Sirdaryo viloyatidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida yashaydigan ruhiy nosog‘lom ayolning ustidan mazax qilingani aks etgan video e’lon qilindi. Inson huquqlari bo‘yicha vakil — ombusdman holatni tasdiqlab, munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, S.Ya. ismli bemor (ayol)da aqli zaiflikning og‘ir darajasi sababli xulq-atvor buzilishi bilan kechuvchi ruhiy holat tez-tez kuzatiladi. “Ya’ni doimiy ravishda yaqin qarindoshlarini eslab, uyimga jo‘nating yoki chaqirib bering, deb yig‘lash holatlari yuzaga keladi”, — deya tushuntirdi inson huquqlari bo‘yicha vakil.

Ushbu muassasaga autsorsing asosida xizmat ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektida ishlovchi X.M. va Sh. O. ismli ayollar esa uning ruhiy holatini bila turib, hududda erkin sayr qilib yurgan paytida oshxonaga olib kirgan va mazax qilgan. Holatni videotasvirga olib, oshxonada ishlovchi xodimlar guruhiga jo‘natgan, deyiladi xabarda.

Ular buni shifokor, hamshira va kichik tibbiy xodimlar (enaga) ruxsatisiz amalga oshirgan.

17-may kuni internat uyi rahbari Sirdaryo tumani IIBga murojaat qilib, ayollarning xatti-harakatiga “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi” qonunning 3 va 4-moddalari yuzasidan qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha murojaat qilgan.

Xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan va ular vazifasidan ozod etilgan. Surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Ombudsman mintaqaviy vakili bemor va uning shifokori bilan suhbatlashganda kayfiyati va ruhiy holati yaxshi ekani ma’lum bo‘ldi. Inson sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat. Hech kimning uni toptashga va poymol qilishga haqqi yo‘q!” — deya qo‘shimcha qilindi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ularga nisbatan eng kam ish haqqining 10 baravari miqdorida (10 million 500 ming so‘m) jarima jazosi tayinlanganini ma’lum qildi. Ular ishlovchi Innovation-Outsorsing-Service firmasi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish uchun rahbari nomiga ogohlantirish xati chiqarilgan.