Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov 26-sentabr kuni 20:00 dan keyin vazirlik binosida jurnalistlar bilan uchrashdi (SSV matbuot xizmati mazkur uchrashuvga “Gazeta.uz”ni taklif qilmadi).

Suhbat davomida vazir jurnalistlarga qariyb 22 mlrd so‘mga xarid qilingan “Antistrumin” dorisi mavzusiga chuqur kirmaslikni maslahat berdi. Bu haqda Daryo nashri xabar qildi (yangilik biroz muddatga o‘chirilib, qayta tahrirdan so‘ng yana e’lon qilindi). Qolaversa, “Gazeta.uz”ga mazkur gap-so‘zlar haqiqatligini uchrashuvda qatnashgan boshqa jurnalistlar ham tasdiqladi.

Avvalroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi “Samo” kompaniyasidan tendersiz 3,55 mln quti “Antistrumin” (kaliy yodid) preparatini qariyb 22 mlrd so‘mga sotib olgani haqida yozgandik. 2022-yilda dorining bir qadog‘i 5500 so‘mdan xarid qilingan bo‘lsa, joriy yilda 6500 so‘mdan sotib olingan. Chakana savdoda esa 3000 so‘mdan sotilgan.

SSV mas’ullari mazkur masalaga to‘xtalar ekan, vazirlik muassisligidagi MCHJ “Antistrumin” dorisini sotib olish uchun internetda e’lon berilganini aytdi.

“Kaliy yodidni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish huquqimiz bo‘lsa-da, biz bu borada konkurs e’lon qilganmiz. Eng arzon narxda sotib olish uchun saytda o‘zbek va rus tillarida e’lon berilgan. Bu e’londan kelib chiqib, xohlagan ishtirokchi, xorijlik bo‘lsa ham, qatnashishi mumkin bo‘lgan. E’londan so‘ng odatda bizga takliflar kelib tushardi. Lekin bu e’londan so‘ng bizga faqat „Samo“ MCHJdan taklif kelib tushgan. Faqat bir kishidan”, — deb Daryo o‘zini vazirlik vakili sifatida tanishtirgan Sharof Hamroyev so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Vazir Amrillo Inoyatovning bunga qo‘shimcha qilishicha, e’londa 1000 mkg doza so‘ralgani uchun faqat shu ishlab chiqaruvchi ushbu dozani taklif qilolgan.

Vazirlik vakilining jurnalistlarga ma’lumot berishicha, “Samo” MCHJ kaliy yodidni 6500 so‘mdan taklif qilgach, vazirlik vakillari narxni tushirish bo‘yicha iltimosnoma bergan. Ammo MCHJ bunga javob qaytarmagan. Shundan so‘ng vazirlik muassisligidagi “O‘zmedimpeks” MCHJ dorini shu narxda sotib olishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, vazirlik va MCHJ o‘z saytlarida g‘olib kimligini e’lon qilgan.

“Birinchidan, bitta narsani iltimos qilaman. Bu mavzu bilan shug‘ullanayotgan odamlar bor. Mayda, bo‘lmag‘ur gaplar… Nima bo‘lsa ham, o‘zi tekshiradi, o‘zi javobini beradi. Bu mavzuga chuqur kirmanglar. Bu bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bor. Ular hammasini ochiq o‘rganyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda dorixonalarda 3 baravar arzon, u-bu degan [xabarlar] noto‘g‘ri, provokatsion chiqarilgan…”, — dedi Amrillo Inoyatov.

“Gazeta.uz” shuningdek, SSV ta’sischiligidagi “O‘zmedimpeks” MCHJ kaliy yodidni “Samo” MCHJdan 2022-yilda 5500 so‘mdan, 2023-yilda 6500 so‘mdan sotib olganini, chakana savdoda esa aynan ushbu dori vositasi 2800−3000 so‘mdan sotilayotganini aniqlagandi.

Avvalroq Namanganda o‘zini sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning yordamchisi deb tanishtirgan shaxs “Prezident administratsiyasidan qo‘ng‘iroq bo‘lganini” aytib, bolalarning zaharlanish mavzusini “kovlamaslik”ni so‘ragan. Bu gap-so‘zlar ortidan SSV matbuot xizmati Prezident administratsiyasi vazirga “Antistrumin” qabul qilgan bolalarda nojo‘ya ta’sirlar kuzatilayotgani bilan bog‘liq vaziyat haqida intervyu berishni taqiqlamaganini ma’lum qildi. Biroq o‘zini vazir yordamchisi deb tanishtirgan shaxsning kimligiga aniqlik kiritilmadi. Qolaversa, o‘zini barcha savollarga ochiqligini ta’kidlayotgan SSV “Gazeta.uz” so‘rovlariga javob bermay kelmoqda.

Bolalarning ommaviy zaharlanishi

Namangan viloyatida kamida 71 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani (jami 450 nafar bola haqida xabar berilgan) ma’lum bo‘lgach, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 22-sentabrdan “Antistrumin” №100 tabletkalaridan foydalanishga cheklov joriy qilgandi. Andijon viloyati hokimligi “Antistrumin” preparatini qabul qilgan 12 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berdi.

Biroq ko‘p o‘tmay sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova “oziq-ovqat yoki dori-darmondan zaharlanish gumonlari hali tasdiqlanmaganini” aytdi. U bolalarda O‘RVI bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam markazining toksikologiya bo‘limlariga ham o‘nlab bolalar zaharlanish belgilari, isitma, oshqozon buzilishi bilan yotqizilgan. Ota-onalar farzandlari yod iste’mol qilganidan keyin kasal bo‘lib qolishganini aytishdi. Shifokorlar esa preparat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Yuzlab bolalar kasalxonaga yotqizilgani holati bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Dushanba kuni preparat ishlab chiqariladigan zavodda tekshiruv boshlangani ma’lum bo‘ldi.