Qashqadaryo viloyatida 52 yoshli ayolning bank kartasidan 2 mln so‘m pul yechib olgan yigit ushlandi, deb xabar bermoqda IIVning Kiberxavfsizlik markazi.

Qayd etilishicha, shu viloyatda yashovchi ayol IIOga murojaat qilib, bank kartasidan pul o‘g‘irlanganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv natijasida jinoyatchi F.Sh. ismli yigit ekani, u bu jinoyatni Telegram messenjeri orqali turli xil mazmundagi xabar (havola)lar jo‘natish, so‘ngra bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali sodir etgani aniqlandi.

Holat yuzasidan yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi (Qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib o‘g‘irilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qonunga muvofiq, bu moddadagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Avvalroq xuddi shu yo‘l bilan Toshkentda fuqaroning bank kartasidan 11,7 mln so‘m pul o‘g‘irlangani haqida xabar bergandik.