluvchilari hisoblanadi.

Tashrifning maqsadi

Rasmiy ravishda Si Szinpinning Parijga tashrifi Fransiya va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 60 yilligiga to‘g‘ri kelmoqda: Fransiya 1964-yil 27-yanvarda XXRni rasman tan olgan birinchi G‘arb davlati bo‘lgan.

Xitoy rahbarining Belgradga tashrifi NATO tomonidan Xitoyning Serbiyadagi elchixonasini portlatilib, uch kishi halok bo‘lganining 25 yilligiga to‘g‘ri keldi.

Ayni paytda, tahlilchilarning fikricha, Si Szinpinning Makron va fon der Lyayen bilan uchrashuvlaridan maqsad Yevropa Ittifoqining Xitoy subsidiyalari, xususan, elektromobillar bo‘yicha tergoviga qarshi lobbilik qilish va diplomatik munosabatlarni barqarorlashtirishga harakatdan iborat.

Serbiyada XXR raisi Pekinning Amerika va NATOga qarshi dasturlarini amalga oshirishga umid qilmoqda, Vengriyada esa ikki davlat o‘rtasidagi yaqin iqtisodiy va diplomatik aloqalarni, jumladan, xavfsizlik sohasidagi taraqqiyotni va Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusini amalga oshirishni muhokama qiladi.

Xitoyni kuchli qo‘llab-quvvatlagan va Pekinni inson huquqlari bo‘yicha tanqid qilgan ayrim Yevropa Ittifoqi rezolyutsiyalarini to‘sib qo‘ygan Vengriyada Huawei`ning Xitoydan tashqaridagi eng yirik xabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va tez orada avtomobil ishlab chiqaruvchi BYD`ning Yevropadagi birinchi zavodini ochadi.

Turnedan kutilajak natijalar

Aksariyat tahlilchilar Yevropa Ittifoqi rasmiylari Si Szinpin bilan “katta taraqqiyot”ga erishishiga shubha qiladi. Xitoy iqtisodiyoti hozirda bir qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda va YeI ma’lum bir richagga ega bo‘lishi mumkin, ammo ittifoqning barcha a’zolari ham Xitoy siyosatiga to‘liq rozi emas, bu esa Yevropa Ittifoqining ta’sirini susaytiradi. Shunday qilib, Makron subsidiyalar bo‘yicha Yevropa Ittifoqining yanada agressiv pozitsiyasini yoqlaydi, ammo Germaniya kansleri Olaf Shols kabi boshqa rahbarlar o‘zlarining eksportchilari uchun Xitoy bozorining muhimligini ta’kidlaydi.

Xitoy va YeI o‘rtasidagi munosabatlardagi uchta asosiy muammo savdo, xavfsizlik va Ukrainadagi urushdir, deb yozmoqda BBC. Xitoyning Yevropa xavfsizligiga tahdidi haqidagi xavotirlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini Huawei va ZTE kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan telekommunikatsiya uskunalarini xarid qilishdan voz kechishga majbur qilgan.

Savdo bo‘yicha kelishmovchiliklar Xitoy hukumat subsidiyalari orqali tashqi bozorlarga elektromobillar, quyosh panellari va boshqa tovarlar yetkazib berishni bir necha barobar oshirganidan keyin kuchaydi. O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi Xitoy elektromobillariga yangi tariflar va Xitoy quyosh energiyasi eksportiga cheklovlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan monopoliyaga qarshi tergov boshlagan. Bu yozda qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Bunga javoban Xitoy fransuz konyaki importini to‘xtatish bilan javob qaytarmoqchi.

си цзиньпин, хитой, эмманuэль макрон

Foto: X / Emmanuel Macron.

6-may kuni Si Szinpin bilan uchrashuvdan so‘ng Makron va fon der Lyayen Xitoyni “ko‘proq muvozanatlashgan savdo”ni ta’minlashga chaqirdi. Yevrokomissiya rahbari ochiqchasiga gapirdi va Yevropa Ittifoqi hamda Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar bozorlarga teng bo‘lmagan kirish va Xitoydan hukumat subsidiyalari tufayli zarar ko‘rganini aytdi, deb yozmoqda Reuters.

Muzokaralardan so‘ng u Yevropa Ittifoqi “o‘z bozorini to‘ldirgan Xitoy sanoat tovarlarining haddan tashqari ko‘p ishlab chiqarilishiga dosh berolmasligini” ta’kidladi. “Yevropa o‘z bozorini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qattiq qarorlarni qabul qilishdan qaytmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi fon der Lyayen.

Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlardagi eng muhim og‘riqli nuqta bo‘lgan Ukrainadagi urush ham Fransiyadagi uchrashuvlar kun tartibidan joy oladi, deb yozdi CNN. Ularda Si Szinpin Xitoyni tinchlikparvar sifatida ko‘rsatishga urinishi mumkin. Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin may oyida Xitoyga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini tasdiqlagandi.