O‘zbekiston Senati 3 mart kuni shu kungacha tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Furqat Sidiqovni O‘zbekistonning AQShdagi elchisi sifatida tasdiqladi. Ushbu lavozimda Javlon Vahobovning o‘rnini egallaydigan Sidiqov O‘zbekistonning AQShdagi 9-elchisi bo‘ladi.

«Gazeta.uz» shu vaqtgacha AQShda elchilik qilgan o‘zbek diplomatlari haqida qisqacha ma’lumot beradi.

Muhammad Bobur Malikov

Muhammad Bobur Malikov va uning oila a’zolari AQSh prezidenti Bill Klinton bilan uchrashuvda. Foto: «Dunyo o‘zbeklari»Muhammad Bobur Malikov va uning oila a’zolari AQSh prezidenti Bill Klinton bilan uchrashuvda. Foto: «Dunyo o‘zbeklari»

1993 yil bahorida shu vaqtgacha O‘zbekiston adliya vaziri lavozimida ishlab kelgan Muhammad Bobur Malikov O‘zbekistonning AQShdagi elchisi etib tayinlangan va respublikaning okeanortidagi ilk elchisi sifatida tarixga kirgan. Uning elchilik faoliyati 1993 yil noyabriga qadar davom etgan.

Tashqi ishlar vazirligining 1993 yil 20 noyabr kuni matbuotda e’lon qilingan xabariga ko‘ra, Malikov «qobiliyat va imkoniyati O‘zbekiston-Amerika munosabatlari rivoji taqozosi darajasidagi vazifa va talablarga javob bera olmagani uchun» AQShdagi elchilikdan ozod etilib, O‘zbekistonga chaqirtirib olingan. Unga 1993 yilning 8 noyabr kuni Davlat nazorati komitetidan mas’ul vazifa taklif qilingan.

«Ammo, AQShning Toshkentdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, u oradan biroz vaqt o‘tgach, Vashingtonda paydo bo‘lib qolgan… AQShning Toshkentdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, M.Malikov shu yil 15 noyabr kuni AQShning muhojirlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi idoralariga boshpana so‘rab murojaat qilgan», — deyiladi TIVning xabarida.

O‘zbekistonning AQShdagi birinchi elchisi shundan beri ushbu mamlakatda muntazam yashab keladi.

Fotih Teshaboyev

Fotih Teshaboyev. Foto: WikimediaFotih Teshaboyev. Foto: Wikimedia

Muhammad Bobur Malikov chaqirib olingach, 1994 yil boshida Fotih Teshaboyev O‘zbekistonning AQShdagi yangi elchisi etib tayinlangan. Bungacha O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Teshaboyevning AQShdagi elchilik faoliyati 1997 yil mayiga qadar davom etgan. Bu vaqt davomida u O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili ham bo‘lgan.

Vashingtondagi faoliyatdan so‘ng, u 1997−2000 yillarda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi sifatida ham ishlagan. Fotih Teshaboyev 2005 yil 11 martda Toshkent shahrida vafot etgan.

Sodiq Safoyev

O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Sodiq Safoyev 1996 yilning kuzida respublikaning AQShdagi elchisi etib tayinlangan, 9 oktabr kuni esa prezident Bill Klintonga ishonch yorliqlarini topshirgan. Uning AQShdagi elchiligi 2001 yilga bahorigacha — AQShda prezidentlik hokimiyati Bill Klintondan Jorj Bushga o‘tguniga qadar davom etgan (u bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Kanadadagi elchisi ham bo‘lgan).

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi etib tayinlanguniga qadar Sodiq Safoyev 1993 yilda tashqi ishlar vaziri, 1993−1996 yillarda esa O‘zbekistonning Germaniyadagi, bir vaqtning o‘zida Niderlandiya va Avstriyadagi elchisi lavozimlarida ishlagan. AQShdan qaytgach, ma’lum muddat o‘tib, 2003−2005 yillarda yana tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan. U 2016 yil dekabridan buyon O‘zbekiston Senati raisining birinchi o‘rinbosari hisoblanadi.

Shavkat Hamroqulov

Prezident Islom Karimov 2001 yilning 14 may kuni Shavkat Hamroqulovni O‘zbekistonning AQShdagi elchisi etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan (farmon 16 may kuni matbuotda e’lon qilingan).

Uning AQShdagi elchilik faoliyati 2003 yil 6 oktabrga qadar — uning o‘rniga Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Abdulaziz Kamilov tayinlanguniga qadar davom etgan edi. Bu yillarni O‘zbekiston va AQSh munosabatlari tarixidagi eng faol davr sifatida qayd etish mumkin.

Ma’lumot uchun, Shavkat Hamroqulov O‘zbekistonning Belgiyadagi diplomatik vakolatxonasida ham ishlagan.

Abdulaziz Kamilov

Prezident Islom Karimov 2003 yilning 6 oktabr kuni o‘zining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Kamilovni O‘zbekistonning AQShdagi elchisi etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzolaydi (farmon matni 7 oktabr kuni matbuotda e’lon qilingan). U 2003 yil 4 dekabr kuni AQSh prezidenti Jorj Bushga ishonch yorliqlarini topshirgan.

