Norvegiyalik yozuvchi Yun Fosse 2023-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini “ta’riflab bo‘lmaydigan narsalarga ovoz beradigan novatorlik pesalari vaprozasi uchun” qo‘lga kiritdi. Bu haqda Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasining Nobel qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Uning yangi norveg tilida (zamonaviy adabiy norveg tilining bir turi — tahr.) yozilgan ulkan ijodi turli janrlarni qamrab oladi va ko‘plab pesalar, romanlar, she’riy to‘plamlar, esselar, bolalar kitoblari va tarjimalardan iborat. U bugungi kunda dunyodagi eng mashhur dramaturglardan biri bo‘lsa-da, uning nasri ham tobora mashhur bo‘lib bormoqda”, — deyiladi Nobel qo‘mitasi bayonotida.

Qo‘mita, shuningdek, Fosse “Fosse minimalizmi” nomi bilan mashhur bo‘lgan uslubda romanlar yozishini ta’kidladi.

Yun Fosse 64 yoshda. Birinchi romani “Qizil, qora” 1983-yilda, “Va biz hech qachon ajralmaymiz” nomli birinchi pesasi 1994-yilda nashr etilgan. Uning asarlari ko‘plab xalqaro adabiy mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

2022-yilda Nobel qo‘mitasi fransuz yozuvchisi Anni Ernoga “shaxsiy xotiraning jamoaviy cheklanishi va begonalashuvining chuqur ildizlarini ochib berishdagi jasorati va o‘tkir zehni” uchun mukofotlagan edi.

Avvalroq tibbiyot, fizika va kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari ma’lum bo‘lgan edi.