O‘zbekiston Yevropa Ittifoqida kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Rossiya milliarderi Alisher Usmonov va uning singlisi Gulbahor Ismoilovaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha lobbini ilgari surmoqda. Bu haqda, muhokamalardan xabardor manbalarga tayanib, Financial Times yozmoqda.

Alisher Usmonov fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan ilk kunlarda Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga tushgan dastlabki 26 rossiyalikdan biri edi. Sanksiya ro‘yxatida qayd etilishicha, Alisher Usmonov Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainani beqarorlashtirishga mas’ul bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi rasmiylarini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishi mumkin.

Uning singlisi Gulbahor Ismoilova esa Usmonovning bir qator mulklari, xususan, 600 million dollarlik «Dilbar» yaxtasining egasi bo‘lgani bois sanksiyalarga tushgan.

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari Yevropa Ittifoqi vakillari bilan uchrashuvlarda Usmonovga nisbatan joriy etilgan sanksiyalardan xavotir bildirgan. Toshkentning ta’kidlashicha, tadbirkorga qarshi sanksiyalar, jumladan, mulklarining muzlatib qo‘yilishi va safarlarning taqiqlanishi milliarder boyligining bir qismini O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya qilib kiritish imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan, deb yozadi FT.

Nashrning qayd etishicha, agar Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni bekor qilishdan bosh tortsa, Bryusselga qarshi sudda Toshkent Alisher Usmonovga yuridik yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi FT’ning ushbu holat yuzasidan izoh berish to‘g‘risidagi so‘rovlariga javob bermagan. Usmonovning vakili esa O‘zbekiston hukumatining harakatlariga izoh bera olmasligini ma’lum qilgan, biroq sanksiyalar «haqiqatan ham investitsiya va xayriya loyihalariga xalal berayotgani»ni tan olgan.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan yanada mustahkam aloqalar o‘rnatishga intilmoqda, chunki mintaqa Ukrainadagi urush ta’sirida Rossiya bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Biroq, Financial Times suhbatlashgan bir necha yevropalik amaldorlarning ma’lum qilishicha, Usmonov va Ismoilovaga nisbatan sanksiyalarning bekor qilinishi tomon tashlangan va Yevropa Ittifoqining barcha 27 a’zosi yakdil roziligini talab qiluvchi har qanday qadam hozirda sansiyalar ostida qolayotgan va ikki fuqarolikka ega boshqa o‘nlab rossiyalik oligarxlar bo‘yicha ham munozaralarni yuzaga keltirishi mumkin.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar haqidagi hujjatida yozilishicha, Alisher Usmonov — «Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ayniqsa yaqin bo‘lgan kremplparast oligarxdir».

«Uni Vladimir Putinning sevimli oligarxlaridan biri deb atashadi. U moliyaviy oqimlarga xizmat ko‘rsatish ishonib topshirilgan rossiyalik amaldor-biznesmenlardan biridir, ammo u kabilarning ahvoli prezidentning irodasiga bog‘liq», — deyiladi Yevropa Ittifoqining sanksiya ro‘yxatida.

Alisher Usmonov (boyligi — 14,6 milliard dollar) — USM xoldingi asoschisi va uning asosiy aksiyadori (49 foiz). «Metalloinvest» va «Megafon» kompaniyalari USM’ga tegishli.

Biznesmen O‘zbekistonda Islom sivilizatsiya markazi qurilishini moliyalashtirmoqda, O‘zbekistonning madaniy merosini saqlab qolish bo‘yicha loyihalarni, xususan, modernizm arxitekturasini regeneratsiya qilish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda. U bilan bog‘liq Rossiya kompaniyalari «Kapitalbank», «Ohangaronsement», Toshkent metallurgiya zavodi, Ucell va boshqa o‘zbek shirkatlaridagi ulushlarni sotib olgan, shuningdek, mahsulotlarni markirovkalash va kuzatishni monitoring qilish bo‘yicha «Asl belgisi» tizimi ishida qatnashmoqda.