Zamonaviy Toshkent shahridagi mahalla — ko‘pxonali o‘rta qavatli turar-joy binolari joylashgan tumanlardan iborat bo‘ladi. Ko‘chalarda transport vositalarining tezligi pasayadi, uning harakati qisman cheklanadi, ko‘plab velosipedchilar va piyodalar va gullab-yashnayotgan biznes muhiti yaratiladi. Zamonaviy mahallaning bunday tasavvurini Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasini ishlab chiquvchilar taklif qildi.


«Asosiy maqsad — aholi uchun qulay bo‘lgan shahar barpo etish. Qulay shahar — bu birinchi navbatda, xavfsiz va sog‘lom shahar degani. Shuning uchun biz ekologiyaga, yashil hududlar sonining ortishiga va borlarini saqlab qolishga e’tibor qaratamiz», — deb «Gazeta.uz»ga «ToshkentboshplanLITI» loyiha-tadqiqot instituti shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Saidazim Sharipov xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «ToshkentboshplanLITI» mutaxassislari kelajakda transportlarning erkin harakati ta’minlangan, tor ko‘chalar va uzumzorlar mavjud bo‘ladigan to‘rt qavatli imoratlar qad rostlagan mahalla qiyofasini taqdim etdi.


«Bunday hayotni ta’minlash uchun avtomobil yo‘llarining bir qismidan o‘tishga ruxsat bermaslik, harakat tezligini kamaytirish yoki ko‘chalarni faqat jamoat transporti uchun qilish, velosiped yo‘laklarini qurish orqali ko‘chalarni toraytirishni taklif qilamiz. Shu bois avtoulovchilarni bu hududni chetlab o‘tishga majburlaymiz», — dedi Saidazim Sharipov.

Bundan tashqari, bunday mahallalarda hayot sifati sezilarli darajada yaxshilanadi, shovqin darajasi pasayadi, bolalar xavfsizligi ta’minlanadi.


Uning qo‘shimcha qilishicha, faqat piyodalar, velosipedchilar, jamoat transporti va taksilar kirishi mumkin bo‘lgan ko‘chalar jahon amaliyotida savdo, restoran biznesi, ko‘ngilochar va madaniy hayot muvaffaqiyatli rivojlanayotgan sayyohlik markazlariga aylanib bormoqda.

Bunday ko‘chalar qayerdandir boshlanib, boshqa ko‘chaning davomi bilan tugashi juda muhim, dedi Saidazim Sharipov. Shundagina bunday ko‘chalar iqtisodiy foyda keltira boshlaydi.


«Hozircha bu bizning [kichik nohiya] mikrorayon va mahallalarimizni ushbu konsepsiyaga moslashtirish taklifi. [Bunday transport ssenariysi] tumanlarning qavatlar soni va qurilish zichligini aniqlashda hisobga olinadi», — dedi Saidazim Sharipov.


Mutaxassislar bosh rejani ishlab chiqishda bir necha turdagi aholi punktlarini aniqladilar, deydi mutasaddi vakil. Ular orasida bir-ikki qavatli imoratlari bo‘lgan tarixiy mahallalar, ma’lum reja asosida qurilgan, ko‘chalar iyerarxiyasi va boshqa ko‘chalar bilan bog‘langan hududlar mavjud. Shuningdek, ko‘p qavatli turar-joy uylari va tartibsiz, bir ikki qavatli uylari bo‘lgan mahallalar mantiqiy ko‘chalar tarmog‘iga ega bo‘lmagan, transport aloqasi yomonlashgan tumanlar ham bor. Har bir turdagi ko‘cha uchun alohida rivojlanish qoidalari ishlab chiqiladi.