Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Pbs nashriga bergan intervyusida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojarolar juda muammoli tus olayotganini qayd etib, tomonlar o‘zaro manfaatli kelishuv doirasida urushga tezroq barham berishi kerakligini ta’kidladi.

«O‘zbekistonda prezident Putin bilan juda qizg‘in suhbat olib bordik. U menda urushning tezroq yakun topishini hoxlagandek taassurot qoldirdi. Chunki hozir vaziyat juda muammoli tus olmoqda», — dedi Erdog‘an.

Shuningdek, Ukrainada tinchlik o‘rnatiladigan bo‘lsa, albatta, bosib olingan yerni qaytarish juda muhim ekanligini ham qayd etdi. «Bu kutilayotgan narsa. Janob Putin bu borada muayyan qadamlar qo‘ydi. Biz ham huddi shunday qildik. Bosqin qilingan yerlar Ukrainaga qaytariladi», deya qo‘shimcha qildi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 200 nafar garovga olinganlar Moskva va Kiyev o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra almashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 15−16 sentabr kunlari Samarqand shahrida SHHT sammiti bo‘lib o‘tgandi. Unda a’zo va kuzatuvchi davlatlar ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralar olib bordi.