Mamlakatimiz ta’lim tizimini yana o‘zgarishlar kutayotgan ko‘rinadi. Bir necha yil avval O‘zbekistonda “9+3” (12 yillik majburiy ta’lim) tizimi bekor qilingan, shundan keyin Milliy o‘quv dasturiga o‘tilishi aytilgan va 2022−2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur qabul qilingan edi.

O‘tgan yili “fin tajribasi”ni joriy etish xususida ko‘p gapirildi, yil yakunida esa, “ma’muriy islohotlar” deya taqdim qilingan jarayonlar doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Prezident ta’lim muassasalari agentligi bitta davlat organiga birlashtirildi. Kuni kecha maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Xilola Umarova davlat rahbari bilan uchrashuvda tizimda kutilayotgan bir qator yangiliklarni taqdim etdi. Ushbu o‘zgarishlarning ayrimlari, mening nazarimda, batafsilroq ko‘rib chiqilishi lozim.

O‘quv rejasidagi o‘zgarishlar: yuqori sinflar

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yuqori sinflarda fanlar soni 16 tadan 11 taga qisqartiriladi, 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fanlar joriy etilgan holda “dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi ta’minlanadi”. 10−11-sinflarda “o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish” amaliyotini joriy etish 2023-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida ham nazarda tutilgan. Amalda bu qanday bo‘ladi?

Vazirlik buyrug‘i loyihasiga (muallifga taqdim etilgan) ko‘ra, 2023−24 o‘quv yilidan boshlab har bir hududda sinov maktablari tanlab olinadi hamda ularda quyidagi majburiy va tanlov fanlardan iborat dastur amalga tadbiq etiladi:

  • majburiy fanlar — ona tili va adabiyoti, ingliz tili (buyruq loyihasida “chet tili” emas, aynan “ingliz tili” deb ko‘rsatilgan), tarix, tarbiya, matematika, informatika, jismoniy tarbiya va chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik. Ushbu fanlar uchun 20−21 o‘quv soati ajratilgan;
  • tanlov fanlar — matematika va fizika, kimyo va biologiya, ona tili va chet tili, matematika va chet tili. Bu ikki fanga 10−11 o‘quv soati ajratiladi.

Maxsus komissiya o‘quvchilar orasida so‘rov o‘tkazib, sinfda yuqoridagi to‘rt juft tanlov fanlaridan qaysi biri o‘qitilishini aniqlaydi. Bitta fan ham majburiy, ham tanlov fanlar blokida fanlar takroran kelgan bo‘lsa (ona tili, matematika, chet tili), har ikki blokdagi ushbu fanlarga ajratilgan soatlar qo‘shiladi. Masalan, “kimyo-biologiya” yo‘nalishidagi sinfda matematika haftasiga 5 soatdan o‘qitilsa, “matematika-fizika” yoki “matematika-ingliz tili” yo‘nalishidagi sinfda haftasiga 10 soatdan o‘tiladi. Ona tili va chet tili yo‘nalishidagi sinflarda ushbu fanlar haftasiga mos ravishda 10 va 9 soatdan, qolgan sinflarda esa 5 va 4 soatdan o‘qitiladi.

Shunday qilib, ushbu sinflarning o‘quv rejasidan quyidagi fanlar chiqarib tashlanadi:

  • o‘zbek (davlat) tili (ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan maktablarda) va chet tili sifatida rus tili (ta’lim tili rus tili bo‘lmagan maktablarda), geografiya, iqtisodiy bilim asoslari, huquqshunoslik — bu fanlar majburiy fanlar ro‘yxatida ham, tanlov fanlar ro‘yxatida ham tilga olinmagan;
  • fizika va astronomiya, kimyo, biologiya — bu fanlar faqat tanlov fanlar ro‘yxatida mavjud, ya’ni o‘quvchilar o‘zlari tanlamagan taqdirda, ularga mazkur fanlar o‘qitilmaydi.

