O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘onada bo‘lib o‘tgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan yig‘ilishida yaqinda Toshkentdagi bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan voqeani tilga olib, ichki ishlar xodimlari bolalarga “oq va qorani ajratish” muhimligini tushuntirganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bog‘chalarga borib, 3−4 yoshli bolakaylarga „oq-qorani farqlash“ bo‘yicha ma’ruza o‘qish bilan band”, — deya ta’kidladi prezident.

Davlat rahbari tizimda staji 3 yilgacha bo‘lgan, endi tajriba to‘playotgan profilaktika inspektorlarini kriminogen og‘ir mahallaga qo‘yish amaliyoti haligacha davom etayotganini bildirdi.

Aksincha, “yaxshi” mahallalarda esa ko‘p yillik tajribasi bor xodimlar xizmat qilayotgani qayd etildi.

Ichki ishlar vaziriga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish ishlari qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy muammosi hal etilmasa, jinoyat yo‘liga kirish ehtimoli yuqori aholi qatlami bilan yangicha ishlash tizimi joriy qilingan edi. Unga ko‘ra, bunday toifaga kiruvchi aholi “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida “mahalla beshligi”ga nomma-nom biriktirilgan.

“Lekin Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bu masalaning ichiga chuqur kirmagan, „mahalla beshligi“ uchun na bir metodika, na bir qo‘llanma ishlab chiqqan. Oqibatda ushbu yangi tizim 9 ming 400 ta mahalladan bor-yo‘g‘i 20 tasida ishlayapti”, — dedi u.