8-sentabr kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qilgandi. UzA xabar qilishicha, loyiha tasdiqlanib, tegishli qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan. O‘zgarishlar 1-oktabrdan kuchga kiradi.

Qarorga ko‘ra, aholi uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi o‘zgarishsiz — 295 so‘m qoladi.

I va II guruh iste’molchilari — Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq KMK, O‘zbekiston metallurgiya kombinati va ularning tarkibiy korxonalari, budjet tashkilotlari, shuningdek, nasos stansiyalari uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi 450 so‘mdan 1000 so‘mga (2,2 marta) oshadi, boshqa yuridik shaxslar (kompaniyalar) uchun esa — 450 so‘mdan 900 so‘mgacha (2 baravar).

Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste’molchilar uchun tarif ham o‘zgarishsiz qoldi — 147,5 so‘m etib belgilandi.

Aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gazning bir kubometri narxi ham o‘zgarmaydi — 380 so‘m.

Gazni hisobga olish priborlari mavjud bo‘lmaganda, ovqat tayyorlash va issiq suv ta’minoti uchun beriladigan gazning bir kubometri 660 so‘m (o‘zgarishsiz qoladi), isitish uchun — 380 so‘m (o‘zgarishsiz qoladi)) bo‘ladi.

Navoiy KMK, Olmaliq KMK, “O‘zmetkombinat” va budjet tashkilotlari uchun bir kubometr gaz narxi 660 so‘mdan 1800 so‘mgacha (2,7 baravar) oshiriladi. Boshqa yuridik shaxslar uchun esa narx 660 so‘mdan 1500 so‘mgacha (2,3 baravar) oshadi.

Aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi o‘zgarmaydi — 1120 so‘m.

Shuningdek, qaror bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida:

  • o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunalari tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga to‘liq ulanganligini va onlayn rejimda ma’lumotlar uzatilayotganini qat’iy nazorat qilib boriladi;
  • noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlarini kuchaytiriladi;
  • tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi kelgusi olti oyda bir kub metr uchun 3250 so‘mdan oshib ketmasligi bo‘yicha qat’iy choralar ko‘riladi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va oqava suv xizmatlariga, shahar yo‘lovchilar tashish transportida (bundan yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar mustasno) yo‘lovchilar tashish xizmatlariga yangi ta’riflarni belgilash tavsiya etilmoqda.

Bunda, issiqlik ta’minoti xizmatlarining aholi uchun belgilanadigan narxlari joriy kuz-qish mavsumida oshirilmasligi ko‘zda tutilgan.

Energiya bozorini liberallashtirish harakati

O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasiga tariflar oxirgi marta 2019-yil avgust oyida oshirilgan edi. Energiya resurslari bo‘yicha narxlarni liberallashtirish va energetika sohasini isloh qilish ishlari bir necha bor ortga surilgan.

Hukumat 2020-yilning fevral-mart oylarida elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni rejalashtirgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu chorani keyinga qoldirgan. 2020-yil oktabr oyida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Mustafoyev prezident tomonidan 2021−2022-yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik vazifasi qo‘yilgani haqida ma’lum qilgandi.

Biz 2022-yil may oyida O‘zbekistonda 7,3 million abonent elektr energiyasi iste’mol qilishi, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt/soatgacha elektr energiyasini sarflashi haqida yozgandik. Vaholanki, bu uy xo‘jaliklari aholi tomonidan iste’mol qilinadigan umumiy elektr energiyasining atigi 31 foizini (5,7 milliard kVt/soat) tashkil etadi.

4 million gaz abonentining 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha gaz iste’mol qiladi. Shu bilan birga, ular aholi umumiy iste’molining atigi 35 foizini (4,5 milliard kub metr) tashkil qiladi.

Hukumat 2022-yil 15-iyuldan energiya iste’molining ijtimoiy normasini joriy etishni va limitlarni joriy qilishni rejalashtirgan edi, chunki ko‘proq iste’mol qilganlar davlat subsidiyalarining katta qismini oladi, biroq keyinchalik bu boradagi qaror keyinga qoldirilgan.

O‘tgan yil oxirida prezident aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlagan holda energiya resurslariga bozor narxlarini joriy etish zarurligini ta’kidlagandi.

Fevral oyida Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamroyev may oyida elektr energiyasi va gaz narxlarining liberallashtirilishi kutilayotgani haqida xabar bergandi. Mart oyi oxirida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov 2023-yilda energiya resurslari uchun tariflarni oshirish rejalashtirilmagani, biroq bu masala muhokama qilinayotganini aytgan.

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetika sohasidagi joriy narx siyosati kambag‘allarning qashshoqlashishiga, boylarning boyib ketishiga olib kelmoqda. Energetika kompaniyalariga bozordan tashqari narxlarni qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan milliardlab dollarlik subsidiyalar boylar uchun ko‘proq foydalidir, degan u.