5-oktabr kuni Rustamov Olimxon Bakiyevich Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati. U bir vaqtda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i sifatida ham ish boshladi.

Olimxon Rustamov 1966-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent xalq xo‘jaligi instituti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

2005−2014-yillarda Hisob palatasida bosh inspektor, 2014−2016-yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2016−2017-yillarda “O‘zbekneftgaz” raisining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.

Tayinlovga qadar u Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 28-sentabr kuni lavozimidan ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyidan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari, 2018-yil sentabridan esa sobiq Moliya vazirligi rahbari o‘rinbosari va G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan Dilshod Sultonov Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Shuningdek, iqtisodiyot va moliya vazirining yana bir o‘rinbosari — Erkin Rustamov ham Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan.

2022-yilning avgust oyida iqtisodiy taraqqiyot vazirining birinchi o‘rinbosari va Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Saidqahhor Xolxo‘jayev poytaxtning Chilonzor tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.