O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga rasmiy tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytish oldidan 7-oktabr kuni Moskvadagi Islom Karimov maydoniga tashrif buyurdi.

Davlat rahbari haykal poyiga gul qo‘yib, O‘zbekistonning birinchi prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirdi, deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev oxirgi marta 2020-yil iyun oyida amaliy tashrifi chog‘ida xiyobonga tashrif buyurgan edi.

Moskvaning Yakimanka tumanidagi xiyobon 2016-yilda Islom Karimov sharafiga nomlangan.

Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Rossiyaga keldi va birinchi kuni Qozonga tashrif buyurib, u yerda Tatariston raisi Rustam Minnixonov bilan uchrashdi. Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin, so‘ngra prezident Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi va muzokaralar yakuni bo‘yicha 10 ta hujjat imzolandi. 7-oktabr kuni Rossiya gazining O‘zbekistonga yetkazib berilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.