Buyruq loyihasida 11-sinfni tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnomaga 10−11-sinflarda o‘rganilmagan fanlar bo‘yicha baholar 9-sinfni tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnomadan ko‘chirib o‘tkazilishi qayd etilgan.

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

Taqqoslash uchun: 2023−24 o‘quv yili uchun tayanch o‘quv dasturi va “sinov” maktablari uchun o‘quv rejalari.

Keyingi o‘quv yilida 10-sinfga o‘tadigan 9-sinf o‘quvchilari 2017-yilda 11 yillik ta’limga o‘tish vaqtida qabul qilingan dastur bo‘yicha tahsil olgan. Vaholanki, 2024-yilgacha Milliy o‘quv dasturiga to‘liq o‘tishning prezident tomonidan tasdiqlangan rejasiga ko‘ra, 2022-yilda darsliklar, jumladan, 10-sinf darsliklari ham yangilangan.

Prezident farmoni bilan xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilgan milliy o‘quv dasturida 7-sinfdan boshlab geografiya, fizika, kimyo va biologiya fanlarini alohida fan sifatida o‘qitish ko‘zda tutilgan (1−6-sinflarda ushbu fanlar bo‘yicha tayanch bilimlar “tabiiy fanlar” faniga birlashtirilgan — hozirda mazkur fan bo‘yicha 1−3- hamda 6-sinflar uchun darsliklar chiqarilgan), 7-sinfda materiklar va okeanlar geografiyasi, 8−9-sinflarda O‘zbekiston tabiiy va iqtisodiy geografiyasi, 10-sinfda jahon iqtisodiy geografiyasi va 11-sinfda oldingi sinflarda olingan bilimlarni umumlashtiruvchi umumiy geografiya fanlarini o‘rganish nazarda tutilgan.

Shunga o‘xshash, fizikaning elektrodinamika, yadro va kvant fizikasi asoslari kabi ayrim bo‘limlarini, shuningdek, astronomiyani o‘rganish 10−11-sinflarda nazarda tutilgan. Kimyo va biologiyaning ham ayrim bo‘limlari faqat yuqori sinflarda o‘rgatiladi.

Huquqshunoslik va iqtisodiyot fanlarini o‘rganish 8-sinfdan boshlanadi. Huquqshunoslik bo‘yicha Milliy o‘quv dasturga muvofiq, 10−11-sinflarda fuqarolik, ma’muriy, mehnat, oila va jinoyat huquqi yuzasidan asosiy tushunchalar beriladi. 11-sinfda “Iqtisodiyot” fani doirasida tadbirkorlik asoslari o‘rganiladi.

Shu o‘rinda savollar tug‘iladi:

  • 10−11 sinflar majburiy ta’limning oxirgi bosqichidir. Agar 10−11-sinflarning ayrim o‘quvchilari bunday keng ko‘lamli muhim fanlarni o‘rganmasalar, ehtimol, bu fanlarni bundan keyin umuman o‘rganmaydilar. Shunday ekan, ularning fundamental bilimlarida jiddiy bo‘shliqlar vujudga kelmaydimi? Bunday bo‘shliqlar ularning dunyoqarashi va fikrlash tarziga qanday ta’sir qiladi? Mazkur fanlarning yuqori sinflar uchun mo‘ljallangan mazmunini maktab o‘quv dasturidan chiqarib tashlash qay darajada maqsadga muvofiqligi haqida ilmiy-uslubiy hamjamiyatning fikri o‘rganilganmi?
  • Agar bir fan majburiy va tanlov fanlar bloklarida takrorlansa va bu fan bo‘yicha soatlar sezilarli darajada oshsa (ona tili, chet tili, matematika), qo‘shimcha soatlarda nima o‘rganiladi? Buyruq loyihasida Respublika ta’lim markaziga tanlov fanlar bo‘yicha namunaviy taqvim-mavzu rejalarini ishlab chiqish topshirilgan. Biroq, taqvim-mavzu reja faqatgina mavzularni o‘tish ketma-ketligi va har bir mavzu bo‘yicha o‘quv soatlarini belgilab beradi. Uni tuzish uchun fanning maqsad va vazifalarini bilish zarur. Ushbu qo‘shimcha soatlar hisobiga qanday bilim, ko‘nikma, malakaларnishakllantirish kutilmoqda? Amaldagi darsliklar kamroq soatlarga mo‘ljallanganligini hisobga olsak, o‘qituvchilar qanday manbalardan (darsliklar, o‘quv-uslubiy materiallar) foydalanadilar?
  • Xuddi shu savol faqat tanlov fan sifatida taqdim etilgan fanlarga (fizika, kimyo, biologiya) ham taalluqli. Amaldagi dastur va darsliklar haftasiga 2 soat hisobidan kelib chiqib tuzilgan bo‘lib, bu fanlar tanlov fan sifatida o‘rganiladigan sinflarda ularga haftasiga 5−6 soat vaqt ajratilgan. Bu sinflarda mazkur fanlar qanday dastur va darsliklar bo‘yicha o‘qitiladi?

