“Gazeta.uz” mutaxassislar bilan odamlar orasida iqtisodiyot haqida tarqalgan miflar va yanglish tasavvurlarni muhokama qilishga qaratilgan Mifonomika loyihasini davom ettiradi. Loyihaning uchinchi sonida iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan birga xalqaro bozorlarda O‘zbekistonga o‘rin yo‘q degan mif haqida fikr almashildi.

Quyida suhbatning matn shakli bilan tanishish mumkin.

— Siz O‘zbekistonda savdoga to‘siqlar olib tashlanishi va mamlakat dunyoga ochilishi tarafdorisiz. O‘zi O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan qanchalik yopiq mamlakat?

— O‘zbekiston Turkmaniston yoki Shimoliy Koreya kabi eng yopiq mamlakatlardan ko‘ra sal ochiqroq davlat. Lekin ayni vaqtda dunyo bozorlariga, turli xil tashkilotlarga, shu jumladan, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lmagan kam sonli mamlakatlar qatoriga kiradi.

JSTga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar juda kam. Hatto hozir urishayotgan Rossiya ham, Xitoy ham, qo‘shni Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston ham bu tashkilotga qo‘shilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston juda kam davlatlar bilan erkin savdo bo‘yicha bitimlar imzolagan. Shu ma’noda aytsak, mintaqada ham, jahon darajasida ham O‘zbekiston savdo va pul oqimi bo‘yicha nisbatan yopiq mamlakat hisoblanadi.

— Menga jamiyatda erkin savdodan qo‘rquv bordek tuyuladi. Nima deb o‘ylaysiz, bu qanchalik asosli?

— Men o‘zbekistonliklar O‘zbekistonda tovarlar arzonroq, raqobat ko‘proq bo‘lishini istamaydi, deb o‘ylamayman. Aksincha, o‘zbekistonliklar ularda tanlov ko‘proq bo‘lishini, narxlar arzonroq bo‘lishini, sifat yuqoriroq bo‘lishini xohlaydi. Bunga O‘zbekiston jahon ishlab chiqarish va savdo zanjirlarini a’zosi bo‘lishi orqali erishish mumkin.

Bunday gipotetik fikr O‘zbekistonda ko‘p muhofaza qilingan sanoatlarda ishlaydigan odamlar va hukumatdagilarda bor. Men bu o‘zbekistonliklarning qo‘rquvi deb o‘ylamayman. Bu mif — hukumat kabinetlari atrofida aylanadigan miflardan biri.

Hukumatda yoki o‘sha muhofaza qilingan korxonalarda ishlaydiganlar rostan ham erkin savdodan qo‘rqadi. Chunki ular ishlab chiqargan tovarlar sifati raqobatbardosh emas, ular subsidiyalarsiz yashay olmaydi. Shu sababli, xalqda erkin savdodan qo‘rquv bor, degan mifni chuqurlashtirish ular uchun muhim.

Dunyo bozoriga qo‘shilishga iqtisodiyot yoki odamlar tayyor emasligi qaror qabul qiluvchilarimiz orasida keng tarqalgan miflardan hisoblanadi. Lekin bu mif unchalik ham o‘zini oqlamaydi. Bir yaxshi misol keltiraman.

Sovet ittifoqi qulashidan bir-ikki yil oldin Ittifoq rasmiylari amerikalik yetakchi iqtisodchilarni chaqirib, ulardan ba’zi masalalarda fikr so‘ragan. Iqtisodchilar mamlakatning katta amaldorlari, Politbyuro a’zolari va bosh vazir bilan uchrashgan. Sovet iqtisodiy bloki bilan uchrashuvda amaldorlar ularga bizning xalqimiz bozor iqtisodiyotiga tayyor emas, deb aytgan.

Ya’ni, biz hukumat sifatida tayyor emasmiz deyishmaydi, balki bizning xalqimiz tayyor emas, deyishadi. Shunda amerikalik iqtisodchilar xalqning fikrini o‘rganib ko‘rishni taklif qiladi hamda ikki nafar rus va ikki nafar amerikalik iqtisodchi Nyu-York va Moskvadagi insonlarning bozor iqtisodiyotiga bo‘lgan munosabati bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazadi. O‘sha so‘rovnoma natijalariga ko‘ra Moskva va Nyu-Yorkdagi insonlarning bozor iqtisodiyotiga bo‘lgan munosabati statistik darajada farqli emasligi va hatto moskvaliklar ba’zi narsalarda ko‘proq bozor tarafdori ekani aniqlanadi.

