12-iyun kuni Nukus shahridan Chimboy tumani yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan ikki mashina to‘qnashish oqibatida 2 nafar kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘sha kuni soat 14:30 da Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir avtomobil yo‘lining 43−44 kilometr oralig‘ida fuqaro B.M. boshqaruvidagi Lacetti transport vositasi yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, fuqaro R.T.ning boshqaruvidagi Labo avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

Ushbu YTH oqibatida Labo haydovchisi R.T. hamda Lacetti ichida bo‘lgan yo‘lovchi Sh. S. voqea joyida vafot etgan, uning haydovchisi B.M. va yo‘lovchi — voyaga yetmagan A.B. jarohatlar olib Kegayli tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston IIV huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.