«Mushtum» jurnali tashkil etilganiga 18 fevral kuni 100 yil to‘ldi. Ushbu nashrda bir asr davomida chiqqan hajviy, tanqidiy surat va maqolalar minglab muammo va masalalarning hal qilinishiga, kamchiliklarning tuzatilishiga yordam berdi. U qay bir davrda jadidlarning ko‘zgusi, keyingi davrda sovetlarning targ‘ibot quroli bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin, ammo har doim o‘zi ko‘rgan illatlar, muammolar, kamchiliklarga zarba berishga, ularni yo‘q qilishga intilgan.

«Mushtum» — millatimiz mulki, 100 yildan beri nomi o‘zgarmay kelayotgan noyob, zo‘r tarix", — deydi 2007 yildan beri jurnal bosh muharriri lavozimida ishlab kelayotgan Nosirjon Toshmatov. «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda u «Mushtum» qanday qilib 100 ga to‘lgani, jurnalga hozirgi kundagi munosabat qandayligi va 100 yillik to‘yni qanday tasavvur qilgani haqida gapirib berdi.

«Mushtum» qanday qilib 100 ga to‘lgani haqida

Hajviy yo‘nalishdagi bu jurnal o‘zbek xalqi uchun juda dolg‘ali, tahlikali davrda dunyoga kelgan. Unga Abdulla Qodiriy va G‘ozi Yunus birgalikda asos solgan; jadidlar jurnalning dastlabki sonlarini o‘rtada pul yig‘ib, uyda ishlab chiqargan, shuningdek, o‘sha davrning ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan boy insonlari ham qo‘llab-quvvatlab turgan. 1-sonda Qodiriy tomonidan jurnalga oq yo‘l sifatida yozilgan maqolada «Mushtum»ga u zolimlarning emas, balki mazlumlarning mushtidir, deya ta’rif berilgan. Yelkadagi yuk boshidanoq juda katta bo‘lgan.

Davlat va jamiyatdagi illatlar tasvirlangan dolzarb karikaturalari, o‘tkir feleton va maqolalar sabab dastlabki soni 3 ming nusxada chiqqan jurnal xalq orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib, 1970−1980 yillarga kelib oyiga 1,5 mln nusxada chiqa boshlagan. Umuman, bu davrda SSSRning deyarli barcha respublikalarida targ‘ibot quroli sifatida foydalanilgan hajviy-tanqidiy jurnal bo‘lgan, masalan, Rossiyada «Krokodil» («Timsoh»), Tojikistonda «Xorpushtak» («Tipratikan»), Ozarbayjonda «Kirpi», Turkmanistonda «Tokmak», Qozog‘istonda «Ara» («Ari») kabi. Adashmasam, hozirgacha ularning ikki yo uchtasigina chop etilmoqda.

«Mushtum» jurnalining barcha bosh muharrirlari. Foto: Shohrux Haydarov / «Gazeta.uz»«Mushtum» jurnalining barcha bosh muharrirlari. Foto: Shohrux Haydarov / «Gazeta.uz»

Mustaqillikning ilk yillaridagi iqtisodiy qiyinchiliklar, sinovlar bosma matbuotga ham ta’sir ko‘rsatib, tirajlar tushib boraverdi. Hozir jurnal 5 ming nusxada chop etilyapti. Umuman, shu vaqtgacha «Mushtum» ikki marta faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘lgan. Birinchi safar — Ikkinchi Jahon urushi tufayli 1941−1951 yillarda; ikkinchi marta esa koronavirus pandemiyasida, iqtisodiy qiyinchiliklar sababli ishni ma’lum vaqt to‘xtatib turdik. Oradan bir yil o‘tib, 2021 yildan jurnal yana chiqa boshladi.

«Mushtum» qanday qilib shu kungacha saqlanib qoldi? Xalqimiz kulgisevar, so‘zni san’at darajasida ishlatadi, satiraga munosabati yaxshi — shu bois hali ham mushtariylar bor, mushtariylar sababli jurnal ham tirik. Bundan tashqari, «Mushtum»ning hamon nafas olishiga beminnat yordam berib kelayotgan sahovatpesha vatandoshlarimizni ham e’tirof etib o‘tish zarur — ular sharofati bilan millatning ma’naviy xazinasi qo‘llab-quvvatlanmoqda.

«Mushtum»ga munosabat haqida

«Mushtum» millatmiz mulki, jadid bobolarimiz ko‘zgusi, 100 yildan beri nomi o‘zgarmay kelayotgan noyob, dahshatli zo‘r tarix. Xorijdan biror ijodkor O‘zbekistonga kelsa, Navoiy, Qodiriy haykallari ziyoratiga, muzeylarga olib boriladi, televideniyeda ko‘rsatiladi. Nega shu mehmonlar «Mushtum»ga ham olib kelinmaydi? Jadidlar asos solgan va hali ham nashr etilayotgan jurnal ular uchun ham juda qiziq bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

«Mushtum» o‘z vaqtida juda katta xajv maktabi edi. O‘zbek adabiyotining aksariyat taniqli namoyandalari — Qodiriy bobomizdan tortib Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, O‘lmas Umarbekov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf kabi juda ko‘plab shoir va yozuvchilar o‘z asarlari bilan «Mushtum»da qatnashgan.

Bundan tashqari, mazkur jurnal o‘nlab avlodlarning xajvga, yumorga, tanqidga munosabatini shakllantirdi. Shu bois «Mushtum»ning har bir sonini noyob manba deb e’tirof etish mumkin. Unda chiqqan bitta karikatura yoki xajviyaning o‘zini asos qilib ham ilmiy daraja yoqlash mumkin.

