Farg‘onada tabiat resurslari inspeksiyasi bosh mutaxassisi pora olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, departamentning Dang‘ara tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda inspeksiya bosh mutaxassisi M.A. fuqaro A.T.ning ov qilish taqiqlangan hududda pnevmatik qurol bilan noqonuniy baliq ovlagani bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmagani aniqlangan. M.A. olib qo‘yilgan pnevmatik qurolni egasi U.R.ga qaytarib berish evaziga o‘z xizmat xonasida 1 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq “Sirdaryo suv ta’minoti” kompaniyasining Guliston shahridagi nazoratchi-inspektori fuqaroning ichimlik suvidan 3,7 mln so‘mlik qarzdorligini yopib berish evaziga 1,7 mln so‘m olgan vaqtda ushlangani haqida xabar berilgandi.