Shuning uchun ham bu mif xalq orasida mavjud degan fikrga qo‘shilmayman, lekin hukumat kabinetlarida mavjud desangiz, albatta qo‘shilaman. Bu ular o‘zlari uchun o‘ylab topgan mif va kimdir bunga ishonadi, kimgadir esa bu narsaga ishonish foydali hisoblanadi. Ular bunga ishonishining o‘z sabablari mavjud, agar ishonmaganida g‘alati bo‘lardi.

— Xalqaro bozorda O‘zbekistonga o‘rin bormi? O‘zi bu qanday aniqlanadi?

— Bu nisbatan eski savol. David Rikardo vaqtida shunday bir g‘oya bo‘lardi. Masalan, ikki mamlakat va ikki tovar mavjud, deb olaylik. Ikkala tovarni ham bir mamlakat ikkinchisidan yaxshiroq ishlab chiqaradi. Ikkala tovarni ham birinchi mamlakatda ishlab chiqarish arzonroq bo‘lsa, ikkinchi mamlakat nimani ishlab chiqaradi?

David Rikardo va undan keyin bu masala ustida ishlagan yuzlab iqtisodchilar bu narsani chiroyli modelda ko‘rsatib bergan. Mamlakat dunyo bozoriga kirishi uchun nimanidir hammadan yaxshi ishlab chiqarishi shart emas. Dunyoda bizdan ko‘ra hamma narsani yaxshiroq ishlab chiqaradigan mamlakatlar mavjud bo‘lsa ham, ular hamma narsani bir xil darajada yaxshi ishlab chiqara olmaydi.

Masalan hozir ko‘pchilik biladigan AQSh va Xitoy misoli mavjud. Xitoy fabrikalarida elektronika mahsulotlari ishlab chiqarilgani uchun ko‘pchilik bunga absolyut afzalliklar sabab, Xitoyda ularni ishlab chiqarish AQShdagidan arzonroq deb o‘ylaydi. Vaholanki unday emas. AQShdan arzonroq emas, AQShdagi boshqa narsalardan ko‘ra arzonroq. AQShda ham iPhone ishlab chiqarsa bo‘ladi, arzonroq ham bo‘ladi, lekin muqobil xarajatlari ko‘proq. AQShda zavod quriladigan yerga qandaydir ko‘ngilochar yoki xizmat ko‘rsatuvchi markaz qurish mumkin va hokazo.

Uy xo‘jaliklari darajasida tushuntirsak, deylik faqat siz va men yashaydigan bir qishloq mavjud. Bu qishloqda faqat ikkita ish qilsa bo‘ladi — yer chopish va baliq tutish. Siz ikkala ishni ham mendan yaxshiroq bajarasiz. Deylik, siz bir kunda 50 kvadrat yer chopsangiz, men 10 kvadrat chopaman. Siz bir kunda 30 kg baliq tutsangiz, men 10 kg baliq tutaman. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, agar siz ikkala ishni ham mendan yaxshi qilsangiz, men bu modelda ishsiz qolib ketishim kerakmi?

Javob shundayki, siz mendan 5 baravar yaxshiroq yer chopasiz, 3 baravar yaxshiroq baliq tutasiz. Shunda, men 10 kvadrat yer chopib ham yoki 10 kg baliq tutib ham siz bilan savdolashsam bo‘ladi. Chunki, bu yerda yer chopish va baliq tutishning narxi orqali bu narsa belgilanadi. Ikkalamizning faoliyatimiz emas, sizni o‘zingizning ikki xil faoliyatingiz bu yerda solishtiriladi.

Agar butun dunyoni bir obyekt deb qarasak va O‘zbekiston ikkinchi obyekt desak, butun dunyo hamma narsani bizdan yaxshi ishlab chiqaradimi? Ehtimol. Lekin dunyo hamma narsani bir xil darajada yaxshi ishlab chiqarmaydi-ku.

Deylik, Amerika Boeing samolyotlarini bizdan 1000 baravar yaxshi ishlab chiqaradi. Lekin pomidorni 2 baravargina yaxshiroq ishlab chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham pomidorni Amerikaga sotishimiz mumkin.

