Hafta davomida kam bulutli va quruq ob-havo bo‘ladi

11−15-sentabr kunlari O‘zbekistonda asosan kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat +29…+32 daraja bo‘ladi. Tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Foto: Toshkentda yana chang bo‘roni kuzatilmoqda

Toshkentda kuchli shamol ortidan chang-to‘zonlar sodir bo‘lmoqda. IQAir Havo sifati indeksiga ko‘ra, hozir O‘zbekiston poytaxti havo ifloslanishi bo‘yicha dunyo shaharlari reytingida birinchi o‘ntalikdan o‘rin oldi. “Gazeta.uz” muxbirlari changga burkangan poytaxt ko‘chalarini suratga oldi.

Aholi elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlangach, narx oshadi — energetika vaziri

Aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflarni belgilashdan oldin uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish zarur, deya ta’kidladi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatga yangi tarifni 2024-yilning 1-mayidan joriy etish bo‘yicha taklif kiritilishi kutilmoqda.

Yangi Toshkentda tramvay va metroning yagona tarmog‘i quriladi

Yangi Toshkentda “eski” Toshkent bilan bog‘langan tramvay va metroning yagona tarmog‘ini qurish rejalashtirilmoqda. “Yangi shaharga metroda 30−35 daqiqada yetib borish mumkin… Avtomobilda kelishga ehtiyoj qolmaydi” , — deydi qurilish vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov.

Prokuror jurnalist Mavjuda Mirzayevaga 6 yil qamoq jazosi berishni so‘radi

Kompromatuzb ishi doirasida sudlanayotgan jurnalist Mavjuda Mirzayevaga 6 yil qamoq jazosini berish va 3 yil davomida kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash so‘raldi.

Dekabrda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligi yubileyi o‘tkaziladi

Toshkentda dekabr oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Xususan, xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalar o‘tkazish hamda akademiyaning yangi haqiqiy a’zolarini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi prezident tashrifi oldidan AQShda bo‘ldi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va boshqa rasmiylar AQShga tashrif buyurdi. Shavkat Mirziyoyev sentabr oyi oxirida AQShga borishi kutilmoqda. U yerda “Markaziy Osiyo-AQSh” formatidagi birinchi sammit (C5+1) o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Iqtisodiyotni fiskal va monetar rag‘batlantirishda davom etish inflyatsion bosimni keltirib chiqarishi mumkin — ITIM

Fiskal va monetar rag‘batlantirish vositalari orqali iqtisodiyotni rag‘batlantirishni davom ettirish inflyatsion bosimni keltirib chiqarishi mumkin, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi choraklik makroiqtisodiy tahlilida. Markaz 2023-yilda YAIM o‘sishi 5,8 foizni tashkil etishini prognoz qildi.

Shimoliy vokzaldan harakatlanuvchi aksariyat poyezdlar bir oy davomida Janubiy vokzaldan qatnaydi

Texnik ta’mirlash ishlari tufayli Toshkent markaziy (Shimoliy) temiryo‘l vokzalidan harakatlanadigan ayrim poyezdlar qatnovi 15-sentabrdan 15-oktabrgacha “Toshkent-Janubiy” vokzalidan amalga oshiriladi. Bu vaqtda ikki vokzal o‘rtasida bepul avtobuslar qatnaydi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola:

Biz yo‘qotayotgan bog‘. Mutaxassislar — Toshkentni ko‘kalamzorlashtirish muammolari haqida

O‘zbekiston poytaxti “bog‘-shahar” g‘oyasi ustiga qurilgan. Ammo qurilishlar, daraxtlarni kesish, ularni noto‘g‘ri parvarishlash va aholi salomatligi ko‘kalamzorlashtirishning o‘z yechimini kutayotgan tizimli muammolaridan dalolat bermoqda, deydi mutaxassislar. Aks holda, biz o‘zimiz yashayotgan bog‘ni yo‘qotamiz.

Nima o‘qiymiz? Jurnalist Safarali Qurbonov tavsiya qiladi

“Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan “Nima o‘qiymiz?” loyihasini davom ettiradi. Sara asarlar, o‘qilishi maqsadga muvofiq hisoblangan kitoblar ro‘yxati haqida olim, tadqiqotchi, yozuvchi-shoir, tarjimon, jurnalist va jamoat faollarining tavsiyalarini sizga yetkazamiz.