Abdulaziz Kamilovning AQShdagi elchiligi 2010 yilga qadar davom etgan bo‘lib, bu vaqt davomida u O‘zbekistonning Kanadadagi (2004 yildan) va Braziliyadagi (2008 yildan) elchisi vazifalarini ham bajargan. Elchi lavozimiga tayinlanguniga qadar Kamilov 1994—2003 yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri edi — u TIVning AQShdagi elchi lavozimiga tayinlangan ikkinchi rahbari hisoblanadi.

Elchilikdan so‘ng u yana TIVga qaytgan va 2010−2012 yillarda tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida, 2012 yil yanvaridan to 2022 yil apreliga qadar tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat olib borgan. Abdulaziz Kamilov vazirlikni boshqarish, so‘ng AQShda elchilik qilish va keyin yana vazirlik rahbariga aylanish borasida ham ikkinchi hisoblanadi. Bungacha Sodiq Safoyev ham xuddi shunday faoliyat yo‘lini bosib o‘tgan.

Abdulaziz Kamilov 2022 yil apreldan beri O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2022 yil iyunidan buyon esa, shuningdek, O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ishlamoqda.

Ilhom Ne’matov

Ilhom Ne’matov AQSh prezidenti Barak Obama bilan birga. Foto: Oq uy matbuot xizmatiIlhom Ne’matov AQSh prezidenti Barak Obama bilan birga. Foto: Oq uy matbuot xizmati

2010 yil fevralida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi etib tayinlangan Ilhom Ne’matov shu yilning 29 mart kuni prezident Barak Obamaga ishonch yorliqlarini topshirgan. Vashingtondagi elchixonaga 2013 yilgacha rahbarlik qilish davomida u, bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Kanada va Braziliyadagi elchisi vazifalarini ham bajargan.

Ne’matov mazkur tayinlovga qadar O‘zbekistonning Hindiston (1995−1997) va Rossiya (2008−2010) davlatlaridagi elchisi lavozimlarida ham ishlagan, bir necha bor tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 2013−2014 va 2016−2018 yillarda O‘zbekiston TIVning alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Baxtiyor G‘ulomov

2013 yilning 18 iyul kuni Baxtiyor G‘ulomov O‘zbekistonning AQShdagi elchisi sifatida ushbu mamlakat prezidenti Barak Obamaga ishonch yorliqlarini topshirgan. Uning Vashingtondagi elchilik faoliyati 2017 yil apreliga qadar davom etgan; u bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Kanada va Braziliyadagi elchisi ham hisoblangan.

AQShdagi elchixona rahbari etib tayinlanguniga qadar G‘ulomov O‘zbekistonning Belgiya (2010−2013 yillarda), Germaniya (2005−2009), Shveysariya (2007−2009, qarorgohi Berlinda), Shvetsiya (2008−2009, qarorgohi Berlinda) va Chexiya (2008−2009, qarorgohi Berlinda) davlatlaridagi elchisi bo‘lgan, 2010−2013 yillarda u O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi missiyalariga rahbarlik qilgan.

Javlon Vahobov

Javlon Vahobov AQSh prezidenti Donald Tramp bilan birga. Foto: «Jahon» axborot agentligiJavlon Vahobov AQSh prezidenti Donald Tramp bilan birga. Foto: «Jahon» axborot agentligi

Javlon Vahobov 2017 yil oktabrida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi etib tayinlangan, 1 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Trampga ishonch yorliqlarini topshirgan. U 2018 yil noyabridan O‘zbekistonning Kanadadagi, 2021 yil iyuldan esa Braziliyadagi elchisi vazifasini ham bajargan.

Uning elchiligi davrida O‘zbekiston davlat rahbari ikki marta AQShga tashrif buyurdi — prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda 2017 yili BMT Bosh assambleyasi majlisida qatnashgan bo‘lsa, 2018 yili AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgan edi.

Javlon Vahobov O‘zbekistonning AQShdagi elchisi etib tayinlanguniga qadar 2013−2015 yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, 2015−2017 yillarda esa tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Uning yana tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda.

Furqat Sidiqov

Furqat Sidiqov. Foto: TIV matbuot xizmatiFurqat Sidiqov. Foto: TIV matbuot xizmati

Oliy Majlis Senati 2023 yil 3 mart kuni O‘zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimiga Furqat Sidiqov nomzodini ma’qulladi. Sidiqov mazkur tayinlovga qadar 2022 yil noyabridan buyon tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi (bungacha, 2020 yil mayidan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari edi).

Vashingtonda xizmat olib borish 52 yoshli Sidiqov uchun yangilik emas — u 2002−2007 yillarda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida atteshe, 2011−2015 yillarda esa birinchi kotib lavozimlarida ishlagan. Bo‘lajak elchilik Sidiqov uchun ikkinchisidir — u 2015−2020 yillarda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi edi.