2022-yilning avgust oyida Xorazm viloyati Yangiariq tumanida bir necha erkak 2006-yilda tug‘ilgan qizni zo‘rlagani aytilmoqda. Bu haqda bloger Nikita Makarenko 1-aprel kuni o‘zining Telegram kanalida xabar qilgan.

Yozilishicha, kanal o‘quvchisi mahalliy IIB bilan aloqador odamlar uning jiyanini zo‘rlagani haqida xabar bergan. U o‘z ism-sharifini oshkor etishni istamagan. Biroq agar u bilan bog‘lanishni istashsa, telefon raqamlarini Toshkentdagi huquq-tartibot idoralariga yetkazishga ruxsat bergan.

Shundan so‘ng bloger 4-aprel kuni bolalar ombudsmani Aliya Yunusova o‘sha yerga borib, holatni o‘rgangani va 11 kishidan 3 kishi hibsga olingani haqida yozdi.

Bu holat rostan ham ro‘y berganini tasdiqlash uchun Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilinganida matbuot xizmati bu xabarda noaniqliklar ko‘pligini aytdi. Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madraximova Aliya Yunusovaning holat bo‘yicha Xorazmga borganini “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

“Aliya Yunusova shu holat bo‘yicha Xorazmga borib keldi. U yerda holatni o‘rganib, qiz bilan suhbatlashdi. Shuningdek, bunda 11 kishining ishtiroki bo‘yicha holat ham nazoratda turibdi. Lekin unda aynan 11 kishining ishtirok etganini aniq bilmayman. Xabarda bo‘rttirilgan bo‘lishi mumkin. Aslida qanchaligini bilmayman. Lekin shu holat ham nazorat ostida turibdi”, — deya Aliya Yunusovaning so‘zlarini keltirdi u.

Bolalar ombudsmani o‘rganish natijalari bo‘yicha Bosh prokuratura va IIVga murojaat yuborgan. Holat yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.

Tashkilot yana bir bor bolalarga nisbatan qo‘llanadigan jinsiy jinoyatlarga og‘ir jazo turlarini qo‘llash kerak, degan pozitsiyada qat’iy turadi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida ayollar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar kunora kuzatilmoqda. Xususan, 1-aprel kuni Xorazm viloyatida oilaviy mehribonlik uyining voyaga yetmagan 3 nafar qizi viloyat adliya boshqarmasi va tuman FVV rahbarlari bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangani aytildi. 3-aprel kuni Toshkentda 27 yoshli ayol o‘zi va 3 bolasini 9-qavatdan tashlab yuborgani sabab halok bo‘ldi.

Ertasi kuni Qo‘qon davlat pedagogika instituti yotoqxonasida qizlarning xonasidan “talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash maqsadida” o‘rnatilgan yashirin kamera topildi. Buning ortidan OTM prorektori va uch mas’ul xodim ishdan bo‘shatildi.

5-aprel kuni ma’lum bo‘lgan hodisaga ko‘ra, Qashqadaryoda erkak 13 yoshli asrab olgan qizini zo‘rlagani aytilmoqda.