Prezident matbuot xizmati “hozirda mavzularning 70 foizi kundalik hayot bilan bog‘lanmagan“ligini qayd etdi. Qiziq, bunday aniq foiz qanday uslubiyat asosida hisoblab chiqilgan va “kundalik hayot bilan bog‘lanish” nimani anglatadi? Mening nazarimda, o‘rtacha odamning “kundalik hayoti”ga asoslanilsa, fundamental fanlardan juda ko‘p narsalarni maktab dasturidan “chiqarib yuborish” kerak bo‘ladi. Masalan, kundalik hayotda odamning Yer sayyorasidan tashqariga chiqishi dargumon, unga galaktika yoki Quyosh tizimining tuzilishi haqida tasavvurga ega bo‘lishning keragi bormikan? Kundalik hayotda oddiy odam asosan to‘rtta asosiy matematik amaldan foydalanadi, tengsizliklar, funksiyalar va logarifmlarni bir chetda qoldirib, maktab matematika kursining mazmunini shu to‘rttagina amal bilan cheklash kerakmikin?

Maktabning vazifasi — o‘quvchini faqatgina “kundalik hayotga” yoki oliy ta’limga kirishga tayyorlashdan iborat emas. Maktab insonning dunyoqarashini shakllantiradi, unga tizimli fikrlash va tanqidiy tahlil qilishni o‘rgatadi. Fundamental bilimlarsiz, turli xil tashqi ta’sirlarga qarshi tura olmaydigan, zaif avlodni yetishtirish xavfini zimmamizga olmayapmizmi?

So‘nggi paytlarda “xalqaro tajriba” haqida ko‘p gapirilmoqda. Cambridge Assessment International Education bilan hamkorlik qiluvchi va ayrim fanlar (tabiiy fanlar, matematika, informatika) Kembrij dasturi bo‘yicha o‘qitiladigan prezident maktablarida yuqori sinflarda fanlarni tanlash amaliyoti joriy etilgan: o‘quvchilar to‘rtta fandan istalgan ikkitasini tanlashlari lozim. Shu bilan birga, fizika, kimyo va biologiya yuqori sinflarning o‘quv rejasiga kiritilmagan — agar o‘quvchi ushbu fanlarni tanlamasa, ularni o‘rganmaydi.

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

2021−22 o‘quv yili uchun prezident maktablari tayanch o‘quv rejasi.

Biroq, shuni hisobga olish kerakki, Kembrij dasturi aksariyat fanlar bo‘yicha siklik ravishda qurilgan: ta’limning har bir bosqichida fanning barcha asosiy bo‘limlarini qamrab olishga harakat qilingan, yuqori sinflarda esa ta’limning oldingi bosqichlarida o‘rganilgan narsalar takrorlanadi va chuqurlashtiriladi.

