Javlonbek Oybekovich Umarxo‘jayev Uzbekistan Airports AJning boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda transport vaziri Ilhom Mahkamov va bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov ishtirok etdi.

Bir kun avval “Gazeta.uz” manbalari Ra’no Jo‘rayeva o‘z lavozimidan bo‘shatilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

“Ra'no Jo‘rayevaning aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, kompaniya boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlari o‘zining ijobiy natijasini berdi”, — deyiladi xabarda.

Ra’no Jo‘rayeva kompaniyaga 2021-yil fevralidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi. Bungacha u Rossiyada aviatsiya va kosmik sohada ishlagan. 2022-yil sentabr oyida u bilan shartnoma uch yilga uzaytirilgan.

Umarxo‘jayev mehnat faoliyatini 2008-yildan Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasida boshlagan.

2009−2018-yillarda MAK aviatsiya xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, 2018−2021-yillarda Kapital qurilish direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Toshkent-Vostochniy” loyihasi texnik direktori bo‘lib ishlagan.

U 2021-yildan shu paytgacha Uzbekistan Airports boshqaruv raisining operatsion faoliyat bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.