O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-York shahriga tashrif doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Boston Consulting Group kompaniyasi raisi Rich Lesser va Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi bo‘yicha rahbari Rza Nuriyevni qabul qildi.

ақш, жаҳон banki, нью-йорк, tashrif, шавкат мирзиёев

Uchrashuv avvalida davlat rahbari AQShning ushbu konsalting kompaniyasi O‘zbekistondagi yirik korxonalarning boshqaruvini maqbullashtirish loyihalarida faol ishtirok etayotganini qayd etdi. 2022-yili Toshkent shahrida Boston Consulting Group`ning ofisi ochildi.

Suhbatda sun’iy intellekt salohiyatidan foydalangan holda Bilimlar iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli kompleks strategiyani, sanoatni rivojlantirish dasturini hamda O‘zbekiston energetika sohasini rivojlantirish “master rejasi”ni birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

“Investorlar bilan O‘zbekiston hududlarini rivojlantirishga uzviy bog‘lagan holda ishlash samaradorligini oshirish, davlat korxonalari va banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish, banklarning raqamli infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharlarni rivojlantirish va energetikadagi loyihalarni ekspertiza jihatidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashuv o‘tkazdi.

ақш, жаҳон banki, нью-йорк, tashrif, шавкат мирзиёев

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirishning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Ajay Bangani Jahon banki guruhi prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabrikladi hamda uning rahbarligida bank rivojlanayotgan mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga faol ko‘maklashishni davom ettirishiga ishonch bildirdi.

Xususiylashtirish va samarali davlat boshqaruvi sohalarida bankning ekspertlik va texnik ko‘magini kengaytirish, karbonsizlashtirish, muqobil energetika, infratuzilma va kommunikatsiyalar, suv ta’minoti bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish va ularga xususiy investitsiyalar, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish hamda Transafg‘on temir yo‘lini qurish kabi strategik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Ajay Banga, o‘z navbatida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli sheriklikni bundan buyon ham rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Bankning dunyo biznesi yetakchi vakillaridan iborat Maslahat kengashi O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

“2026-yilga qadar davrga mo‘ljallangan va jami 4 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik dasturi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining barcha ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan”, — deyiladi xabarda.

Tashrif yakuni

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga amaliy tashrifi 20-sentabrda yakuniga yetdi.

Davlat rahbari Nyu-York shahriga tashrifi davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zladi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “S5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qo‘shma Shtatlar prezidenti Jozef Bayden ikki tomonlama uchrashuvda davlatlararo va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdi.

Bundan tashqari, davlat rahbari Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel, Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol, Pokiston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar Kakar, shuningdek, nufuzli xalqaro tuzilmalar rahbarlari — BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, Jahon banki guruhi prezidenti Adjay Banga, FIFA prezidenti Janni Infantino bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston yetakchisi AQSh biznesi vakillarining O‘zbekiston-Amerika savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyasi hamda yirik transmilliy kompaniya va korporatsiyalar — Air Products, “Citigroup”, “SNH”, “Boston Consulting Group”, “GE HealthCare”, “Oppenheimer”, “Cerberus”, “Cintana” rahbarlari bilan uchrashdi.

Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.