14-iyun kuni Yevroparlament deputatlari Sun’iy intellekt to‘g‘risidagi akt (The A.I. Act) deb nomlanuvchi qonun loyihasini ma’qulladi, deb xabar bermoqda BBC. Hujjat SIdan foydalanishdagi eng xavfli holatlarni cheklashi kutilmoqda.

Qonun loyihasi SI tizimlarini to‘rtta xavf guruhiga ajratadi: qabul qilib bo‘lmaydigan, yuqori, cheklangan va generativ SI. Har bir guruh uchun nazorat choralari kiritiladi.

Qonun loyihasida, xususan, jamoat joylarida yuzni real vaqt rejimida tanib olish uchun SI texnologiyalaridan foydalanishni taqiqlash taklif etiladi.

Bundan tashqari, ChatGPT chat boti kabi kontent yaratuvchi tizimlar foydalanuvchilarni ularning kontenti inson tomonidan emas, balki kompyuter tomonidan yaratilgani haqida ogohlantirishi kerak bo‘ladi.

Qonunning yakuniy versiyasi hali Yevropa komissiyasi va Yevropa kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Uning kamida 2025-yildan kuchga kirishi rejalashtirilgan. Hujjat SIdan foydalanish va rivojlantirishni tartibga soluvchi dunyodagi birinchi qonun bo‘ladi.

Avvalroq eng yirik sun’iy intellekt ishlab chiquvchilari, jumladan, OpenAI va Google DeepMind kabi texnologik kompaniyalarning bir guruh olimlari va rahbarlari o‘z texnologiyalari xavfini pandemiya hamda yadro urushiga qiyoslab, insoniyatning “yo‘q bo‘lib ketish xavfi” haqida ogohlantirgandi.