Mimar Group qurilish kompaniyasi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi birlashgan majmuasini qurish loyihasining bosh pudratchisi hisoblanadi. Buni 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov tasdiqladi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Avval xabar berganimizdek, onkologiya markazi hamda uning poytaxt va Toshkent viloyatidagi filiallarini (u ham Toshkent shahrida joylashgan) yagona kompleksga birlashtirish rejalashtirilmoqda. Bino 8 qavatdan iborat bo‘lib, unda statsionar davolanish uchun 650, kunduzgi statsionar 100 o‘rin mavjud. Poliklinikasi esa 500 qatnovga mo‘ljallangan.

Dastlab prezidentning 2021 yil 21 maydagi qarorida ko‘zda tutilgan yangi joyga faqat Respublika onkologiya va radiologiya markazini ko‘chirish rejalashtirilgan edi. Unda markaz Toshkent tibbiyot akademiyasi poliklinikasining bo‘sh bo‘lgan hududida (Olmazor tumanidagi tibbiyot shaharchasida joylashgan «Yangi ToshMI») joylashishi aytilgan. Hujjatda boshqa onkologik klinikalarni bir kompleksga birlashtirish nazarda tutilmagan.

Yaqinda ma’lum bo‘ldiki, hozirgi shifoxona binolari «yangi majmua qurish xarajatlarini qoplash uchun» Ye-auksion orqali onlayn autsionga qo‘yiladi. Savdo bo‘yicha auksionda g‘olib chiqqan tadbirkor yangi majmuaga ko‘chib o‘tish tugaguniga qadar ikki oy davomida sobiq poliklinikalar hududida hech qanday qurilish ishlarini olib bormaslik talab etiladi.

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bino va inshootlarining umumiy maydoni 39457,6 kv. m, u joylashgan 9,47 gektarlik yer uchastkasi boshlang‘ich narxi 281,78 mlrd so‘m; shahar filiali (4,6 gektar va 15891 kv.m) — 160,5 mlrd so‘m, Toshkent viloyati filiali (2,68 gektar va 12298 kv. m) — 92,09 mlrd so‘m evaziga auksionga qo‘yilgan.

Jurnalistlarning takroriy savollaridan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev qurilishni moliyalashtirish uchun obyektlarni sotish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar Mahkamasining 11-oktabrdagi yopiq qarori (xizmat foydalanish uchun hujjat) bilan qabul qilinganini tan oldi.

Koç Construction advokati Navro‘zbek G‘afarovning aytishicha, yagona onkologik majmua qurilishi 1 apreldan boshlangan.

«Hukumatning tegishli qarori asosida Mimar Group kompaniyasi bilan eng yaxshi takliflarni tanlash asosida shartnoma tuzishga qaror qilindi. Buyurtmachi sifatida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi „Yagona buyurtmachi xizmati“ belgilagan. Xalqaro standartlarga javob beradigan obyektni qurish uchun Koç Construction hamkorlik doirasida Mimar Group bilan subpudrat shartnomasini imzoladi. Aprel oyidan beri quryapmiz», — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, takliflarni saralash bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi komissiya shug‘ullangan, biroq uning tarkibini oshkor eta olmadi.

Sog‘liqni saqlash tizimi infratuzilmasini rivojlantirish va ekspluatatsiya qilish boshqarmasi boshlig‘i Shodiyor Mamatqulov ham bu haqdagi qaror Vazirlar Mahkamasining 11 oktabrdagi qarori bilan tasdiqlanganini ta’kidladi. Qaror nima uchun qurilish ishlari boshlanganidan olti oy o‘tib qabul qilindi, degan savolga u shunday javob berdi: «Men oxirgi chiqqan qarorni eslatib o‘tdim, ungacha ham boshqa qaror bor edi. Har bir qaror bir-birini to‘ldiradi».

Hukumat qarorining tartib raqamini ayta olmasligini, chunki «yopiq» ekanini aytdi. Jurnalistlar qarorda davlat yoki harbiy sirlar mavjud emasligi sababli uni yopib qo‘ymaslik kerak, deb e’tiroz bildirishdi.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov oydinlik kiritishga urinib ko‘rdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining may oyida qabul qilingan (eslatib o‘tamiz, qurilish aprel oyida boshlangan) birinchi qarori Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yagona majmuasini qurish hamda hozirgi markazni yangi joyga ko‘chirishga tegishli edi.

«Ishchi guruh uchta shifoxonani bir joyga jamlash konsepsiyasining ahamiyatini inobatga olgan holda xalqaro tajribani o‘rgandi va oradan ikki oy o‘tib, iyul oyida markazning yana ikkita shifoxonasini (poytaxt va Toshkent viloyati filiallarini — tahr.) qo‘shish to‘g‘risida ikkinchi qaror chiqdi», — deb tushuntirdi u.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari «Markaziy Osiyoda muqobili yo‘q» bunday zamonaviy majmuani qurish uchun hamma mahalliy kompaniyalar ham yetarli malakaga ega emasligini ta’kidladi.

«Hurmatli prezidentimiz istisno tariqasida hukumatga eng yaxshi taklifni tanlashga ruxsat berish huquqiga ega. Siz bizdan yaxshi bilasiz», — dedi u.

Amrillo Inoyatov Vazirlar Mahkamasining qarori yopiq ekanligini takrorladi. «Dastlabki ma’lumotlar»ga tayanib, u majmua qurilishiga 600 mlrd so‘m (taxminan 53,3 mln dollar) ajratilganini aytdi. Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi majmuani texnologik jihozlash uchun 80 mln dollar ajratilgani haqida xabar bergan edi.

Mimar Group haqida

Kompaniya saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, MIMAR Group — xususiy qurilish kompaniyasiga 2020 yili asos solingan bo‘lib, yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirishga — turar joylar qurilishidan tortib, sanoat va ijtimoiy obyektlarni qurishga ixtisoslashgan.

KTYADRga muvofiq, kompaniya o‘tgan yilning iyulida ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — turarjoy binolarini qurishdan iborat. Ta’sischilar etib, Alisher Abdubasitovich G‘aniyev (56,75%) va Kozimbek O‘tkirovich Yaminov (43,25%) ko‘rsatilgan, rahbari — Feruzbek Davronov.

Kompaniya shuningdek, 71 gektar maydonda Tashkent INDEX savdo-ishlab chiqarish majmuasi kompleksini qurish loyihasini ham amalga oshirgan. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» bog‘i qurilishi, «Shahidlar xotirasi» majmuasi rekonstruksiyasi, Chirchiq daryosi yoqasida olimpiya shaharchasi qurilishi va boshqa loyihalarda ishtirok etgan. Qator loyihalarni kompaniya tendersiz, hukumatning yopiq qarorlari asosida olgan.

OAV ma’lumotlariga Mimar Group Akfa guruhi kompaniyalari tuzilmasiga mansub. Kompaniya o‘z tabriklarida Toshkent hokimi, Akfa asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayevni «hurmatli ustoz» deb atagan.