XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida «O‘zbekfilm» kinokonsernining yangilangan paviloni namoyish etildi va «Bahodir Yalangto‘sh» tarixiy filmining suratga olish ishlariga start berildi, deya xabar bermoqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati.

Film afsonaviy Samarqand Registonining yaratuvchisi — Bahodir Yalangto‘sh haqida hikoya qiladi. U Registon maydonida «Sherdor» va «Tillakori» madrasalarini bunyod etgan. Filmga Jahongir Axmedov rejissyorlik qilmoqda. Yangi pavilonda kinofestival mehmonlari «Bahodir Yalangto‘sh» tarixiy filmining birinchi epizodi suratga olinganini ko‘rishdi.

Yangi panoramali pavilon zamonaviy badiiy va texnologik saviyada filmlar suratga olish imkonini beradi. Ta’kidlanishicha, ilgari yirik blokbasterlar va jangovar filmlar xromakey yordamida suratga olingan bo‘lsa, bugun Stage Craft texnologiyasidan foydalanish bilan hammasi global miqyosda o‘zgaradi.

«Texnologiya bitta pavilonning o‘zida yuqori sifatli tasvirni olish imkonini beradi. Qimmatbaho dekoratsiyalar o‘rniga sahnaning orqa tomoniga kerakli atmosferani to‘liq yetkazib bera oladigan yirik choksiz LED panellar o‘rnatildi. Natijada virtual olamning yuqori sifatli tasviri ekranda aks ettiriladi va operator kamerasiga hech qanday qiyinchiliklarsiz bog‘lanadi», — deyiladi xabarda.