Rossiya va O‘zbekistonni ham solishtirsak. Nima uchun O‘zbekiston Rossiyaga pomidor sotadi? Buning sababi absolyut afzalliklarda emas, sabab nisbiy afzalliklarda. Rossiyada neft bo‘lgani, resurslar qayerdadir ko‘proq pul bergani uchun bizda nisbiy afzallik mavjud, absolyut afzallik emas.

Yana boshqa misol. Masalan, Apple kompaniyasi boshqaruvchisi Tim Kuk balki ofisida pol yuvadigan farroshdan 10 baravar yaxshiroq pol yuvar. Lekin kompaniya boshqaruvida u odamdan 1000 baravar yaxshiroq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham u kompaniyani boshqaradi, polini yuvmaydi.

Shuning uchun ham mamlakatlarni solishtirayotganda asosiy g‘oya hech qaysi mamlakat barcha xizmat va tovar turlari bo‘yicha bir xil darajada zo‘r emasligida bo‘ladi.

— Dunyo bozoriga ochilish mamlakatga nima beradi?

— Birinchi navbatda dunyo bozoriga ochilish narxlarni keskin tushiradi, iste’mol narxlarini ham, xomashyo narxlarini ham.

Xomashyo degan so‘z O‘zbekistonda juda ham g‘alati tusga kirgan. Masalan, agar siz dasturchi bo‘lsangiz, siz uchun qahva, ehtimol, xomashyodir. Chunki siz qahvani ichib, keyin kod yozyapsiz. Bloger bo‘lsangiz, iPhone mehnat qurolingiz bo‘ladi, bu holat iste’molga kirmaydi. Kafe ochsangiz, shokolad xomashyo bo‘ladi, chunki siz uni eritib, ichimlik tayyorlaysiz. Agar men sizning kafengizda o‘sha shokoladli ichimlikni ichib, kimgadir konsultatsiya xizmatini ko‘rsatsam, u ichimlik men uchun xomashyo bo‘ladi va hokazo. Shuning uchun ham nima tovaru, nima xomashyo ekani hech kimga ma’lum bo‘lmagan mavhum masala.

Shu mavhumlikdan kelib chiqib aytyapmanki, nafaqat uyingizdagi non, choy kabi iste’mol tovarlarning narxi tushadi, shu bilan birga million xil xomashyoning narxi ham tushadi. Biz xomashyo degan farazni ba’zi turdagi tovar kategoriyalariga qo‘yamiz, boshqalariga qo‘ymaymiz. Shuning uchun ham dunyo bozoriga qo‘shilish O‘zbekistonda hamma uchun xomashyoning ham, iste’mol tovarlarining ham narxini tushiradi.

Buning natijasida o‘zbekistonliklar qo‘lida ko‘proq pul qoladi, ularning hayoti farovonlashadi. Bu narsani pul tarqatishga qiyoslasa bo‘ladi. Deylik, hamma tovarga narxlar 10 foizga tushsa, bu sodda qilib aytganda 10 foizga boyib qoldik, degandek gap.

Ikkinchi foydasi, agar biz savdoni to‘liq erkinlashtira olsak, korxonalar, tadbirkorlar va siz bilan menga o‘xshagan odamlar endi savdo erkin, kelajakda ham erkin bo‘lib qoladi, deb o‘ylay boshlaydi. Chunki biz, masalan, Jahon savdo tashkiloti a’zosi bo‘lsak yoki Turkiya, AQSh kabi mamlakatlar bilan erkin savdo bitimimiz bo‘lsa, bitta qog‘oz bilan bizga xomashyo kelishi yoki tovar eksport qilishimiz cheklanib qolmaydi.

Bu narsa sizni uzoq muddatli investitsiya qilishga undashi mumkin. Lekin hozirgi sharoitda hamma bozor o‘yinchilari to‘satdan o‘yin qoidalari o‘zgarishi mumkinligini biladi.

O‘yin qoidalari o‘zgarishi haqida siz to‘satdan xabar topishingiz oqibatida 10, 20 yoki 50 yillik bizneslarga pul tikmasligingiz mumkin. Ya’ni, o‘yin qoidalari buzilishining o‘zigina emas, balki buzilishi ehtimoli mavjudligining o‘zi katta xatar. Savdo siyosatini to‘pponchaga qiyoslash mumkin. Agar qurol stolni ustida tursa odam asabiylashadi. Agar seyfning ichida tursa xotirjam gaplashish mumkin bo‘ladi.

