2022 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston davlat qarzi qoldig‘i 26 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 35,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligining «O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi»da ma’lum qilindi.

Shundan, davlat tashqi qarzi — 23,2 mlrd dollar, ichki qarzi — 2,77 mlrd dollarni tashkil etadi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining mamlakatlar iqtisodiyotiga bag‘ishlangan hisobotiga ko‘ra, davlat qarzi bugungi kunda «mo‘’tadil» darajada hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil davomida O‘zbekiston davlat qarzi 2,9 mlrd dollarga ko‘payib, 26,3 mlrd dollarni yoki YAIMga nisbatan 38 foizni tashkil etgandi. Tashqi qarzning 25,2 foizi yoki 5,9 mlrd dollar davlat budjeti uchun jalb qilingan.


Manba: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Davlat qarzini makroiqtisodiy barqaror darajada saqlash va uni samarali boshqarish yuzasidan amalga oshirilayotgan choralar hamda milliy valyuta almashuv kursining barqarorligi sharoitlarida respublika iqtisodiyotining yuqori sur’atlar bilan o‘sishining ta’minlanishi natijasida 2021 yildan boshlab davlat qarzining YAIMga nisbati barqarorlashishi kuzatildi.

Xususan, I yarim yilligida YAIM real o‘sish sur’ati 5,4 foizni tashkil etdi, valyuta kursi o‘zgarishi barqaror (0,2 foiz) darajada deyarli o‘zgarmagan holda saqlab qolindi.

Shu bilan birga, yil boshidan davlat qarzi qoldig‘i (AQSh dollari ekvivalentida) bir foizga kamaydi. Bunda, davlat budjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan birga 792,5 mln AQSh dollari miqdoridagi davlat qarzi so‘ndirildi.

Diversifikatsiya natijasida yanvar-iyun oylari davomida davlat tashqi qarzi portfeli tarkibidagi valyuta kurslaridagi o‘zgarishlar (yapon iyenasi, SDR va yevro) qarz qoldig‘ining kamayishiga olib keldi.

«2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq 2022 yil uchun hukumat nomidan va davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd AQSh dollari miqdorida, chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 6 trln so‘m miqdorida belgilandi.

O‘tgan 6 oy davomida yangi imzolangan davlat tashqi qarz bitimlarining hajmi 1,6 mlrd AQSh dollarini hamda Davlat budjetini moliyalashtirish uchun chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmi 2 trln so‘mni tashkil etdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Davlat tashqi qarzi

Davlat tashqi qarzi qoldig‘i I yarim yilligi davomida 302,9 mln AQSh dollarga kamayib, 23,3 mlrd AQSh dollarni yoki YAIMga nisbatan 31,4 foizni tashkil etdi. Shundan, O‘zbekiston nomidan jalb qilingan tashqi qarz — 16,9 mlrd AQSh dollarni yoki davlat tashqi qarzining 72,8 foizini, davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz — 6,4 mlrd AQSh dollarni yoki davlat tashqi qarzining 27,2 foizini tashkil etdi.

Davlat tashqi qarzining tarmoqlar kesimida taqsimoti

Yanvar-iyun oylari yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 25,8 foizi yoki 6,0 mlrd AQSh dollari davlat budjetini qo‘llab- quvvatlashga, 11,8 foizi yoki 2,7 mlrd AQSh dollari elektr-energetika sohasiga, 12,8 foizi yoki 3 mlrd AQSh dollari energetika sohasiga, 10,6 foizi yoki 2,5 mlrd AQSh dollari transport va transport infratuzilmasiga, 10,4 foizi yoki 2,4 mlrd AQSh dollari qishloq va suv xo‘jaligiga, 9,5 foizi yoki 2,2 mlrd AQSh dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat tashqi qarzining iqtisodiyot tarmoqlari kesimida taqsimlanishi (01.07.2022 y. holatiga)

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Shuningdek, Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan davlat tashqi qarzi qoldig‘ining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (5,4 mlrd AQSh dollari), Jahon banki (4,4 mlrd AQSh dollari) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd AQSh dollari) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tashqi qarzni qonun nuqtai nazaridan olayotgani, qolaversa, shuning hisobiga ham oylik, ham metro bo‘layotganini ta’kidlagandi.

Avvalroq Moliya vazirligi prognozlariga ko‘ra, 2022 yil yakuniga davlat tashqi qarzi 30,4 mlrd dollarni yoki YAIMga nisbatan 41 foizni tashkil etishi xabar qilingan edi.

Avgust oyining boshida esa senatorlar davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagandi. Bu ko‘rsatkichning maksimal miqdori YAIMga nisbatan 60% etib belgilangan. Davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkin. Uni samarali boshqarish uchun esa uch yillik strategiya ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Senatorlar savoliga javoban moliya vaziri o‘rinbosari Odiljon Isakov bu ko‘rsatkich oldinga qo‘yilgan maqsad emasligini ma’lum qilgandi.

«Bu limit yuqori chegara, maqsad emas. Hozirgi kunda davlat qarzining YAIMga nisbati 37 foizni tashkil qilyapti. Yil oxiriga borib, bu 40 foiz atrofida bo‘lishi kutilyapti. Ya’ni, biz yana 20 foiz bufer olganmiz», — degan edi u.