Prezidentning 14-sentabrdagi qarori bilan 2024-yildan oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz band yuqori stavkada ajratilishi belgilandi.

Kreditlar 3 yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan ajratiladi. Hozirda bunday kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasi darajasida ajratib kelinmoqda (14 foiz).

Shuningdek, hujjat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Biznesni rivojlantirish bankining 2023-yil 1-oktabrdan boshlab Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini amalga oshirish ma’qullangan.

Biznesni rivojlantirish banki bu dasturni amalga oshirish uchun tayanch bank bo‘ladi. Dasturni 2023−2026-yillarda amalga oshirish uchun davlat mablag‘lari hisobidan 6 trln so‘m va xalqaro moliya institutlarining 1,2 mlrd AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Dasturda ishtirok etish huquqi quyidagilarga beriladi:

  • kamida bir yil mobaynida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar, nodavlat ta’lim tashkilotlari, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar.

2023-yil 1-oktabrdan dasturda ishtirok etadigan kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun quyidagi choralar ko‘riladi:

  • tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha muddatga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz punkt yuqori stavkada 1,5 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratish va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing berish. Bunda 100 mln so‘mgacha kreditlar garovsiz, 150 mln so‘mgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratiladi;
  • qiymati 1,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalarni 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga berish;
  • 24 oydan ortiq faoliyat yuritayotgan va oxirgi 12 oyda aylanma mablag‘lari miqdori 1 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlangan kichik tadbirkorlik subyektlarining yangi loyihalariga va mavjud ishlab chiqarishni kengaytirishga oid loyihalarga bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari va yer maydonlari, asbob-uskunalar, bino-inshootlar va boshqa ko‘rinishdagi moddiy aktivlar bilan 20 foizgacha, biroq 1 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan qiymatda ulushdor bo‘lib kirish;
  • innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 mlrd so‘mgacha grant mablag‘larini ajratish.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “mahalla yettiligi” kafolati ostidagi oilaviy tadbirkorlik subyektlariga garovsiz kreditlar limiti 33 million so‘mdan 100 million so‘mgacha oshirilishini ma’lum qilgandi.