O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklari kapitalining monandligiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Loyiha 7 martga qadar muhokamaga qo‘yildi.

Regulyativ kapital — bank faoliyatini tartibga solish va prudensial normativlar hisob-kitobini amalga oshirish maqsadida hisob-kitob qilish yo‘li bilan aniqlanadigan bank kapitali. U I va II darajali kapitalning yig‘indisidan iborat.

Bugungi kunda konsolidatsiya qilinmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kapitaliga qo‘yilgan barcha investitsiyalar summasi, shu jumladan, bunday xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kapitalini tashkil etuvchi qarz majburiyatlari birinchi darajali kapitaldan chegirib tashlanadi. Regulyator bunda, istisno tariqasida, 2023 yil 1 dekabrgacha qayta tiklanadigan (energiya tejovchi) energiya manbalarini, jumladan, yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, quyosh panellari va kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirishni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan investitsiyalarni nazarda tutmaslikni taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, Markaziy bank qayta tiklanadigan (energiya tejovchi) energiya manbalarini ishga tushirish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga 2023 yilning 1 dekabriga qadar ajratilgan kreditlar bo‘yicha risk darajasini nollashtirishni taklif etdi.

Ehtimoliy oqibatlar

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, agar shunday qaror qabul qilinsa, 2024 yilda O‘zbekiston muammoli kreditlar (NPL) bo‘yicha ikki xonali raqamlarga duch kelishi mumkin, chunki qayta tiklanadigan manbalar uchun ajratilayotgan kreditlarning muammolilik darajasi kommunal sohaga (UJMSH va boshqaruv kompaniyalariga) va oilaviy tadbirkorlik uchun yo‘naltirilayotgan imtiyozli kreditlardan katta farq qilmaydi. 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 3,6 foizni (13,99 trln so‘m) tashkil etadi.

Uning fikricha, kelajakdagi quyosh elektr stansiyalarini qurishning texnik-iqtisodiy asoslari va parametrlari yo‘qligi vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.

«Chunki qaror qabul qilish, moliyalashtirish, xaridlar va ta’minotni rasmiylashtirish jarayoni to‘liq davlat va hokimiyat organlari tarafidan ma’muriylashmoqda. Risklarni baholash va bozor o‘lchovlarini hisobga olish butunlay chetda qolgan», — deydi u.

Iqtisodchi 2023 yil 1 dekabrgacha qayta tiklanadigan energiya manbalarini moliyalashtirish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha risklarni nolga tushirishni «iqtisodiy populizm» deb atadi.

«Markaziy bank hukumatga yoqish uchun bunday takliflar berishi emas, hukumatni bunday harakatlardan tiyishi kerak aslida. Qolaversa, yuqori risk profiliga ega bo‘lgan aktivlar risk darajasini nollashtirish Bazel qo‘mitasining Bazel-III standartlariga ham mutlaqo ziddir», — dedi u.

«Gazeta.uz» Markaziy bankka bu bo‘yicha so‘rov yubordi va javob kutmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni Toshkentda qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish uchun 1 milliard dollar ajratish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Xususan, ko‘p qavatli turar joy binolari, ijtimoiy soha obyektlari, davlat idoralari va xususiy korxonalar, sanoat zonalari, avtoturargohlar va yirik suv inshootlari binolariga quyosh batareyalari o‘rnatiladi.

Prezident 16 fevral kuni 2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Hujjatda 1 maydan boshlab foydalanishga topshirilayotgan ko‘p qavatli turar joy binolari tomining bo‘sh qismining kamida 50 foiziga quyosh batareyalarini o‘rnatish talabi keltirilgan.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qurilmalarni o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar 1 apreldan ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i, u egallab turgan uchastkalar uchun yer solig‘i va ishlab chiqarilgan energiyani sotishdan olingan foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida Andijon va Navoiy viloyatlarida aholi quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Hokimliklar jarayon «faqat tavsiya sifatida» va «hech bir majburlovlarsiz» kechayotganini bildirdi. Panellarni o‘rnatish uchun imtiyozli kreditlar taklif etiladi.