2022 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari hamda mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi kerak edi. Bu prezidentning 2021 yil 6 iyuldagi qarorida ko‘zda tutilgan, biroq oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tsa ham, tegishli qonun qabul qilinmadi.

«Gazeta.uz» Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan bog‘lanib, hujjatning qabul qilinishi qaysi bosqichda ekanini so‘radi.

Agentlikning xabar berishicha, ular BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki va «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nohukumat tashkiloti takliflari asosida 2020 yilning noyabr oyida daromad va mulkni deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqqan.

2021 yil avgust-cyentyabr oylarida qonun loyihasi Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Oliy sud, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda kelishib olindi va yakunlandi.

2021 yil 10 noyabr kuni Adliya vazirligi huquqiy ekspertiza natijalariga ko‘ra qonunni qabul qilish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida ijobiy xulosa berdi va hujjatni prezident Administratsiyasiga yubordi.

2021 yil 13 noyabrda qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan edi. Biroq hukumat hujjatni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etgani yo‘q.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, qonun loyihasi 4 bob va 24 moddadan iborat bo‘lib, quyidagi masalalarni tartibga soladi:

  • davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolari daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalashni tartibga solishning umumiy qoidalari;
  • deklaratsiyalarni topshirish tartibi;
  • deklaratsiyada aks ettirilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar;
  • deklaratsiyani tekshirish tartibi.

Shu bilan birga, hujjatda davlat xizmatchilarining daromadlari va mulki deklaratsiyasini ikki bosqichda joriy etish taklif etiladi:

1-bosqich — prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat va hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari;

2-bosqich — boshqa davlat xizmatchilari (yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bundan mustasno).

Eslatib o‘tamiz, daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya nazarda tutadigan davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunni 2017 yil sentabr oyida qabul qilish rejalashtirilgan edi, ammo bu muddat bir necha bor qoldirilgan edi. Sana esa 2020 yil 1 yanvar va 2021 yil 1 yanvar edi. May oyining oxirida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov prezident davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini dedeklaratsiyalash tizimini joriy etishni tezlashtirish to‘g‘risida ko‘rsatma berganini ma’lum qilgandi.

O‘tgan yilning avgust oyida Burxonov qonun loyihasi va davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash tizimi tayyor ekanini ta’kidlagan. Keyinchalik u qonun loyihasi xalqaro tashkilotlar e’tirozlari bo‘yicha takomillashtirilayotganini qo‘shimcha qildi.

Noyabr oyi oxirida parlament quyi palatasi Senatga kiritilgan, lekin hali ham qabul qilinmagan «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi (hujjat haqida batafsil) qonunni qabul qildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari o‘z idorasi tomonidan davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq minglab holatlar aniqlangani, biroq qonunchilik bazasi yo‘qligi sababli bunday holatlarni bartaraf etish muammoli ekanini ta’kidladi.