25-sentabr kuni kechqurun Tog‘li Qorabog‘dagi Stepanakert-Askeran avtomobil yo‘lidagi yonilg‘i omborida yuz bergan portlash oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Armenpress” tan olinmagan respublika Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib.

Turli og‘irlikdagi kuyish jarohatlari bilan 290 nafar bemor tibbiyot muassasalariga yetkazilgan, ulardan o‘nlab kishilarning ahvoli og‘ir, deb ta’kidladi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, bedarak yo‘qolganlar ham ko‘p. Ularning soni aniqlanmagan. Qayd etilishicha, Tog‘li Qorabog‘dagi tibbiy imkoniyatlar yetarli emas.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi parlamenti deputati Metakse Akopyanning News.am nashriga aytishicha, portlash sodir bo‘lgan omborxonada Qorabog‘dan Armanistonga ketayotgan odamlarga benzin tarqatilgan.

Armanistonlik shifokorlar bo‘lgan birinchi vertolyot 26-sentabr kuni Stepanakertga uchib, yaradorlar bilan birga Sisianga qaytdi, deya aniqlik kiritmoqda News.am.

Qorabog‘dagi Rossiya tinchlikparvar kontingenti shifokorlari ham jabrlanganlarga yordam ko‘rsatmoqda, deya xabar berdi tinchlikparvar kuchlar qo‘mondonligi yaralangan aholining suratlarini e’lon qilib.

Mintaqada mojaro avj olayotgan bir paytda etnik armanlar Tog‘li Qorabog‘ni ko‘pchilik bo‘lib tashlab ketmoqda. Armaniston hukumatiga ko‘ra, Armanistonga allaqachon 13,5 mingdan ortiq qochqin kirib kelgan. Tan olinmagan respublika rasmiylari avvalroq Ozarbayjon tarkibida yashashni istamaydigan va etnik tozalashdan qo‘rqqan 120 mingdan ortiq Qorabog‘ aholisi mintaqani tark etishni rejalashtirayotganini bildirgandi.

19-sentabr kuni Ozarbayjon tan olinmagan respublikada “aksilterror operatsiyasi” boshlanganini e’lon qilgan va Stepanakertni o‘qqa tuta boshlagandi.

20-sentabr kuni tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Tog‘li Qorabog‘ hukumati Ozarbayjonning talablariga rozi bo‘lgan: tan olinmagan respublika armiyasi tarqatib yuboriladi va uning hududidan harbiy texnika olib chiqiladi. Kelishuvga ko‘ra, mahalliy aholining reintegratsiyasi va xavfsizligi masalalari Ozarbayjon vakillari bilan uchrashuvlarda hal etilishi kerak.