абдuлла қодирий, jurnaliстика, интервью, matbuot, мuштuм, мuштuм jurnali, носиржон тошматов, tanқид, tarix

Yaqin-yaqingacha ham, pandemiya boshlangunicha ham «Mushtum»dagi chiqishlar sabab yuzlab, minglab muammolar hal bo‘lgan. Sovet davrida «Mushtum»da kichkina bir narsa chiqsa ham, amaldorlar shu muammo bilan shug‘ullanib, yechimini topardi. Hozirgi rahbarlar esa e’tibor ham qaratmaydi.

Jurnaldagi materialni mas’ul rahbarga yuborsangiz, javob ham kelmaydi, natija ham yo‘q. Har bir amaldor o‘zini tashqi axborotdan himoyalaydigan matbuot kotibiga ega. Ular tizimdagi muammoga qarshi kurashish o‘rniga, kamchilikni yashirish va tan olmaslikka, o‘zini himoyalashga urinadi. Har holda, bu mening kuzatuvlarim.

Mamlakatni kim boshqarishidan qat’i nazar, «Mushtum» har doim jamiyat illatlarini, hukumat kamchiliklarini olib chiqqan va hozir ham shunday. Ko‘pchilik: «Nega sizlarga indashmaydi?», deydi. Eshitib hayron qolaman — kim va nega indashi kerak? Nohaq bo‘lsakkina «tepa»dan kimdir gapirishi, bosim qilishi mumkin.

Karikaturalarda ham, hajviyalarda ham hamma ko‘rib turgan, real muammolar olib chiqiladi. 15 yildan beri muharrirlik qilayotgan bo‘lsam, shu vaqtgacha qanchadan-qancha raddiyalar kelgan. Bir material ortidan salkam 6 yil sudlashdik. Ammo, haq bo‘lganimiz uchun ham jurnalda raddiya bermadik. Birorta raddiya bermaganmiz.

«Mushtum»ning kelajagi haqida

So‘nggi yillardagi asosiy maqsadimiz jurnalning qog‘oz variantini kuchaytirib olish edi. Bunga asta-sekin erishyapmiz. Endi onlayn faoliyatni ham kuchaytirish haarkatidamiz. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda «Mushtum»ning sahifalari ochilgan, muntazam yuritilmoqda. Lekin baribir bosma nashrlarga e’tibor qaratish zarur. Bu esa faqat tahririyatning qo‘lidagi narsa emas.

Matbuot bozorini yo‘lga qo‘yib, rivojlantirish kerak. Masalan, jurnalni viloyatlarga yetkazish juda katta muammo, u yerlarda butun boshli matbuot do‘konlari yo‘q bo‘lib ketgan. Xuddi bosma matbuotning rivojlanmasligidan ayrim kuchlar manfaatdordek. OAVning bu yo‘nalishiga ham kuchli e’tibor, yordam kerak. Har bir hokimlik binosi, ta’lim maskanlari va bozorlarga kiraverishda gazeta do‘konlarini tashkil etish lozim. Gazeta va jurnalga ko‘zi tushaversa, odamlarning o‘qishga qiziqishi paydo bo‘ladi.

To‘g‘ri, hozir zamon shiddatli, internet juda kerak, qulayliklari cheksiz, o‘zimiz ham undan foydalanamiz, yuqorida ta’kidlaganimdek, jurnalning internetda targ‘ib qilyapmiz ham. Ammo odamlar internetdagi materiallarni uzog‘i bilan bir haftacha o‘qishi, kuzatishi mumkin. Keyin unutadi. Bosma nashrlar esa yillar davomida tarix bo‘lib qolaveradi. Xuddi hozirgi, 100 yillik «Mushtum» singari.

«Mushtum»ning 100 yillik to‘yi qanday o‘tishi kerak edi?

Odamlarda «hukumat yordam bersa, e’tibor qaratsa, hammasi yaxshi bo‘lib ketar», degan tushuncha shakllanib qolgan. Bir asrlik mafkura bizni shunday kayfiyatga o‘rgatib qo‘ygan. Islom Karimov davrida ham shu mafkura bilan yashadik — u gapirsa yo e’tibor qaratsa, o‘zgarish bo‘ladi, yo‘qsa — yo‘q. «Tepa»ning kayfiyatiga qarab ishlash va yurish odatga aylanib qolgan. Bu yaxshi emas, albatta.

Jurnal jamoasi «yuqoridagilar unday qilib bersa, bunday yordamlashsa» degan fikrdan yiroq; balki kimdadir «falonchi mukofotlanishi kerak», degan fikrda bordir — mukofotlansa ham 49 yildan beri «Mushtum»ga rasm chizadigan Husan Sodiqov loyiq, biror unvoni yo‘q. Biz faqat yubileyni munosib o‘tkazish bo‘yicha ba’zi idoralarga xat bilan chiqdik, takliflarimizni bildirdik.

абдuлла қодирий, jurnaliстика, интервью, matbuot, мuштuм, мuштuм jurnali, носиржон тошматов, tanқид, tarix

Xatlarimizda jurnal yubileyida askiyachilar, dorbozlar ishtirokida sayillar o‘tkazishni, Qodiriy, Cho‘lpon va jurnal rivojiga hissa qo‘shgan boshqa ko‘plab ijodkorlarning personajlari sahnalarga chiqishini, ularning ijod namunalari o‘qilib, xalqning kayfiyatini ko‘tarishni o‘ylagandik. Har bir viloyat markazida katta konsertlar uyushtirishni taklif qilgandik.

Lekin bu xatlarimiz, takliflarimiz natijasini ko‘rmadik. To‘g‘ri, jurnal tashkil topgan sana o‘tib ketdi. Balki inobatga olib qolishar, yil endi boshlandi-ku.