O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent xalqaro aeroporti hududiga taksilarni olib kirish bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish natijalarini ma’lum qildi.

Qo‘mita 2022-yil sentabr oyida yagona taksi xizmati (Bobur Diyor) ishga tushirilgandan so‘ng aeroportda to‘xtash joylari to‘lovi oshirilgani va boshqa tashuvchilarning kirishiga “sun’iy to‘siqlar qo‘yilgani” sababli iste’molchilardan shikoyatlar kelib tushganini bildirdi.

Taksi operatori Uzbekistan Airports tomonidan auksion natijalariga ko‘ra tanlangan. Boshqa taksi xizmatlari, shu jumladan, agregatorlar (MyTaxi, Yandeks Go va boshqalar) orqali ishlaydiganlar yo‘lovchilarni to‘xtash joyidan yoki uning tashqarisida olib ketishlari mumkin.

Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airports`ning xatti-harakatlari qonunbuzarlik ekanini ma’lum qildi. Xususan, terminalga kirish uchun faqat bitta kompaniya uchun shart-sharoit yaratilgan bo‘lib, litsenziyaga ega bo‘lgan va Uzbekistan Airports talablariga javob beradigan boshqa xizmat ko‘rsatish avtomobillari kiritilmaydi.

Bobur Diyor`dan to‘lov undirilmaydi, qat’iy yo‘l tariflari qo‘llanadi va har qanday narx o‘zgarishi Uzbekistan Airports bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Aeroport parkovkalarida to‘xtash uchun to‘lovlar miqdorining oshishi qo‘mita tomonidan raqobatni cheklash sifatida baholandi. Bir soatlik to‘xtash narxi (birinchi 10 daqiqa bepul) terminal yaqinidagi to‘xtash joylarida soatiga 10 000 so‘m, undan uzoqroqdagi to‘xtash joylarida esa 5000 so‘m.

Amaldagi “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bunday maqomga ega bo‘lgan kompaniyalar tabiiy monopoliya doirasiga kirmaydigan bozorlarda raqobatni cheklash uchun o‘z mavqeidan foydalanmasligi kerak.

Bundan tashqari, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, raqobat muhitini cheklagan holda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirishi taqiqlanadi, deyiladi qo‘mita xabarida.

2022-yil 23-dekabrda Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airports`ga quyidagi majburiy ko‘rsatmalar bergan:

  • tegishli talablarga mos keluvchi va belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan taksi xizmatini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar avtomobillarining kiritilishiga teng shart-sharoit yaratib berilishini ta’minlash;
  • yo‘lovchilar va bagaj tashuvchi taksi xizmatini tashkil etish uchun “texnik topshiriq”dan, unga tegishli joyni ijaraga berish shartnomasidan yo‘lovchilarni tashish uchun qat’iy belgilangan tariflar qo‘llanilishi hamda tariflardagi har qanday o‘zgarishlar Uzbekistan Airports”AJ bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi bandlarini chiqarib tashlash;
  • yo‘lovchilar kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning birinchi qatorida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar mavjudligi to‘g‘risida iste’molchilarni xabardor qilinishini ta’minlash;
  • aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorini qayta ko‘rib chiqish.

Qo‘mita qarori va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lgan Uzbekistan Airports Toshkent shahri tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan.

Sudning 28-martdagi qarori bilan Uzbekistan Airports`ning apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmagan, qo‘mita qarori va ko‘rsatmasi o‘zgarishsiz qolgan. Ish Toshkent shahri ma’muriy sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan ham ko‘rib chiqilib, 12-iyun kuni shikoyat rad etilgan.