Hukumatda qonun-qoidalarni o‘zgartirish imkoniyati qanchalik kam bo‘lsa, tadbirkorlar shunchalik uzoq muddatli fikrlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hozir O‘zbekistonda tadbirkorlar kamdan-kam holatda uzoq muddatli bizneslarni rejalashtiradi. Chunki bizda hamma narsa juda tez o‘zgaruvchan hisoblanadi, shu jumladan, iqtisodiy siyosat ham, soliq siyosati ham, pulning narxi ham. Bularni rejalashtirish va modellashtirish juda qiyin. Shuning uchun ham bir-ikki yilda foyda keltirmaydigan ishlar bilan hech kim shug‘ullanmaydi.

Uchinchidan, dunyoga ochilsak, mahsulotlarimizning dunyo bozoriga chiqishi tezlashadi. Masalan, siz O‘zbekistonda muzqaymoq ishlab chiqarib sotyapsiz. Lekin chet eldan kelayotgan muzqaymoqqa 200 foizlik boj bor. Bu holatda sizning mahsulotingiz yaxshi ekanligidan emas, balki uning muqobillari nihoyatda qimmatligi sabab yaxshi sotilayotgan bo‘ladi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda ishlab chiqargan mahsulotingizni Finlyandiyaga sotolmaysiz. Chunki siz samaradorlikni hisoblashda o‘sha 200 foizlik bojni ham hisobga olgan bo‘lasiz.

Bu holatda O‘zbekistonda raqobatbardosh ekaningiz sizga dunyo bozoridagi raqobatbardoshligingiz haqida hech qanday ma’lumot bermaydi. Lekin agar O‘zbekiston dunyoga ochilsa, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar o‘z-o‘zidan dunyoda ham raqobatbardosh bo‘ladi. Chunki O‘zbekiston ham dunyoning bir bo‘lagiga aylanadi.

Shuning uchun ham Turkiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlardagi korxonalarga o‘z mahsulotini chet elga eksport qilish oson. Chunki ular mahalliy bozordagi raqobatda yutib chiqqan, mahalliy bozorda esa Germaniyaning ham, Italiyaning ham korxonalari bor edi. Demak, ular Germaniyada ham o‘z mahsulotini sota oladi.

— Demak, O‘zbekiston iqtisodiyoti yopiq bo‘lgani uchun raqobatbardosh emas, desak bo‘ladimi?

— O‘zi umuman hech qaysi inson yoki iqtisodiyotga nisbatan u raqobatbardosh emas, deb bo‘lmaydi. Chunki nimaga nisbatan degan savol bor. O‘zbekiston dunyo bozoriga qanchalik uzoq qo‘shilmasa, raqobatbardoshlik shunchalik kamayib boruvchi funksiya desa bo‘ladi.

Dunyo bozoriga 1991-yilda qo‘shilish kerak edi, eng zo‘r payt o‘sha edi. Keyingi eng zo‘r payt — aynan hozir. Qanchalik tez qo‘shilsak, og‘rig‘i shunchalik kamroq bo‘ladi, eng kam og‘riq o‘sha 1991-yilda bo‘lardi.

— Import eksportga nisbatan oshib ketadi degan argumentga qanday qaraysiz?

— Davlatda ham, uy xo‘jaligida ham, agar biz importni eksportga nisbatan ko‘proq qilsak, o‘sha ko‘proq qismga nimadir orqali to‘lashimiz kerak bo‘ladi. Ya’ni bizga dollar qayerdan keladi? Dollar keladigan manbalar bu eksport, O‘zbekistonga chet eldan pul o‘tkazmalari va investitsiyalar hisoblanadi. Ya’ni bizda import va eksport o‘rtasidagi farq nimaningdir hisobiga kompensatsiya qilinadi.

O‘zbekistonning importi eksportga nisbatan oshishining sababi ko‘p bo‘lishi mumkin. Masalan investitsiyalar hisobiga bu kuzatilishi mumkin. Shuning uchun men bu narsadan umuman xavotir olmagan bo‘lardim.

Uy xo‘jaligida ham tashqaridan ko‘p narsa sotib olish boylikning alomati, kambag‘allikning emas. Hamma ishni o‘zi bajarish, tashqaridan hech narsa sotib olmaslik — bu qashshoqlikning cho‘qqisi. Odamzod qanchalik boyisa, o‘zi shunchalik kam narsa qiladi.

Bahodir Abdullayev suhbatlashdi.