Masalan, o‘rta maktabni tugatish darajasi bo‘lgan va 14−16 yoshli o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan IGCSE darajasi uchun va oliy o‘quv yurtlariga tayyorgarlash uchun tuzilgan, 16−19 yoshli o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan A-level darajasikimyo darsliklarining mazmunini solishtiradigan bo‘lsak , IGCSE darajasidagi ko‘plab mavzular A-level darajasida takrorlangani va chuqurlashtirilganligini ko‘rish mumkin. Shuni yodda tutish kerakki, IGCSE darajasi aslida 10−11-sinflar hisoblanadi (Britaniyada boshlang‘ich maktab 5−11 yoshli bolalarni qamrab oladi) hamda kimyo, fizika, biologiya va geografiya fanlarini IGCSE darajasida o‘rganishdan oldin, o‘quvchi Primary va Lower Secondarydarajalarida 9 yil davomida tabiiy fanlarni o‘rganishi zarur. Ta’kidlash joizki, Buyuk Britaniyaning o‘zida yuqori sinflarda (10−11-sinflar, Key Stage 4) tabiiy fanlarni — biologiya, fizika va kimyoni — o‘rganish majburiydir.

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

IGCSE darajasi uchun kimyo bo‘yicha Kembrij darsligining mundarijasi.

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

A-level darajasi uchun kimyo bo‘yicha Kembrij darsligining mundarijasi.

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

Buyuk Britaniya milliy o‘quv dasturining tuzilishi.

Guvohi bo‘lganimizdek, O‘zbekiston Milliy o‘quv dasturi va Kembrij dasturini tayyorlashga yondashuvlar turlicha. Bunda gap yondashuvlardan biri yomon (noto‘g‘ri), ikkinchisi esa yaxshi ekanligi haqida emas. Shunchaki tarixan turlicha shakllangan yondashuvlarni ko‘rib chiqyapmiz. Va agar “sinov” maktablari bitiruvchilarining bilimlarida fundamental bo‘shliqlar bo‘lishini istamasak, birinchi navbatda, ularda 9-sinfning oxirigacha barcha zarur bilimlar poydevorini shakllantirishga harakat qilishimiz kerak (bu o‘quvchining haddan tashqari aqliy va jismoniy zo‘riqishiga olib kelmasa, albatta), ana shundan keyin yuqori sinflarda fanlarni tanlash yoki ularni dasturdan chiqarib tashlash bilan bog‘liq tajribalarni yo‘lga qo‘yish mumkindir.

Qolaversa, prezident maktablari yoki ixtisoslashtirilgan maktablar tajribasini butun mamlakatdagi umumta’lim maktablariga joriy etishga urinar ekanmiz, aytaylik, moliyalashtirish (2023-yil davlat budjetida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi 100 dan ortiq maktablarga va 10 mingga yaqin umumta’lim maktablariga kapital xarajatlar uchun teng mablag‘ ajratilgan), o‘qituvchilar va o‘quvchilarning motivatsiya darajasi, bir sinfda tahsil oluvchi o‘quvchilar soni, labaratoriyalar bilan jihozlanganlik darajasi kabi omillarning ta’lim sifatiga ta’sirini ham tadqiq qilish maqsadga muvofiqdir. Masalan, haftasiga 5−6 soatlik fizika, kimyo, biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan “sinov” sinflarida o‘quvchilar fanni chuqurroq o‘rganishlari uchun laboratoriyalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladimi?

O‘quv rejasidagi o‘zgarishlar: boshlang‘ich sinflar

Nafaqat “sinov” maktablari, balki barcha umumta’lim maktablarida kutilayotgan yana bir yangilik — boshlang‘ich sinf o‘quv rejasiga informatika fanining kiritilishidir. Mazkur fan jismoniy tarbiyaga ajratilgan soatlarni qisqartirish hisobiga haftasiga bir soatdan o‘tiladi. Vazir buyrug‘i bilan Respublika ta’lim markaziga fanning o‘quv rejasi va ta’lim standartlari bo‘yicha takliflar kiritish, Avloniy nomidagi milliy ilmiy-tadqiqot institutiga esa informatika fanidan dars beruvchi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining qisqa muddatli malaka oshirish kurslari dasturini ishlab chiqish topshirilgan.

