Hukumatning 15 noyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni mamlakat hududiga kimlar olib kirishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi, deya xabar bermoqda Norma.uz.

Hujjatga muvofiq, respublika hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlar, (va butlovchi qismlarini) olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki foydalanishga quyidagi subyektlarga ruxsat beriladi:

  • Turizm va madaniy meros vazirligi;
  • Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining «Geoinnovatsiya markazi» DUK;
  • «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi;
  • YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy komissiyasi.

Respublika hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarining belgilangan tartibda majburiy deklaratsiya qilinadigan tranzitidan tashqari qonunga xilof ravishda olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi. Bu jinoiy javobgarlikka va uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, qaror bilan vazirlik, idoralar va xo‘jalik subyektlariga Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari asosida uchuvchisiz uchadigan apparatlarni va ularning butlovchi qismlarini olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.

Mamlakat turizm salohiyati to‘g‘risida foto va videomateriallar tayyorlash uchun xorijiy ijodiy guruhlarga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni respublika hududiga vaqtincha olib kirish, saqlash va ulardan foydalanish uchun ruxsatnoma Turizm va madaniy meros vazirligining iltimosnomasiga asosan Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning Chilonzor tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun videokamerali dronlar, kuzatuv kameralari va tashvishli videoxabarlar tizimidan foydalanilishi xabar berilgandi.