Sog‘liqni saqlash vazirligi aholining abonent raqamlariga «Dok-1 Maks» dorisini sotib olmaslik haqida ogohlantiruvchi SMS-xabar yuborishni boshladi.

«Dok-1 Maks preparatini sotib olamang! Farzandlaringiz salomatligini asrang», — deb yozilgan vazirlik yuborgan SMSda.

«док-1 макс», смс-xabar, ссв

Xabardan skrinshot

Biroq SSV bu haqda 19-bola o‘limidan keyingina aholini ogohlantirishni boshladi. Shuningdek, vazirlik xabarda nega aynan bu dorini sotib olmaslik (dori tarkibida zaharli modda — etilenglikol bor) haqida ma’lumot bermagan.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston ishlab chiqaruvchisi Marion Biotech tomonidan «Dok-1 Maks» dorisini qabul qilgan bolalarning o‘limi Mamatqul Azizovning 15 dekabrdagi xatidan ma’lum bo‘ldi. Unda aytilishicha, oxirgi 2 oyda 21 nafar bemor shu dori vositasini qabul qiligandan so‘ng nojo‘ya ta’siri bilan murojaat qilgan. Bemor bolalarda asosan anuriya kuzatilgan.

«17 ta bolalarda kasallik nihoyatda og‘ir kechdi. Hatto bir necha gemodializ seanslarini o‘tkazishga ham to‘g‘ri keldi. 15 nafarida o‘lim holati kuzatildi», — deyiladi maktubda.

Shundan so‘ng, 22 dekabrdan boshlab ushbu dori vositasining butun O‘zbekiston bo‘ylab sotuvi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda «Quramax Medical» MCHJ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborilgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, bolalar ombudsmanı Aliya Yunusova Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridan 18 nafar bola vafot etgani haqida xabar berdi. Keyinroq Qashqadaryoda sirop ichgan yana bir bola vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev «Dok-1 Maks» Max siropini qabul qilgan bolalar o‘limi haqidagi ma’lumotlar vazirlikdan yashirilganini aytdi.

Davlat xavfsizlik xizmati ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va import qiluvchi «Quramax Medical» kompaniyasi va Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi mansabdor shaxslari hibsga olingani haqida ma’lum qildi.

29 dekabr kuni «Dok-1 Maks» siropini qabul qilib vafot etgan bolalar haqida xabar bergan Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori, professor Mamatqul Azizov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani haqida SSV «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.