Avval fanni boshlang‘ich sinfga kiritishdan maqsad, vazifalar va o‘quv dasturini aniqlashtirib olib, keyin o‘quv soatlarini ajratish kerak emasmi? Boshlang‘ich sinflar uchun informatika dasturining 5−11-sinflarga mo‘ljallangan — qimmat litsenziyasi O‘zbekiston uchun AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan sotib olingan — Kembrij dasturi bilan uzviyligi hisobga olinadimi?

Ma’lum qilinishicha, boshlang‘ich sinflarda xalqaro tajribaga asoslangan yangi o‘quv dasturi joriy etiladi. Bu faqat informatikaga tegishlimi yoki barcha fanlargami? Axir, 1−3-sinflarda xalqaro donorlar ishtirokida yaratilgan Milliy o‘quv dasturi joriy etilganiga va shu dastur asosida darsliklar nashr etilganiga ikki yil ham bo‘lmadi-ku? “Xalqaro tajriba” deganda o‘zi nima tushuniladi? Masalan, o‘tgan yili bot-bot gapirilgan Finlyandiyada yoki PIRLS ning so‘nggi so‘rovlarida birinchi o‘rinni egallagan Singapurda informatika boshlang‘ich sinflar o‘quv dasturiga kiritilmagan.

Ta’limni boshqarish tizimidagi o‘zgarishlar

Yana bir muhim o‘zgarish ta’limni boshqarish tizimiga taalluqli. Ma’lum qilinishicha, maktabgacha va maktab ta’limi tuman va shahar bo‘limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha vakolatlari tugatiladi. Katta ehtimol bilan bu vakolatlar yangi davlat organi — avvalroq davlat rahbari qarori bilan tashkil etilgan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga o‘tkaziladi.

“O‘quv jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish, jamiyatning zamonaviy talab va chaqiriqlariga javob beradigan yangi o‘quv rejalari, dasturlari hamda o‘quv-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish va joriy etish” maqsadida tashkil etilgan va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan mustaqil, prezident Administratsiyasiga bo‘ysunuvchi mazkur markazga ta’lim mazmunini belgilash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha juda keng vakolatlar berilgan. Markaz:

  • ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda ushbu talablar maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari uchun majburiy hisoblanadi;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-uslubiy majmualarni nashr etish, sinovdan o‘tkazish va ekspertizadan o‘tkazishni tashkil etadi (shu bilan birga, hukumat qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markaziga darsliklarning yagona maketlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan, shuningdek, bu markaz 2024-yilgacha Milliy o‘quv dasturi bo‘yicha darsliklarni ishlab chiqishni yakunlashi ham kerak edi);
  • ta’lim standartlari, o‘quv rejalari, dasturlari, darsliklar va o‘quv-uslubiy majmualarning samaradorligini tahlil qiladi va ularga qo‘yiladigan talablarni takomillashtirish choralarini ko‘radi;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari va o‘quv kurslarining moddiy-texnik jihozlanishiga qo‘yiladigan talablar, sifatini nazorat qilish va faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek, ushbu tashkilotlarda va o‘quv kurslarida ta’lim sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi.

E’tiborli jihati shundaki, endilikda maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini, shuningdek, o‘quv kurslarini litsenziyalash, attestatsiyadan o‘tkazish va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish yangi tuzlayotgan markaz bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Xuddi shu markaz ushbu ta’lim tashkilotlar uchun darsliklar va o‘quv-uslubiy majmualarni nashr etadi. Ushbu holat manfaatlar to‘qnashuviga olib kelmaydimi (“bizning darsliklarimizni sotib olmasangiz — litsenziya ham yo‘q” qabilida), hujjatda ochiqlanmagan.

maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, maktablar, ta’lim

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazining tuzilmasi.

