23 oktabr kuni soat 17:30 larda Andijon viloyati Shahrixon tumani Qo‘rg‘oncha MFY hududidan o‘tgan, A-373 “Toshkent-O‘sh” xalqaro avtomobil yo‘lining 402 kmda Spark va Cobalt avtomobillari bir-biri bilan to‘qnashishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Shundan so‘ng, Sobalt xaydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqqa urilgan va yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan hamda harakatlanib kelayotgan boshqa bir Cobalt avtomobiliga borib urilgan.

Oqibatda kelib urilgan Cobalt rusumli avtomobilining dvigatel qismida qisqa tutashuv sodir bo‘lib, avtomashinada yong‘in kelib chiqqan.

Kelib urilgan Cobalt salonidagi yo‘lovchisi turli darajada jarohatlar olib, tuman SHTTYOBga yuborilgan.

Vazirlikning xabar berishicha, hodisa oqibatida xalok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.

Andijon viloyati YHXB matbuot xizmatining 24 oktabr kuni “Gazeta.uz"ga bergan ma’lumotida aytilishicha, Cobalt yo‘lning qarama-qarshi tarafiga otib ketganida ikkinchi Cobalt bilan to‘qnashmagan. Ikkinchi Cobalt birinchisi bilan to‘qnashuvni oldini olish uchun rulni o‘ngga burganda boshqaruvni yo‘g‘otib, yo‘l yoqasidagi betonga urilgan.

Shuningdek, ikki kishi jarohatlangani ma’lum qilindi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.