O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges, hokimliklar va viloyat Xalq ta’limi bo‘limi axborot xizmatlari ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, o‘qish Navoiy viloyatida 19 yanvardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Namangan, Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida 23 yanvar, dushanbadan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 5 yanvar kuni keskin sovuq munosabati bilan barcha ta’lim muassasalarida ta’til 17 yanvarga qadar uzaytirilgan edi. Biroq 10 yanvar kuni O‘zbekiston hukumati viloyat hokimiyatiga ob-havo va muayyan hududlar va ta’lim muassasalaridagi sharoitga qarab ta’til jadvalini mustaqil belgilashga ruxsat bergani ma’lum bo‘ldi.

10 yanvardan 11 yanvarga o‘tar kechasi aksariyat viloyatlar hokimliklari 11 yanvardan o‘qishni qayta boshlashini ma’lum qildi, sovuq davom etayotganiga qaramay, Qoraqalpog‘istonda ham 12 yanvardan o‘qishni davom ettirish rejalashtirilgan edi. Biroq oradan bir-ikki kun o‘tib, hudud rahbarlari qarorni qayta ko‘rib chiqdi va o‘quv jarayoni boshlanishini 16 yanvarga qoldirdi.

«Yuksalish» umumxalq harakati yangi hafta oldidan maktab va bog‘chalarni ochishga shoshilmaslikka chaqirdi.

Shunday bo‘lishiga qaramasdan, hududlar ta’lim muassasalarini ochishga to‘liq tayyor emas edi. Ko‘pgina ota-onalar farzandlarini uyda qoldirishni to‘g‘ri deb bilishdi — sinf xonalarda bir nechta o‘quvchilar bor edi, xolos. Oradan bir-ikki kun o‘tib, hokimliklar o‘qish boshlanishi 16 yanvarga, keyin esa 18 yanvarga qoldirilgani haqida xabar berishdi.