Mohiyatan, “ma’muriy islohotlar” doirasida tugatilgan Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi (bu inspeksiya “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, hali ham nazorat qiluvchi va litsenziyalovchi vakolatli organ hisoblanadi), shuningdek, Ta’lim sifatini baholash xalqaro tadqiqotlari milliy markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, vazirlik huzuridagi Respublika ta’lim markazi va Avloniy nomidagi Milliy ilmiy-tadqiqot institutining funksiyalarining bir qismi yangi markazga o‘tkazildi.

“Ma’muriy islohotlar”dan ko‘zlangan maqsad “davlat boshqaruvining ixcham tizimini shakllantirish”, “davlat organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish” va “respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining institutsional mustaqilligini oshirish”dan iborat edi. Keng vakolatlarga ega bo‘lgan yana bir davlat organining tashkil etilishi hamda ta’lim mazmuni va sifati bilan bog‘liq asosiy funksiyalarning ushbu organga o‘tkazilishi yuqoridagi maqsadlarga qanchalik mos keladi?

Boshqa o‘zgarishlar

Direktorlarni tayinlash va o‘qituvchilarni ishga yollash borasida ham o‘zgarishlar kutilmoqda.

“Malakali rahbarlar muhitini shakllantirish maqsadida hududlarda eng tajribali direktorlardan iborat „Direktorlar kengashi“ tashkil etiladi. Endi maktab direktorlari lavozimga mazkur kengash tavsiyasi bilan ochiq tanlov asosida tayinlanadi”. Direktorlar maktabgacha va maktab ta’limi hududiy boshqarmalari tomonidan tayinlanadi. Biroq, prezident farmoni bilan joriy etilgan maktab direktorlarini mahalliy deputatlar kengashlari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi-chi? Ushbu tizimdan voz kechilishining sababi nimada?

“Maktablarni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida pedagoglarni sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni, ishga kirayotgan pedagog 1 yil davomida o‘qituvchi-stajyor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olishi kerak bo‘ladi”. Ma’lum qilinishicha, toifa berish bo‘yicha test sinovlari ikki bosqichda o‘tkaziladi, malaka sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga esa ustama haq to‘lanishi mumkin.

“Stajyor o‘qituvchi” nima degani? Uning huquq va majburiyatlari “to‘laqonli o‘qituvchi”ning huquq va majburiyatlaridan qanday farq qiladi? Sertifikat faqat qo‘shimcha ustama olish uchunmi yoki umuman o‘qituvchi bo‘lib ishlash uchun kerakmi? Qonunga muvofiq, pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi oliy ma’lumot diplomiga ega bo‘lganlar-chi? Bu prezident farmoniga ko‘ra o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi pedagogik modullarining ham bekor qilinishini anglatadimi? Bunday yangilik pedagogika oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari tinchgina o‘qituvchilikni emas, boshqa ishni tanlashlariga olib keladimi?

(Izoh: Prezidentning 2023-yil 26-maydagi PF-79 farmoni bilan 2023/24 o‘quv yilidan boshlab birinchi marta ishga qabul qilinayotgan oliy ma’lumotli talabgorlar stajyor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritishi, ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddatda kasbiy sertifikat olishi shartligi tasdiqlandi).

Ta’lim tizimida (ehtimol, boshqa istalgan sohada bo‘lgani kabi) muttasil tajriba o‘tkazish, tizimning konfiguratsiyasini, tartib-qoidalarini va mazmunini tinmasdan o‘zgartiraverish mumkin emas. Har qanday yangilik hozirgi holat va ungacha amalga oshirilgan ishlarning puxta, ilmiy asoslangan tahliliga tayanishi zarur. Aks holda, tizim boshboshdoqlikka yuz tutishi xavfi vujudga keladi, uning ko‘p sonli va qarama-qarshi qoidalarini hatto eng tajribali mutaxassis ham tushuna olmaydigan vaziyat yuzaga keladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.