Ijtimoiy tarmoqlarda bola o‘g‘irlash bilan bog‘liq holatlar haqidagi xabarlar ko‘payib borayotgani munosabati bilan Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Nilufar Isaxonova brifing o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, 2023 yil boshidan buyon shu mazmundagi 6 ta xabar tarqaldi va ular o‘rganildi. Natijada xabarlarning xech biri o‘z tasdig‘ini topmadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 5 yil davomida Toshkent shahrida birorta ham bola o‘g‘irlash holati qayd etilmagan.

Ammo bolalarning yo‘qolib qolishi bilan bog‘liq holatlar uchrab turadi. Xususan, 2022 yilning o‘zida Toshkent shahrida 231 nafar voyaga yetmagan bola bedarak yo‘qolgan, shundan:

  • 32 nafari 10 yoshgacha bo‘lgan;
  • 32 nafari 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan;
  • 167 nafari 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlarni tashkil etgan.

Tahlillarga ko‘ra, aksariyat hollarda voyaga yetmaganlar o‘z ixtiyori bilan uylarini tark etgan. Yuqoridagi holatlarning barchasida bolalar topilib, oilalariga qaytarilgan.

Toshkent shahri IIBB fuqarolardan asossiz va tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslik, har qanday shubhali vaziyatda hududiy profilaktika inspektorlari, maktablarga biriktirilgan psixolog-inspektorlar, tuman IIB boshliqlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosarlariga yoki eng yaqin ichki ishlar bo‘limining 102 raqamiga murojaat qilishlarini so‘radi.

31 yanvar kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgani haqida xabar berilgandi. Shundan beri bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, ularni o‘g‘irlash kabi holatlar jamoatchilik e’tibor markazida turibdi.

Xususan, fevral oyi boshida poytaxtda maktabdan qaytayotgan bolalarni noma’lum shaxslar o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lgani aytilgan videoxabar tarqaldi. IIV esa xabarlar asossiz ekanini bildirdi. Bu holatda bolalar mashinaga muz bo‘lagini tepgan, avtomobildagi o‘quvchi esa ularni ichki ishlarga olib borishini aytib qo‘rqitgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi maktab yaqinida erkak kishi yosh bolaning qo‘lidan ushlab tortgani va bola undan qochib ketgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat o‘rganilgach, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi 1994 yilda tug‘ilgan erkak spirtli ichimlik iste’mol qilib, 2011 yilda tug‘ilgan bolani to‘xtatib, uni savol-javobga tutib, qo‘lidan qo‘yib yubormasdan, mayda bezorilik qilgan deb topdi va 10 sutka qamoq jazosi tayinladi.

Erkak esa holatni: «Shoshilib yugurib ketayotganida to‘xta, yiqilib tushasan, degan ma’noda to‘xtatgandim», — deya izohladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 9 yoshli bolani keksa ayol qorong‘i joyga olib borgani va bola undan qo‘rqib qochib ketgani haqidagi xabarlarga ham aniqlik kiritildi.

Unga ko‘ra, keksa yoshdagi ayol boladan qo‘lidagi xaltalarni ko‘tarishda yordam berishini so‘ragan. Voyaga yetmagan A.A. keksa ayolga yordamlashgan. Yo‘lda noma’lum erkakni ko‘rib qolgach, bola qorong‘i tushganini aytib, uyi tomonga yugurib ketgan. Keksa ayol va noma’lum erkak tomonidan unga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilmagan deb topilgan.

Yana bir holatda esa Toshkent viloyati Ohangaron shahrida 3 nafar ayol bola o‘g‘irlamoqchi bo‘lgani rad etilgan. Viloyat IIBB ayollar dori sotib yurgani va mahalliy aholi ulardan shubha qilganini bildirgan.