Toshkentdagi 584 ta mahallaning har biriga O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘zTTJ) mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mdan ajratiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 fevral kuni bu haqdagi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent mahallalarining infratuzilmasini rivojlantirish, havo harorati keskin sovib ketishi davrida talafot ko‘rgan mahallalardagi ichki yo‘llar, piyodalar yo‘laklari, muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini ta’mirlash va obodonlashtirish uchun Toshkent hokimligiga 584 mlrd so‘m miqdoridagi foizsiz kredit ajratiladi.

Mazkur kredit mablag‘larining 200 mlrd so‘mi 2023 yilning IV choragida, 384 mlrd so‘mi 2024 yilning har choragida teng ulushlarda Toshkent shahar mahallik budjetining qo‘shimcha manbalari hisobdan jamg‘armaga qaytariladi.

Prezident matbuot xizmati 8 fevral kuni poytaxt mahallalariga moliyalashtirish manbasini ko‘rsatmagan holda qo‘shimcha 1 mlrd so‘mdan budjet mablag‘lari ajratilgani haqida xabar bergan edi.

Joriy yilda Toshkentdagi mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini obodonlashtirish uchun 1,4 trln so‘m (yuqoridagilarni hisobga olmaganda) yo‘naltiriladi.

Shuningdek, «Tashabbusli budjet» doirasidagi loyihalarga 573 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda aholining o‘zlari loyihalar taklif etib, ularga ovoz berishadi.

Mablag‘lar qanchalik maqsadli sarflanadi?

Qarorda qayd etilishicha, tuman hokimliklari mahallalar raislari bilan birgalikda mahallalarning ifnratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarning ro‘yxatlarini xalq deputatlari tuman kengashlari yig‘ilishida muhokama qilib, tasdiqlashlari lozim.

2021 yilning aprelida prezident Shavkat Mirziyoyev har bir mahallaga, holatidan kelib chiqib, o‘rtacha 2 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratish buyicha topshiriq bergan edi. Davlat rahbari Toshkentning Yashnobod tumanida avval ahvoli og‘ir bo‘lgan Parvoz mahallasiga ham borganidan so‘ng shunday qarorga kelgandi.

Ko‘p o‘tmay, shaharni obodonlashtirish to‘lqini bosib ketdi. Biroq bu jarayonni shaharliklar «shafqatsizlik» deb atashdi. Ichki yo‘llarni yangilash, katta bordyurlar o‘rnatish bilan birga tuman hokimliklari tomonidan jalb etilgan ishchi-xizmatchilar ko‘p qavatli uylarda yashovchilar tomonidan parvarishlanayotgan gulzorlar payhon qilinib, butalar ildizi bilan qo‘porib tashlashdi. Katta maydonlar, jumladan, bolalar maydonchalari va avtoturargohlar betonlashtirildi.

Shu yilning yozida Qonunchilik palatasi deputati Nodir Abduvaliyev Toshkent aholisi mahallalarni obodonlatirish borasida bekorda shikoyat qilmayotganini ma’lum qildi. Uning fikricha, ayrim holatlarda qurilish ishlaridan keyin «mahallalar bor fayzu tarovatidan mahrum bo‘lmoqda».

sentabrda Shavkat Mirziyoyevning o‘zi xalqning puli samarasiz sarflanayotgani, hali o‘g‘riliklar va korrupsiya ko‘pligini ta’kidladi. U poytaxt mahallalarini asfaltlashtirishni misol qilib keltirdi. «Yo‘llarga katta qilib yarim metrli bordyur qilyapti. Baraka topgur, mashinalar poyga o‘ynaydimi, buncha katta qilib, bordyur qilib nima qilasan?» — dedi prezident.

oktabr oyida esa Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvida mahallalarga yiliga 2 mlrd so‘m ajratish amaliyoti davom etishini, ajratilayotgan mablag‘ miqdori esa besh barobarga, ya’ni 10 mlrd so‘mga yetkazilishini aytdi. Buning uchun poytaxt hokimligi huzurida mahallalarni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish rejalashtirilgan edi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumaniga tashrif buyurib, mahallalaridan birining ahvolidan nihoyatda norozi bo‘ldi. U Toshkent tumanlariga 30 mingdan ortiq ishchi shtat ajratilganini, 2022 yilda mahallalar sharoitini yaxshilash uchun 12 trln so‘m mablag‘ ajratilganini eslatdi. Tuman hokimining olti-yetti o‘rinbosari, to‘rtta sektor mudiri, mahallalar va boshqaruv shirkatlari raislari bunday oddiy vazifalarni bajarmaydi, aholi bilan muloqot o‘tkazmaydi, dedi davlat rahbari.