OTMga kirish bo‘yicha mandat e’lon qilindi

22-avgust kechasi O‘zbekistonda OTMga qabul uchun yakuniy test natijalari e’lon qilindi. Abituriyentlar o‘z natijalarini my.uzbmb.uz va mandat.uzbmb.uz saytlari, abituriyent ID raqamini yuborgan holda @edtmmandatbot Telegram boti, ruxsatnoma QR-kodi hamda test natijalari qaydnomasi orqali bilishlari mumkin.

Abituriyentlarning apellyatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi

OTMga qabul uchun test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlardan apellyatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi va u 31-avgustga qadar davom etadi. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish 24-avgustdan boshlanadi.

Shuhrat Abdurahmonov “Andijon” futbolchilariga avtomobil va iPhone 14 sovg‘a qilishini bildirdi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Superliganing 17-turi doirasidagi “Andijon” — “Olimpik” (2:1) o‘yinidan keyin futbolchilar bilan uchrashdi. U gol muallifi Rubin Hebayga istalgan avtomashinasini tanlashini, qolgan futbolchilarga esa iPhone 14 smartfonlari berilishini va’da qildi.

Tojikistondan O‘zbekistonga olib o‘tilayotgan 55 kg giyohvand modda to‘xtatib qolindi

Tojikiston bilan chegaradagi “Oybek” bojxona postida 55 kg ga yaqin giyohvandlik vositalarini O‘zbekistonga olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatib qolindi. U moddalarni gaz balloni va benzin bakiga yashirgan.

Samarqand shahrida 49 kishi fast fuddan zaharlandi

Samarqand shahrida 49 kishi xot dogdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizildi. Ahvoli yaxshilangan 29 kishiga uyga javob berilgan. Ustidan shikoyat qilingan oshxona vaqtincha yopilib, mahsulotlari tekshirilmoqda.

O‘zbekistondan Qatarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yildi

21-avgust kuni EASYBOOKING kompaniyasi Centrum Air hamkorligida Toshkent-Doha (Qatar) yo‘nalishida ilk parvozni yo‘lga qo‘ydi. A-320 samolyotining birinchi yo‘lovchilari orasida “Navbahor” klubining muxlislari ham bor. Shuningdek, EASYBOOKING dastlabki 3 reys yo‘lovchilariga Qatar vizasini bepul taqdim etmoqda.

IIV Akademiyasiga xorijiy kadrlar kirish imtihonisiz o‘qishga qabul qilinadi

2024−2025 o‘quv yilidan IIV Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlari o‘qitiladi. Ular muassasaga imtihonlarsiz qabul qilinadi. Kvotalarni prezident belgilaydi.

Farg‘onada bir ayolni do‘pposlab, uni zo‘rlagan 4 erkak 7 yildan 9 yilgacha qamaldi

Beshariq tumanida oilali ayolga zo‘rlik ishlatib, urib-do‘pposlagan va jinsiy ehtiyojlarini qondirgan 4 erkakning biri 9 yilga, ikki nafari 8 yilga, yana biri esa 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Petrovietnam yana O‘zbekistonda uglevodorodlarni qidiradi

O‘zbekiston hukumati va Vetnamning Petrovietnam Exploration & Production kompaniyasi o‘rtasida Kossor, Sho‘rchashma va Chuqurko‘l uchastkalaridagi neft va gaz obyektlarida geologik qidiruv ishlarini boshlash to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

Qashqadaryoda 17 tup archaga shikast yetkazilgani aniqlandi

Dehqonobod tumanida 6 tup archa tagidan, 11 tup archaning esa yon shoxlari kesib tashlangani uchun o‘rmon qo‘riqchisiga 3,3 mln so‘m jarima qo‘llandi. Tabiatga 18 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

“Gazeta.uz"da e’lon qilingan maqola:

Kambag‘allarning kambag‘alligiga ularning o‘zi sababchimi? Iqtisodchi Behzod Hoshimov javob beradi

“Gazeta.uz” Mifonomika loyihasi doirasida Behzod Hoshimov bilan kambag‘allik mavzusida suhbatlashdi. Iqtisodchi buning sabablarini tahlil qilarkan, ba’zi mamlakatlarda odamlarda imkoniyat ko‘proq ekani va shuning uchun u yerlarda kambag‘allik ham kamroqligini ta’kidladi.