Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Samarqand viloyatining Urgut tumanida 8,3 kg opiy giyohvandlik moddasini musodara qildi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Urgut tumanida yashovchi, 1978 va 1986-yillarda tug‘ilgan opa-singil 911 gramm opiy moddasini 12 ming dollarga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, ular moddani mazkur tumanda istiqomat qiluvchi, 1990-yilda tug‘ilgan 2 nafar shaxsdan olganliklari aniqlanib, ular ham qo‘lga olingan.

Shuningdek, bu ikki shaxsning yashash xonadonlarida o‘tkazilgan tintuv tergov harakati vaqtida ulardan birining uyidan 228 gramm va ikkinchisining uyidan 7 kg 187 gramm opiy moddasi xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tezkor tadbir davomida olingan jami 8 kg 326 gramm opiy moddasi Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingani aniqlangan.

Hozirda mazkur 4 nafar fuqaroga nisbatan DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 28-modda (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 246-moddasi (Kontrabanda) 2-qismi va 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ularga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.