2023-yilda OTMga kirish uchun hujjat topshirgan 1 mln 18 ming 7 nafar abituriyentning 948 486 nafari test sinovida ishtirok etadi. Bilimni baholash agentligi imtihonda qatnashadigan abituriyentlar statistikasini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 69 ming 521 kishining topshirgan hujjati turli sabablar bilan qabul qilinmagan. Ular testga kirish uchun to‘lovni amalga oshirmagan bo‘lishi mumkin, deya yozmoqda huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev.

Eng ko‘p abituriyentlar ta’lim tili bo‘yicha o‘zbek tilida o‘qishni tanlagan.

  • O‘zbek tili — 828 699 nafar;
  • Rus tili — 88 830 nafar;
  • Qoraqalpoq tili — 28 718 nafar;
  • Boshqa tillar — 2 239 nafar.

Abituriyentlarning ta’lim shakllari bo‘yicha taqsimoti (birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan):

  • Kunduzgi ta’lim shakli — 545 616 nafar;
  • Kechki ta’lim shakli — 22 867 nafar;
  • Sirtqi ta’lim shakli — 373 169 nafar;
  • Masofaviy ta’lim shakli — 6 834 nafar.

Eng ko‘p abituriyent har yilgidek O‘zbekiston milliy universitetiga o‘qishga kirish niyatida — 33 721 nafar. Ro‘yxatdan o‘tganlarning (birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan) 28 474 nafari Toshkent davlat transport universitetiga kirish uchun imtihon topshiradi. Shuningdek, Farg‘ona davlat universitetiga 28 188 nafar, Toshkent davlat pedagogika universitetiga 26 827 nafar, Qarshi davlat universitetiga 26 640 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan hududlar quyidagilar (doimiy yashash hududi bo‘yicha):

  • Qashqadaryo viloyati — 112 242 nafar.
  • Samarqand viloyati — 105 805 nafar.
  • Farg‘ona viloyati — 89 022 nafar.
  • Toshkent viloyati — 82 173 nafar.
  • Surxondaryo viloyati — 79 004 nafar.